Inson hayoti davomida ko‘p yaxshi ishlar qilishga intiladi. Mamlakatimiz mustaqil bo‘lganda 11 sinfni bitirdim, o‘qishga kirdim. 1991 yil 1 noyabrda partiyamiz tashkil topganda, otam Umaraliyev Akbarali birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safiga kirgan. Farzand uchun otasi har doim ideal inson bo‘ladi va menga o‘g‘lim XDPga a’zo bo‘lgin, bu partiya mustaqil O‘zbekistonda birinchi partiya va savobli partiya, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlaydigan partiya deya maslahat bergan va 1992 yilda men O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi bo‘lganman.
Shu g‘oya va fikr hamda siyosiy kuch mening hayotim, muvaffaqiyatlarimga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Partiyani tadbirlarida qatnashdim, siyosiy fikrim va g‘oyalarim shakllandi. Xayotimni partiya o‘zgartirdi. Uzoq mehnatlarim orqali 2008 yilda XDP Markaziy Kengashida “Istiqbol” yoshlar qanoti raisi bo‘lib ishlash va respublika bo‘ylab partiya safiga fidoiy, bilimli yoshlarni birlashtirishga harakat qildim. XDP yangi loyihalar “Yosh siyosatchi” tanlovi, Yosh liderlar klublarini tashkil etib, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ularning jamiyat va davlat qurilishidagi ishtirokini kuchaytirish, ularni intelektual salohiyatini yuksaltirish, o‘z intilishlari, orzu va maqsadlari ro‘yobiga xizmat qilayotgan samarali loyihalar sirasiga kiritib hamda ko‘plab iqtidorli yoshlarni namoyon qilishga erishdik. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, shu o‘tkazilgan tanlovlar orqali minglab yoshlar O‘zbekiston XDP safiga kirish istagini bildirishdi. Eng muhimi, ular ongli ravishda siyosiy jarayonga kirib kelishgan. Shuningdek, tanlovlar orqali XDP faol yoshlar qatlami shakllanib, ular partiya elektorati manfaatlarini ta’minlash yo‘lida o‘z tashabbuslari, g‘oyalarini amalga oshirib borishdi.
Shu partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat etib saylandim. Bugungi kunda Toshkent viloyatida partiya raisi sifatida faoliyat yuritib, elektoratimiz manfaati uchun xizmat qilib kelmoqdaman.
Qanday yutuqqa erishgan bo‘lsam, bunda albatta shu siyosiy partiyamning qaysidir ma’noda o‘rni kattadir. Bugungi kunga kelib, XDP siyosiy maydonda 32 yildan buyon o‘zining tarixiga, o‘zining kuchiga va mavqeiga ega bo‘lgan kuchga aylandi. Balki tarix uchun 32 yil juda katta muddat emasdir, lekin siyosat maydonida bu davr qimmatli bosib o‘tilgan yo‘l, qilingan ishlarni, kashf etilgan siyosatchilarni eslash uchun yetarlidir. Bu qisqa ammo, mazmunan asrlarga tatigulik tarix ichida XDP siyosiy –huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishonch bilan qadam tashlamoqda.
Hozirgi kunda Toshkent viloyatida 22 ta tuman va shahar partiya kengashlari, 50 ming nafarga yaqin a’zolarni birlashtirgan mingga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyat olib boradi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda boshqaruvni demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlarda partiyamiz a’zolarning faol ishtirok etishilariga ko‘maklashish maqsadida joylarda anjumanlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Mazkur targ‘ibot ishlari natijasida minglab a’zolarning ijtimoiy ongi, hayotga munosabati tobora o‘zgarib bormoqda. Quvonarlisi shundaki, ularning siyosiy yetukligi, yurtimizda va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan fuqarolik mas’uliyati, daxldorlik hissi oshib bormoqda. Shu o‘rinda deputatlarimiz aholining ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand qatlami, xususan, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar, vaqtincha ishsiz yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. “Deputat mahallada”, “Mehr ulashing!”, “Ayollarga ko‘mak”, “Yoshlarga ko‘mak”, “Partiya sizga ko‘makchi!” “Yoshlar kelajagimiz” kabi amaliy loyihalarning ko‘lami va qamrovi orqali ijobiy natijalariga erishmoqdamiz.
Barchamizning xabarimiz bor, yaqinda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi kiritilgan va mamlakatimiz saylov tizimiga aralash ya’ni majoritar, proporsional saylov tizimini joriy etish va shu orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini yangi tizim asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Saylov kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, ya’ni 75 nafari odatdagidek majoritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 50 foizi, ya’ni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha saylanishi taklif etilmoqda.Albatta, bu siyosiy partiyalarning mavqe yanada oshishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashda faol va tashabbuskor bo‘ladi. Toshkent viloyatining barcha partiya tashkilotlaridan tortib, boshlang‘ich partiya tashkilotlarigacha hamjihatlikda ishlab yanada ko‘proq yutuqlarga erishishga harakat qilamiz.
Akmal Umaraliyev,
O‘zXDP Toshkent viloyat kengash raisi.