Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ayollarning ishtiroki yanada oshadi

 

Bugun, 30 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dastlab, fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasini amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, Saylov kodeksining 70-va 91-moddalariga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu boradagi xorijiy tajriba ham o‘rganilgan bo‘lib, xususan, Yevropa davlatlarida 40-50 foiz ko‘rsatkichni tashkil etsa, MDH davlatlarida ham ayollar uchun kvotalar turlicha 25-30 foiz atrofida belgilangan. Masalan, Rossiya, Belarus va Tojikistonda ayollar uchun kvotalar nazarda tutilmagan. Armanistonda 25 foiz, Qozog‘istonda ayollar bilan birgalikda yoshlar va nogironlar 30 foiz, Qirg‘izistonda esa, nomzodlarning ko‘pi bilan 70 foizi bir jins vakili bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning muhimligini, birinchi navbatda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning amaliyotga samarali joriy etilishiga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shu bilan birga, bugungi kunda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ayollarning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash uchun ularning vakillik organlaridagi ulushini yanada oshirish maqsadga muvofiqligi e’tirof etildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatovga “Respublika aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish