Siyosatdagi ayollar: Katta hayot maktabini yaratgan ayol

Har kimning o‘z hikoyasi va o‘ziga yarasha kechinmalari bo‘ladi. Baland cho‘qqilarni zabt etishni ko‘zlagan inson qiyinchiliklarni yengib, har gal qoqilganidan so‘ng ust-boshini qoqib, yo‘lini davom ettirib ketadi. U yoki bu sohada dong taratish, ishining ustasi bo‘lish yoki shaxsiy munosabatlar borasida omadi chopishi ham insonning o‘ziga va tanlagan yo‘li, hayotdan olgan saboqlariga ham bog‘liqdir.

To‘g‘ri xulosa chiqarish, har qanday vaziyatda ham yengilmaslik, muvaffaqiyatga erishgan insonlarning tajribasini o‘rganish qaysidir ma’noda turtki bo‘lishi mumkin. Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan inson jamiyatda, oilada o‘z o‘rnini topgan va barcha ayol-qizlar uchun namuna bo‘ladigan, qalblarga iliqlik beruvchi mehribon ayol, go‘zal inson Guliston (Matyoqubova) Annaqilicheva bo‘ladilar.

Aytish joiz, butun hayoti va faoliyatini xalq dardi bilan bog‘lagan, xalq g‘amiga hamdard bo‘libgina qolmay, uning istiqboli uchun qayg‘urgan fidoyi ma’rifatparvar ayollarimizning hayot yo‘li biz uchun chinakam ibrat maktabidir. Biz Guliston Annaqilichevani mana shunday hulq-atvori, maftunkorligi, g‘ayrati, shijoati kuchli inson sifatida tan olamiz.

Xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish - xalqimizda azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. Zero, ayol - hayotimizning fayzi va ko‘rki, mazmuni, xonadonlarimiz farovonligining kafolati hisoblanadi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini ko‘tarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bizning partiyamizda ham yurtimizning taraqqiyotida baholi qudrat hissa qo‘shib kelayotgan faol xotin-qizlarni juda ko‘plab uchratish mumkin. Guliston Annaqilicheva 42 yildan beri uzluksiz deputat bo‘lib saylangan xotin-qizlardan biridir. Albatta, yarim asrga yaqin vaqt mobaynida deputat bo‘lish, xalqning dardini eshitish, unga yechim topib berish har kimning xam qo‘lidan kelmasa kerak.

Bugungi kunda «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasi bosh muharriri lavozimida ishlab kelayotgan qahramonimiz o‘z mehnat faoliyatini 1964 yilda boshlagan.

Guliston Annaqilicheva 1980-1982 va 1982-1984 yillarda Xalq deputatlari To‘rtko‘l tuman kengashi deputati, 1984-2015 yillar davomida, 6 chaqiriqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, 2005-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasiga deputat qilib saylanib, parlamentchilik faoliyatini takomillashtirishda katta tajriba to‘plagan.

U Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo munosabatlar qo‘mitasining a’zosi sifatida keng faoliyat olib borib, O‘zbekiston Parlamenti delegatsiyasi tarkibida Xitoy, Hindiston mamlakatlarida bo‘lgan va bu davlat parlamentlari faoliyatini o‘rganib, qator maqolalari bilan matbuotda faol ishtirok etgan. Shuningdek, G. Annaqilicheva O‘zbekiston XDP ning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi sifatida qator seminar va tadbirlarni o‘tkazishda tashabbuskor va tashkilotchi bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

2015 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi. 2020 yil G.Annaqilicheva ikkinchi marta Oliy Majlis Senati a’zosi qilib saylandi. U Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida sohada olib borilayotgan islohotlarga katta hissa qo‘shib, faoliyat olib bormoqda.

Guliston Annaqilicheva deputatlik faoliyati davomida 200 dan ortiq xonadonlarda bo‘lib 500 dan ortiq fuqarolarning yashash sharoitlarini o‘rgangan. Faoliyati davomida 20 marotaba sayyor qabullar o‘tkazib, ulardagi mavjud muammolarni yechish uchun turli tashkilotlarga ko‘plab deputatlik so‘rovlari yuborgan. Shuningdek, mavjud muammolarga yechim topish, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident qaror va farmonlari ijrosi yuzasidan xalq deputatlarining doimiy komissiyasi yig‘ilishlariga 40 ta hamda sessiya yig‘ilishlariga 30 ta masala kiritgan.

Guliston Annaqilichevaning mehnat faoliyati va ijodi chin ma’nodagi vatanparvarlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu ishlarga hamohangdir. Unga har qancha havas qilsa arziydi. Millionlab ayol-qizlarning orzusidagi namuna qilib ko‘rsatuvchi bir siymo deya ta’riflasak arziydi.

Guliston Annaqilicheva respublikada taniqli ijodkor, jurnalist va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida tanilgan jamoat arbobi. Ijodi davomida 40 dan ortiq kitoblari o‘zbek, qoraqalpoq, rus va boshqa tillarda chop etilgan. Bunday qaynoq ijod har kimga nasb qilmasa kerak. Bu uyqusiz bedor tunlar, ko‘p o‘qish, ko‘p yozishning samarasi, albatta.

Guliston opa hozirgi kunda ham ijod bilan band. Uning Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan nashr qilingan «Ko‘ksimdagi nur» (2022 y) to‘plami «Adib va jamiyat» ruknida O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi «Ijod» fondi orqali chop qilindi. «Maxtimquli 1-2 tom» (2022) kitobi o‘zbek tili tarjimasida, «Qoraqalpoq kengliklari» (2023) kitoblari nashr qilindi.

Shuningdek, shoiraning she’rlari Turkiya she’riy almanaxlarida turk tilida, Turkmaniston jurnallarida turkman tilida, Germaniyada 2002 yili “Sharq she’riyati” kitobida nemis tilida bosib chiqarilgan.

Shoiraning bir necha asarlari rus tiliga o‘girilib, kitob bo‘lib bosildi. “Zemlya otsov” (1986), “Prekrasnoye chuvstvo” (1989) nomli kitoblari turli yillarda yozilgan she’riy va nasriy asarlari majmuasidan iborat. Muallifning “Izbrannoye” ikki tomlik kitobi (2015) rusiy zabon o‘quvchilar uchun munosib tuhfadir. Ushbu kitoblar va internetdagi «Stixi RU», «Proza RU» saytlarida e’lon qilingan 300 dan ortiq nasriy va nazm asarlari uchun Moskvadagi «Iskusstvo narodov mira” Xalqaro Assotsiatsiyasining laureati unvonini olgan. Shu bilan birga Guliston opa kinossenarist sifatida ham muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. U «Mehrli dunyo», «Taqdir yo‘llari», «Guloyim va Arslon», «Ustyurtga yo‘l» kinossenariylarining muallifidir. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida taniqli rejissor A.G‘aniyev bilan hamkorlikda «Ustyurtga yo‘l» badiiy filmi yaratildi.

2019 yilda shoiraning “Guloyim” opera uchun librettosi kompozitor N.Muxammeddinov bilan hamkorlikda sahnaga qo‘yildi.

Adibaning iste’dodli qoraqalpoq haykaltaroshi J.Quttimurodov haqida yozgan “Qaytmoq uchun ketmoqdaman” essesi 2002 yilda “Tafakkur” jurnalining eng sara asarlari tanlovida birinchi sovringa sazovor bo‘ldi.

Guliston Annaqilicheva o‘z jurnalistik faoliyati davomida 2006 yil Xotin-qizlar qo‘mitasining «Guloyim» gazetasiga, 2011 yil yanvar oyidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar Uyushmasining «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetalariga asos soldi. Hozirda bu gazetalar o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lib kelmoqda.

2019 yildan e’tiboran Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy ma’rifiy ishlar targ‘ibotchilar guruhi sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Guliston Annaqilicheva ijod bilan birga, davlat va jamiyat ishlarini ham qo‘shib olib bordi. Mehnat faoliyati davomida To‘rtko‘l tuman gazetasining Bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi kotibi, Jo‘qorg‘i Kengesi Qo‘mita raisi, Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, «Qoraqalpog‘iston tongi» gazetasining Bosh muharriri lavozimlarida ishladi.

Onalar haqida gapirganimizda ularni ulug‘ zot, shunday buyuk yaratuvchi, mo‘jizaviy xilqat, muqaddas inson sifatida ko‘ramiz. Insonga hayot bag‘ishlovchi, uni yashashga undovchi fazilatlarini to‘liq tasvirlab bo‘lmaydi. Shu onalar singari Guliston opa haqida xam shunchaki yozib bo‘lmaydi. U haqida yurakning to‘ridan muhabbatga qorishgan so‘zlar bilan yozish kerak. Chunki, Guliston opa barchamiz uchun katta hayot maktabini yaratgan. Uning bosib o‘tgan yo‘llari barchamizga dars beradi.

Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, jamiyat va oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, intellektual va ma’naviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shunday islohotlarning amalga oshirilishida Guliston Annaqilicheva singari minglab onalarimiz, ayollarimiz bir safda turib, farovon hayot, buyuk kelajak uchun intilmoqda.

Guliston opa haqida qancha gapirsak xam kamlik qiladi, menimcha. Unga havas qilmaydigan, undan o‘rnak olmaydigan ayol kam bo‘lsa kerak. Har bir qadamida haqiqiy mo‘jiza yaratib kelayotgan ustozimizning izdoshi bo‘lish men singari qizlarning orzu havasi desam yanglishmagan bo‘laman. Jamiyatda, hayotda yorug‘ yulduz kabi yaraqlab, ziyo nurini taratuvchi Guliston opa baxtimizga hamisha omon bo‘lsin.

 

Gulnaz Dalibayeva,

O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi

xotin-qizlar bilan ishlash sektori mudiri.

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish