Inson huquq va manfaatlari har narsadan ustun bo‘lishi bu amalga oshirilishi zarur bo‘lgan hayotiy ehtiyojdir. Ayniqsa, himoyasiz kishilar, xususan, bolalar haqida gap ketgan bu masala yanada dolzarb tus oladi. Shundan kelib chiqib, yurtimizda bolalarning huquqlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.
Bosh qomusimizning XIV bobiga Oila, bolalar va yoshlar deb nom berilishi, normalarda ularni huquqlari va burchlari aks etgan. 77-moddada Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar, degan norma kiritilgan. Bu ota-onalar qonun bilan farzandini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanini qat’iy belgilaydi hamda ularning qarovsiz qolib ketishining oldini oladi. Sir emaski, ba’zi bir ota-onalar farzandlarini tashlab, xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketib qolishi oqibatida voyaga yetmagan bolalar o‘rtasida turli xil noxush holatlar ham hayotimizda uchrab turibdi. Yoki voyaga yetmagan bolalarni xorijda o‘qishi uchun nazoratsiz qoldirish holatlari kuzatiladi. Bu borada ham ota-onalarga, hamrohlik qiluvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi.
77-moddaning ikkinchi qismida davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda hayriya faoliyatini rag‘batlantiradi normasining kiritilishidan ko‘rsak ham bo‘ladiki, chin yetim bolalarning o‘qishga kirishidan tortib, o‘z yo‘lini topguncha hamda ish va uy bilan ta’minlashni ham davlat o‘z zimmasiga olmoqda. 78-moddaning ikkinchi qismida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir normasi bilan to‘ldirildi. Bu orqali davlat bolaning manfaatlari, huquqlari himoyasini to‘liq o‘z zimmasiga olmoqda.
Shuningdek, 79-moddada Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishiga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishiga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart – sharoit yaratadi normasining amalda ishlashi uchun ham hozirgi kunda manzilli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda keng jamoatchilik muhokamasi asosida qabul qilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham aynan bolalarni sog‘lom va aqliy rivojlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, chekka olis hududlarda joylashgan maktablar uchun 715 ta avtobus bilan ta’minlash, o‘quvchilarni bepul qatnovini yo‘lga qo‘yish, maktablarni va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, 1-4 sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlanishini tashkil etish kabi ishlarni amalga oshirish strategiyada belgilab olingan.
Bundan tashqari, strategiyaning 15-16 maqsadlari aynan bolalarimizni kelgusida sog‘lom va ma’naviy yetuk bo‘lib o‘sishiga qaratilganligi muhim ahamiyat kasb etadi. 15-maqsadda Bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, 16- maqsadda Onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash uchun 6-23 oylik bolalarni mikronutriment kukuni, 2-10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar, 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati, 15-35 yoshdagi xotin-qizlarni polivitamin, temir va foliy kislotasi bilan bepul ta’minlash belgilangan.
Aytish kerakki, mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish shu paytgacha Inson huquqlari bo‘yicha (ombudsman) tasarrufida edi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) tashkil etildi. Viloyatlarda ham bolalar ombudsmanlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yaqinda yana bir muhim qadam qo‘yildi. Ya’ni, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning huquiy asosini ta’minlash maqsadida bir guruh deputatlar tashabbus bilan chiqdi va bu boradagi qonun loyihasi 1-o‘qishda muhokama qilindi hamda ma’qullandi.
Mazkur Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmani) huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va kafolatlarini belgilashdan, shuningdek, faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllarini hamda vositalarini to‘ldiradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchiligini xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, fuqarolarning bola huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashadi.
Muhimi, vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobdor sanaladi. Kelgusida kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz har tomonlama sog‘lom va yetuk bo‘lishiga qonunlarimiz, islohotlarimiz xizmat qilishiga ishonamiz.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.