Ko‘chalarga ovozli svetaforlar o‘rnatiladi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar Kengashidagi Media markazida “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor dolzarb masalalar yuzasidan qulay jismoniy muhitni yaratish to‘g‘risida qonunchilik talablarining amalga oshirilishi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Toshkent shahar transport boshqarmasi, O‘zbekiston Ko‘zi Ojizlar Jamiyati, Toshkent shahar hokimligi mutaxassislari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Davra suhbatida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etilgan holda oldinda turgan vazifalar xususida mulohaza yuritildi.

“Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, partiya fraksiyasi a’zolari, Xalq deputatlari Toshkent shahar mahalliy Kengash deputatlari o‘rganish ishlarini olib bordi. Qaror bilan 2022 yil yakuniga qadar «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Nurli maskan» maktablari hududida «Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maxsus maydoncha»larini tashkil etish hamda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l belgilarini o‘rnatish choralarini ko‘rish belgilangan edi.

Ishchi guruhi maktab internati hududida belgilangan talablar asosida maxsus maydonchada darslar berib kelinayotgani, Toshkent shahrining Cho‘pon ota ko‘chasiga “eksperiment” sifatida ovozli svetafor o‘rnatilganini aniqlagan. Bundan tashqari, Cho‘pon ota ko‘chasining boshlanishidan to chorrahaga qadar haydovchilarni ogohlantiruvchi belgilar ya’ni 7.15 “Ko‘zi ojiz piyodalar” yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Biroq, chorrahalarga ovozli svetaforning o‘rnatilishi esa bir qancha qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgani oydinlashdi. Masalan, chorrahaga kirib kelgan piyodaga qaysi tomonga qizil chiroq va qaysi tomonga yashil chiroq ekanligini bildirishda muammo bor.

Mirobod tumani Qo‘yliq 1 daha, Bayot MFY hududida esa 125 nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar istiqomat qiladi. Aholi bilan muloqot chog‘ida ovozli svetaforlarni aynan ular yashaydigan hududlar atrofidagi ko‘chalarga qo‘yishni so‘rashgan.

— Ishchi guruh tomonidan, shuningdek, Toshkent shahrining yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishi uchun qulayliklari o‘rganilgan. Nogironlarning jamoat transportidan foydalanishi, yo‘llarda harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilmoqda, so‘nggi yillarda bu borada sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz, ammo ba’zi kamchiliklar hamon ko‘zga tashlanmoqda, — dedi Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O‘zXDP Toshkent shahar Kengashi raisi Nigora Eshmetova. — Bekatlarda nogironlik aravachasidagi fuqarolar yomg‘ir yoki qor yoqqanida bekatdan chiqishga qiynaladilar, bekatlar yerdan biroz balandda, lekin unga chiqish uchun maxsus joy yo‘q.

Yig‘ilishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l belgilarini o‘rnatish, jamoat transporti, ijtimoiy, yo‘l–transport va boshqa infratuzilmani nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishini ta’minlovchi texnik vositalar bilan bosqichma-bosqich jihozlash bo‘yicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Mavjud muammo va kamchiliklar o‘rtaga tashlandi, ularning yechimi yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, bahslashildi. Mas’ul tashkilotlar bilan tegishli choralar ko‘rishga kelishib olindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish