Ajratilayotgan mablag‘lar kam daromadli oilalarning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi

 

Bugun, 6-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibdan ikkita — Davlat dasturining 9 oylik hisoboti va 2024 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi masala o‘rin olgan.

Fraksiya a’zolari dastlab 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid chora-tadbirlarning 9 oylik ijrosi bilan bog‘liq hisobotni tingladi.

Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023 yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band) to‘liq bajarilgan, 42 tasining ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ishlab chiqilgan, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan. 2023 yilning 9 oyi yakunida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 5,7 foizni, xizmatlar – 6,5 foizni tashkil qilgan.

E’tiborlisi, ko‘rilgan qo‘shimcha choralar natijasida 914 mln. dollarlik 2009 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 24 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Deputatlar budjet mablag‘larining katta qismi ijtimoiy sohalarga ajratilganini hisobga olib, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab quvvatlash, ishsiz va kam daromadli oilalarga yordam qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi kabi qator yo‘nalishlardagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar uchun yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli va manzilliligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.

Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 7,7 mln. nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 1 mln. 680 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning 929 813 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Xususan, 425 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 414 849 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirilgan. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 44 956 nafariga imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Bundan tashqari, yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, yoshlarga “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi, “1093” qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla yetakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Hisobot davrida Yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam ko‘rsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishilgan, yetakchilar tavsiyasi asosida ko‘rsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazilgan.

Hisobotni tinglar ekan, deputatlar partiya elektorati bilan bog‘liq masalalarda mutasaddilarga savollar bilan murojaat qildi. Ijtimoiy sohadagi mas’ullarning javobgarligini kuchaytirish, budjet mablag‘larining manzilliligini ta’minshga oid o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda Budjetnomani ko‘rib chiqildi. Loyihada Davlat budjetining asosiy parametrlari belgilangan.

2024–2026 yillar uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:

konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilanib, 2025-2026 yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;

budjet taqchilligi qisqartirilishi iqtisodiyotda yalpi talabning o‘sishini tartibga solish, o‘z navbatida, tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini va inflatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.

Deputatlar loyihada 2024-yilda ijtimoiy soha, xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, ehtiyojmand kishilarni uy-joy bilan ta’minlash kabi qator masalalar uchun Davlat budjeti xarajatlarining 48 foizga yaqini yo‘naltirilishi ko‘zda tutilganiga e’tibor qaratdi. Bu orqali partiya elektorati manfaatlari, ehtiyojmand aholi qatlami vakillarining ijtimoiy himoya masalalarini yanada kuchaytirish mumkinligiga urg‘u berildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun 18,6 trln. so‘m, shundan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash xarajatlariga 10,3 trln. so‘m mablag‘ rejalashtirilmoqda. Fraksiya a’zolari ushbu mablag‘lar kambag‘allikni qisqartirish, kam daromadli oilalarning turmush tarzini yaxshilashda dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etishdi.

Shuningdek, kelgusi yilda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari) saqlash xarajatlari, mahallalarni nodavlat notijorat tashkilot va budjetdan mablag‘ oluvchi sifatida saqlash xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtirilishi belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari davlat budjetining taqsimoti bilan bog‘liq masalalarda mas’ullarga savollar bilan murojaat qildi.

Xususan, fraksiya a’zosi Maqsuda Vorisova dori-darmonning realizatsiyasi bilan bog‘liq masalada savollar bilan murojaat qildi. Xususan, sohadagi sug‘urtalash tizimining bekor qilinishi, soliqlarni joriy etish narx-navoning oshib ketishiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi. Bu borada Sirdaryodagi voqealar biror qaror chiqarishdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘rishni taqazo qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, 40 yoshdan oshgan fuqarolarni qandli diabet kasalligiga tekshirish uchun mablag‘lar yo‘natrilimaganiga e’tiroz bildirdi.

Moliya vazirligi aholi glyukoza topshirishi uchun 14 milliard qo‘shimcha mablag‘ loyihaga kiritilishini ma’lum qildi.

Fraksiya a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish