Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi majlisida qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
“Ayrim qonun hujjatlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz amalga oshirish va aholiga davlat xizmati ko‘rsatilishini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Unda fuqarolarga pensiya tayinlash bilan bog‘liq me’yorlar o‘rin olgan.
Loyiha bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutilmoqda.
Pensiyalarning eng kam miqdori belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. O‘zXDP fraksiyasi a’zolari bu me’yor partiya g‘oyalari amalga oshishi kafolatini mustahkamlayotgani, pensionerlarning huquqlari himoyasi kuchaytirilayotganini qayd etdi.
Loyihadagi ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi norma ham katta ijtimoiy ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Loyihaga ko‘ra, fuqarolarning Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi haqidagi ma’lumotlar asosida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimdagi to‘lovlarini olish huquqini yaratish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar bunday tartib fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilik va yugur-yugurlardan himoya qilishini qayd etib, qonun loyihasini ma’qulladi.