Islohotlar xalq farovonligiga xizmat qiladi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ijodkorligi jarayonlari, bunyodkorlik ishlarining mohiyati va ahamiyatini jamoatchilikka keng tushuntirish maqsadida poytaxtimizda targ‘ibot-tashqivot ishlarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, deputatlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

Xalq deputatlari Yakkasaroy tumani Kengashida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov keyingi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarni jadallashtirish, ijtimoiy tenglik va barqarorlik, aholi huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Muloqotda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, saylov va referendum o‘tkazishga doir qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, ushbu dasturilamal hujjatda qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqning farovonligiga erishish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.

Bugungi kunda Konstitutsimizda belgilangan normalarni hayotga tatbiq etish va ularni qonunlarda aks ettirish, Strategiyadagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda yurtimizda, xususan, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarga ham e’tibor qaratildi. Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekani, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining har bir mahallasiga 2 mlrd. so‘mdan mablag‘ ajratilgani mahallalarning obod bo‘lishiga, aholining roziligini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bunyodkorlik ishlari natijasida bugungi kunda poytaxtning ijtimoiy infratuzilmasi va arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Toshkent yashash uchun qulay hududga aylanib, yirik megapolis shaharlar qatorida joy oldi. Zamonaviy yo‘llar, ko‘priklar qurilmoqda, jamoat transportidan foydalanish qulayliklari ortdi.

Muloqotdan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Yakkasaroy tumanidagi 100-maktab va boshqa ijtimoiy obyektlar hududlarida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Bu kabi tadbirlar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilmoqda.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish