Kuni kecha yurtimiz tarixi uchun yana bir manfaatli tamal toshi qo‘yildi. Xususan, O‘zbekiston Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni kengaytirishi har jihatdan maqsadlidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning muhim masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda ikkala mamlakatlar o‘rtasidagi izchil muloqotlar jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlarda do‘stona bog‘liqlik yaqqol ko‘rinib turibdi. Joriy yil may oyidagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar natijador bo‘lgani, siyosiy muloqotlar mustahkamlanib borayotgani, asosiysi ikki davlat bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi 5 barobar, qo‘shma korxonalar soni 3 barobarga ko‘paygan. Aynan joriy yil hisobiga o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshgan, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Chunki, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi.
Shuningdek, kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning bir yechimi sifatida Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va amalda joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.
Umuman olganda, bu ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari ko‘p yillar xizmat qiladi. Har ikki davlat bir-birini hurmat qiladi, o‘zaro manfaat va yordamga intiladi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish lozim, O‘zbekistonning Xitoy bilan munosabatlari sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi hamda bu ikki davlatning bir-biri bilan uzoq muddatli strategik hamkor ekanligidan dalolat bermoqda. Bu ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga va hozirgi zamon talablariga to‘laligicha mos va xosdir.
O‘rol O‘razboyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.