Bugungi kunda O‘zbekiston faol, pragmatik va ko‘p tomonlama tashqi siyosat yuritmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining muhim yo‘nalishi bu uning yaqin atrofdagi davlatlari, shuningdek, ko‘p tomonlama institutlar - MDH, SHHT, YEOII, TDT bilan hamkorlik qilishdir. Ularning ichida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti ham alohida o‘ringa ega.
Mazkur mintaqaviy davlatlararo tashkilot – IHTning maqsadi Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasida savdo va sarmoyaviy aloqalarini kengaytirishdan iborat.
Shu kunlarda poytaxtimiz mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi Sammitiga mezbonlik qilmoqda.
Mazkur yirik tadbir doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilinadi.
Bugun davlatimiz rahbari Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi. Birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu ko‘p tomonlama tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizning 2021 yilgi Ashxobod sammiti davomida ilgari surilgan tashabbuslari izchil amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Samimiy muloqotlarda ochiq va progmatik tashqi siyosat yuritayotgan O‘zbekiston hamisha xorijlik hamkorlari hamda qo‘shnilari bilan muloqotga tayyor ekani namoyon bo‘lmoqda. Ularda bildirilayotgan salmoqli takliflar, hayotiy tashabbuslar esa xalqaro hamjamiyat oldidagi yurtimiz nufuzi oshishi va o‘rni mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish O‘zbekiston, xorijiy sheriklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridandir.
O‘ylaymizki, sammit doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilinadi va ITHga a’zo mamlakatlarning o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash borasida o‘ziga xos yakunlari bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fpaksiyasi a’zosi.