2023 yil 20 noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “2024 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat 2024 yil uchun O‘zbekiston budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilangan bo‘lib, 2025-2026 yillarda bu ko‘rsatkichni 3 foizdan oshirmaslik nazarda tutilmoqda.
Davlat budjetida ijtimoiy sohaga yana bir qator muhim xarajatlar ko‘zda tutilmoqda. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash uchun 10 trln so‘mdan ortiq, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar to‘lash uchun 3,6 trln so‘mdan ortiq, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga nafaqalar uchun esa 2,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu xarajatlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Fraksiya a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan ma’lumotlar, savol-javoblardan kelib chiqib, kelgusi yil uchun davlat budjeti loyihasini qo‘llab-quvvatladi.