Qancha yig‘ilish o‘tkazilgani emas, qanday natijaga erishilgani muhim

 

Hamma muhim qarorlarni sanoqli kishilar qabul qilaverishi oxir-oqibat yaxshilik olib kelmagan. Shuni tushuna va tan ola boshlaganimiz katta o‘zgarishlarga asos bo‘lishi kerak.

Taraqqiyot strategiyasida deputatlar faoliyatini yaxshilash, mahalliy Kengashlar nufuzini oshirish, vakolatlarini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar belgilangan. Bugun xalq deputatlari Kengashlarining faoliyati, vakillik organidagi muhit va kayfiyat yangilanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar taqdiri bilan bog‘liq qarorlarni bir kishi emas, ko‘pning fikri bilan qabul qilish bo‘yicha ancha natijalarga erishilmoqda. Xalq deputatlari Kengashlari hozir eng muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘ldi, bu – Kengashlarning salohiyati, mas’uliyati oshishiga zamin yaratdi. Shunga yarasha mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashib borishi ham kerak. Kengashlar uyg‘oq ekan, hududlar rivojlanadi, deputatlar faol ekan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topiladi.

Hozir hamma joyda hayot qaynagan, islohotlarning ko‘lami keng. Ko‘pchilik kelgusi yil uchun yangi rejalar tuzish, joriy yildagi ishlarni sarhisob qilish o‘ylari bilan band. Shunday muhim pallada mahalliy Kengashlardagi Xalq demokratik partiyasi deputatlari nimalar bilan mashg‘ul, ularning mahalliy Kengashlar sessiyalarida tashabbuskorligi qanday?

 

757 masala. Ko‘p yoki kam?

Aytish kerakki, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz joylarda Xalq demokratik partiyasining elektorati manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan eng muhim kuchdir.

Tahlillarga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturi ijrosini bosqichma-bosqich ta’minlab borishga qaratilgan amaliy Harakat dasturining joriy yilga mo‘ljallangan qismida 884 masala partiya guruhlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan edi. Bu reja har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati, saylovchilarning xohish-irodasi, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalardan kelib chiqib belgilangandi.

O‘tgan 10 oy davomida partiya guruhida 757 ta, doimiy komissiyalarda 613 ta, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida esa 513 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilingan. Ushbu jarayonda deputatlarimiz, faollarimiz muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini erkin bildirmoqda va himoya qilmoqda. Bularning barchasi partiyalarning elektorati oldidagi mas’uliyatini oshirishi aniq.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga nazar tashlasak, o‘tgan 10 oy vaqt ichida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati, shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan 13 ta masala partiya guruhlarida, 11 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida va 11 ta masala sessiyalar kun tartibiga kiritilib, muhokama etilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingani qayd etilgan. Vaholanki, viloyat Kengashida 11 nafar, shahar va tuman kengashlarida 73 nafar deputatimiz bor. Bugun o‘zgarishlar katta, islohotlar ko‘lami keng. Deputatlar ham shunga yarasha faol bo‘lishi, o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak, deb o‘ylaymiz.

 

Jahongir OLIMOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

- Deputatlik guruhlari partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shundan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda parlament va deputatlik nazorati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarda deputatlik nazorati olib borildi va ular sessiyalar kun tartibiga kiritildi. Xususan, aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasida 118 ta masala sessiyalarda ko‘rib chiqildi. Sog‘liqni saqlash sohasiga taalluqli 124 ta masala, ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha 62 ta, qishloq joylarida xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, shuningdek, namunaviy maishiy xizmat komplekslarini tashkil etish hamda transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish bo‘yicha 91 ta, boshqa sohalarga oid 118 ta masalalar sessiyalarda muhokama etildi.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, joylarda yechimini kutayotgan masalalar oz emas. Fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlarning ijrosi, ya’ni ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak. Muhimi – mana shu ishni sidqidildan bajarishda.

 

Eng katta xatomiz nimada?

 

Zulfiya TO‘YYEVA,

O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

- Muhimi, qancha yig‘ilishda ishtirok etganimiz emas, odamlarning mushkulini oson qiluvchi takliflar, masalalarni ko‘targanimizda, deb o‘ylayman. Qaysi tizim, qaysi soha yaxshi ishlamayotgani, aholi nimalardan norozi ekanini ko‘proq ularning o‘zidan eshitamiz. Fuqarolardan olingan ma’lumotlar asosida kamchiliklarni tuman hokimiga aytgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘ladi.

Joylardagi ko‘plab masalalar qay darajada samarali hal etilishi xalq deputatlari Kengashlari faoliyati, vakillik hokimiyatining o‘zgarishiga, yuragida o‘ti bor deputatlar ko‘payishiga ham bog‘liq. Ochig‘ini aytganda, bugun mahalliy Kengashlar ilgariga qaraganda ancha faollashgan. Kengashlarda bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda. Yig‘ilishlar ancha munozarali, savol-javoblar bilan qizg‘in kechadi. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo bo‘lib qoladi.

Buxoro viloyatida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida partiya guruhlari tomonidan 62 ta masala partiya guruhlarida, 56 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida va 49 ta masala sessiyalar kun tartibiga kiritilib, muhokama etilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.

Bugungi kunda viloyat Kengashi deputatlari soni 16 nafar, shahar va tuman kengashlaridagi deputatlarimiz esa 73 nafarni tashkil etmoqda. O‘tgan davr mobaynida 383 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi. Shulardan 240 tasi o‘z ijobiy yechimini topgan. Ijro hokimiyati vakillari hisobotlari 41 marta eshitildi.

Lekin shunisi ham borki, faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi. Albatta, bu yo‘lda to‘xtab qolish kerak emas, har doim o‘zgarishlar, yangilanishlar tomon yurish zarur.

Partiya faollari, deputatlik guruh a’zolari o‘rgangan masala yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosiga yana bir bor qaytdikmi? Bizning «nozik» joyimiz ham shunda bo‘lib qolyapti. To‘g‘risi, aksariyat hollarda qaror qabul qilinishi bilan cheklanib qolyapmiz. Shuning uchun ahvol o‘zgarishi, islohotlar bo‘y ko‘rsatishi qiyinroq bo‘lyapti. Jon kuydirib ishlasak, vaziyat butunlay boshqacha holatga keladi, deb o‘ylayman.

 

Sayyora FAYZIYEVA,

xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

- Deputat o‘zi saylangan hududda qanday dasturlar hayotga tatbiq etilayotgani-yu, ular qanday samara berayotganini boshqalardan ko‘ra yaxshi biladi. Qisqa qilib ayt ganda, ularning har bir kuni hayot bilan yuzma-yuz bo‘ladi, har oni saylovchilar bilan hamnafas turadi. Shuning uchun joylardagi haqiqiy ahvoldan xabardor bo‘lish, muammolarni aniqlash va ularni hal qilish, bu borada asosli takliflar bilan chiqishda xalq vakilining o‘rni nihoyatda katta.

Saylovchilar bilan uchrashish, ularning muammolarini o‘rganish maqsadida chekka qishloqlarga ko‘p boramiz. Odamlarning murojaatlari asosida yoki o‘zimiz ko‘rgan, kuzatgan kamchiliklar, muammolar yuzasidan takliflar tayyorlaymiz, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari jo‘natamiz.

Bir misol. Chirchiq shahar kengashidagi faol deputatlarimizdan biri Anvar Maxsumov yil boshidan beri 20 ga yaqin deputatlik so‘rovi bilan chiqdi. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘taman. «Ma’rifat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Nizomiy, Yu.Fuchik, «Vatan» ko‘chalaridagi eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish yuzasidan deputatlik so‘rovi bilan chiqildi. Mutasaddi tashkilotlar masalaga jiddiy yondashishdi. Chunki oldinda qish, biror muammo kelib chiqsa, aholi e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Mas’ul korxona simyog‘ochlarni yangisiga almashtirdi. Hozirgi kunda ko‘chalarga yana 33 dona yangi simyog‘och o‘rnatilishi kutilmoqda.

«Birlik» va «Yoshlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga tutash bo‘lgan avtoshohbekatining yo‘li mukammal ta’mirlanishi bo‘yicha choralarni ko‘rish yuzasidan chiqarilgan deputatlik so‘rovi hamda shahar Kengashiga yozma murojaati tegishli doimiy komissiyada ko‘rib chiqildi. Doimiy komissiya qaroriga asosan 550 million so‘m ajratilib, uzunligi 220 metr va eni 8 metr bo‘lgan yo‘l asfalt qilindi.

Bu misollar bir deputatning faoliyatidan edi. Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Hamma yuragi yonib ishlasa, ishonchni oqlash uchun behalovat bo‘lsa, qanchadan-qancha murojaatlar hal bo‘ladi, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pdan-ko‘p masalalar yechiladi. Shunday masalalar borki, vaqt ham, katta mablag‘ ham talab etmaydi. Shunchaki e’tiborning o‘zi hal qilish uchun yetarli. Faqat deputat saylovchilari uchun jon kuydirsa bo‘ldi.

 

So‘zingiz ham, so‘rovingiz ham kuchli bo‘lsin!

Saylovchi ma’lum bir masalada deputatga murojaat qiladi. To‘g‘ri, murojaatlarni hal etishga kelganda, deputatlarga ham oson tutmaslik kerak. Ayniqsa, mahalliy Kengash deputatlariga. Ular har kuni fuqarolarni qabul qiladi, deputatlarga oson bo‘lmagan sharoitda muammolarga mutasaddilar bilan birgalikda yechim topishga intiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz tomonidan joylarda saylovchilar e’tiroziga sabab bo‘layotgan masalalar yuzasidan 4553 ta deputatlik so‘rovi jo‘natilgan. Shundan 3121 tasiga ijobiy javob xatlari olindi. 489 marta joylardagi xududiy rahbarlar, mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitilgan.

Deputatlarimizning aytishiga qaraganda, joylarda birlamchi tibbiy xizmat sifatining pastligi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Soha bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarining joylarda yetarlicha ijro qilinmayotgani asosiy muammolardan biri bo‘lib, bu holatdan birinchi navbatda, partiyamiz elektorati aziyat chekmoqda. Shuning uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarida deputatlik nazoratini kuchaytirish kerak.

Shuningdek, yoshlarni ishga joylashtirish, qishloq aholisini ichimlik suvi, zarur dori vositalari bilan ta’minlash ishlari tahliliy o‘rganilib, muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari tayyorlanmoqda. Albatta, natijadorlik ham qat’iy nazoratga olinmoqda.

 

Qochadigan, qo‘rqadigan deputatlar

Ochig‘ini aytish kerak, muammo va murojaatlardan qochib yuradigan deputatlar ham yo‘q emas. Zimmasidagi vazifalarga e’tiborsiz qarab kelayotgan partiya guruhlari ham yo‘q emas. Xususan, 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturida belgilangan masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining axborot va hisobotlari yetarlicha eshitilmasdan qolmoqda. Aksariyat hollarda partiya guruhlari masalani muhokamalarga olib chiqish bilan cheklanib, qabul qilingan qarorlar ijrosi nazoratsiz qolish holatlari kuzatilyapti. Vaholanki, eng muhimi, erishiladigan natijadir.

Shuningdek, «markaz-viloyat-tuman» tizimida parlamentda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari yuzasidan keng jamoatchilik takliflarini partiya fraksiyasiga taqdim etishda ham mahalliy Kengashlardagi deputatlar sustkashliklarga yo‘l qo‘yishmoqda.

To‘g‘ri, deputatlarning hammasi ham faol emas, hududlarimizda yechimini kutayotgan, odamlarni o‘ylantirib kelayotgan muammolar bor bo‘lsa-da, ularni ko‘rib ko‘rmaganga olib yurgan xalq vakillari ham yo‘q emas. Bunday befarqlikni zamon, xalqimiz qabul qila olmaydi. Ular deputat timsolida el dardi bilan yashaydigan, joylardagi muammolarni qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan, masalani hal qilmaguncha tinib-tinchimaydigan vakilni ko‘rishni xohlaydi. Ishonchga yarasha ishtiyoq bo‘lishi kerak. Faol deputatlarsiz esa demokratiya ham rivojlanmaydi. «Hammasi joyida», degan kayfiyat yo‘qolsa, deputatning so‘zi ham, so‘rovi ham kuchli bo‘ladi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 22.11.2023, №46

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish