O‘zA: “Strategiya – 2030”: Yurtni ilm-ma’rifat yuksaltiradi

 

“O‘zbekiston – 2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish taklif etilmoqda. Dasturda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlarni tashkil etib borish ko‘zda tutilgan. Bu ezgu maqsad, albatta, yosh avlod oldidagi juda mas’uliyatli vazifadir.

Yangilangan Konstitutsiyada ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani ham bejiz emas. Chunki jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda. Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish davlatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishilgani buning yaqqol isbotidir. Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilingan dasturlar asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o‘rta ta’lim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilganini ta’kidlash lozim.

Strategiyada o‘quv o‘rinlari sonini 7,5 milliongacha yetkazish,100 foiz umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash belgilangan. 2,5 million o‘quvchi o‘rniga ega maktablar qurishga esa 8 milliard dollar ajratish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2 barobar ko‘paytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. O‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Maqsad farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratishdan iborat.

Ta’kidlash kerakki, keyingi besh yil davomida ta’lim va tarbiya jarayonlarini tartibga solish borasida 105 ta normativ hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, Prezidentimizning 37 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 66 ta qarori qabul qilindi.

Tan olib aytishimiz kerakki, yaqin o‘tmishda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, ularni o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlash kabi noxush holatlar bor edi. Davlatimiz rahbarining shaxsiy irodasi va tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu kabi inson huquqlarini kamsituvchi ishlarga barham berildi. O‘qituvchining maqomi va obro‘sini ko‘tarishga davlat siyosati darajasida qaralmoqda, ularning o‘z kasbiy faoliyati bilan to‘liq shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.

Yangi tahrirda qabul qilingan mamlakatimiz Konstitutsiyasining 52-moddasida o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlash, kasbiy jihatdan o‘sish borasida qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilgan. Bu esa o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, uning kasbiy faoliyatini davlat tomonidan himoya qilinishining huquqiy asosini yaratib berdi.

Joriy yilning 27 martida qabul qilingan, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonuni ham bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. Qonunda nazarda tutilgan huquqiy normalarning hayotiyligi shundaki, pedagog xodimlarning mehnat huquqlarini buzish bilan bog‘liq jihatlar aniq va adolatli belgilangan.

E’tibor beraylik, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha jarimaga sabab bo‘lsa, mazkur qonun asosida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha jarima bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Yana bir jihat, endilikda pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, agar xuddi shunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi belgilandi. Bundan ko‘rinadiki, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb etish yoki majburlash, nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi. Aniqroq aytganda, endilikda ushbu holatga takroran yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Ayni vaqtda “Pedagog maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasida ham qator muhim jihatlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, unda pedagogdan kasbiy majburiyatlariga kirmaydigan hisobotlar va boshqa ma’lumotlar, shu jumladan, aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi bo‘yicha ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi bo‘yicha hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.

Biz bugun bir millat, bir davlat bo‘lib o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishishda aynan ta’lim-tarbiya strategik ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimizdagi maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida jami 640 ming nafardan ziyod o‘z ishining jonkuyari bo‘lmish pedagoglar faoliyat olib bormoqda. Qonun birinchi navbatda ana shu millat fidoyilarining haq-huquqlarini, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, qolaversa, ular orqali millionlab farzandlarimizni qamrab olgan ta’lim dargohlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, ta’lim-tarbiya sifati oshishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularning attestatsiyadan o‘tishi va malaka toifalari olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Yana eng muhim jihatlardan biri – pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda.

Yurtimizda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan e’tibor ham ta’lim-tarbiyani yuksak bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26 maydagi farmoniga asosan, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, uning sifatini oshirish hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumta’lim maktablarida bilimni baholashning yangi tartibi joriy qilindi.

Tajriba-sinov tariqasida joriy etilayotgan yangi baholash tartibiga ko‘ra, 5-11-sinf o‘quvchilarining bilimi formativ va summativ usullar yordamida baholanadi. Formativ baholash – o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi uzluksiz fikr almashish jarayonidir. Fikr-mulohaza og‘zaki va yozma, rasmiy va norasmiy bo‘lishi mumkin. Bu – o‘quvchilarning keyingi harakatlarini moslashtirish maqsadida uning yutuqlari to‘g‘risida ma’lumot olishning uzluksiz jarayonidir. Summativ baholash esa o‘qishning ma’lum bir davrida o‘quvchining davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarida belgilangan kompetensiyalarni egallaganlik darajasini rasmiy baholash jarayonidir. Bu jarayon test, yozma ish, og‘zaki suhbat, loyiha ishi, taqdimot ishlari, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, ijodiy ishlar va shu kabi boshqa yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.

Mazkur baholash jarayonlari davomida o‘qituvchi o‘quvchining o‘zlashtirish baholarini elektron jurnalga kiritib boradi, yuqori ko‘rsatkichga erishgan o‘quvchilar choraklik summativ baholashdan bir muddatga ozod etiladi. Baholashning shaffofligini ta’minlash maqsadida fanlar bo‘yicha tegishli summativ baholash barcha parallel sinflar uchun yagona talablar asosida o‘tkaziladi. Tekshirish yakuniga ko‘ra o‘quvchilarning to‘plagan ballari bir hafta muddat ichida elektron jurnalga joylashtiriladi. Summativ baholash paytida ichki tartib-qoidani buzgan o‘quvchilar baholashdan chetlashtiriladi.

Ayni paytda mamlakatimizda xususiy ta’lim tizimiga keng yo‘l ochilmoqda. Bu borada litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega bo‘lgan Prezident maktablari hamda ijod maktablari bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Matematika hamda kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan har bir tuman va shaharda ana shu fanlarga ixtisoslashgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilyapti. Matematika, kimyo, biologiya, axborot tizimlari va informatika fanlari bo‘yicha sertifikatsiya tizimini joriy etish boshlandi. Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ilgari olimpiadada oltin yoki kumush medal olsa, sovrindor o‘quvchiga ham, uni tayyorlagan o‘qituvchiga ham nari borsa bitta faxriy yorliq berilardi. Hozir ular millionlab pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Bu rag‘batlantirish tizimi amalda ijobiy natija bera boshladi. Pandemiya sharoitiga qaramasdan, o‘quvchi yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallayotgani barchamizni quvontiradi.

Bu keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu haqda gapirganda tarixga nazar solish o‘rinli bo‘lardi. Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi. O‘n ikkinchi asrda Markaziy Osiyo hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. “Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz g‘ururi hisoblanadi. O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi.

Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Xo‘sh, bizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan ajdodlarimiz bunday yuksak cho‘qqilarga qanday erishgan? Ular, eng avvalo, ma’rifat bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur o‘rganish va boyitishga bag‘ishlaganlar. Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga ko‘pincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda bo‘lib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur. Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orish kerakligi haqida davlatimiz rahbari ko‘p bora kuyinib gapiradilar.

Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarayotgan ekanmiz, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi sifatida ko‘rilmoqda. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimiz esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustunidir. Prezidentimiz o‘z chiqishlaridan birida ota-onalar bu tashabbusni, albatta, qo‘llab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni bo‘lishini ta’kidlagan edilar.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish – besh-o‘n yilda bo‘ladigan ish emas. Buning uchun, avvalo, yuzlab, minglab iste’dodli kadrlar, fidoyi shaxslar kerak. Biz iste’dodga parvarish zarurligini, agar o‘z vaqtida sharoit yaratib berilmasa, har qanday iqtidor ham so‘nib qolishi mumkinligini yaxshi anglaymiz.

Bugun davlatimiz tomonidan ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyatni rivojlantirish uchun qancha kuch, qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, ayalmayapti. Qanday imkoniyat zarur bo‘lsa, yaratilmoqda. Bu bejizga emas. Prezidentimizning bir iborasi yodga keladi: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”. Chindan ham, bugun biz ulug‘ niyatlar bilan poydevor qo‘yayotgan yangi Uyg‘onish davri mamlakatimizda mana shunday ulkan boylik yaratishga, xalqimizning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlarga o‘zimizdan munosib meros qoldirishga xizmat qiladi. Ishonchimiz komil, o‘z tarixida ne-ne buyuk ishlarni sharaf bilan amalga oshirgan xalqimizning intellektual va ma’naviy salohiyati, kuch-qudrati va olijanob fazilatlariga tayanib, o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘ va ezgu maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.

O‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi o‘qituvchilar maqomi va obro‘sini oshirish, o‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash borasidagi ishlar kelgusida ham davlatimiz e’tibori markazida bo‘ladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomining mustahkamlab qo‘yilgani bunga muhim zamin bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.

 

Dilorom Imomova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish