24-noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi – SPECAning ilk sammiti bo‘lib o‘tdi.
1998-yil 26-martda Toshkent deklaratsiyasi bilan asos solingan SPECA Markaziy Osiyoda submintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.
Dastur ishlab chiqilgan paytda mintaqani rivojlantirish bir nechta bosqichlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, birinchi bosqichda:
transport infratuzilmasini rivojlantirish va tovarlar, xizmatlar va mehnat resurslarini milliy chegaralar orqali o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish;
Markaziy Osiyoning energiya va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish;
uglevodorodlarni jahon bozoriga quvurlar orqali yetkazib berishda mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar ustuvor qilib belgilangan.
Tashkil etilganiga 25 yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramasdan, shu yillar davomida dastur doirasida biror marta davlat va hukumat rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkazilmagan.
Platformaning ilk sammitida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yettita tashabbusni ilgari surdi.
birinchi tashabbus – SPECAni iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirish borasida ochiq va yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida “SPECA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish;
ikkinchi tashabbus – mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini tartibga solish uchun jahondagi eng ilg‘or tajribalarni joriy etib mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish;
uchinchi tashabbus – “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan Maqsadli jamg‘armani tashkil etishni tezlashtirish;
to‘rtinchi tashabbus – Transkaspiy multimodal yo‘lagi bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish va kelgusi yilning boshida O‘zbekistonda mamlakatlarimiz transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda sohaning yetakchi ekspertlari ishtirokida “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazish;
beshinchi tashabbus – oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha maxsus ishchi guruhini tuzish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish;
Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallashi;
oltinchi tashabbus – suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPECAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish;
yettinchi tashabbus – SPECA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPECA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPECA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash kabi takliflar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surildi.
Qayd etish kerakki, bildirilgan takliflar dasturning samaradorligi va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga katta hissa qo‘shishi turgan gap.
Keyingi paytlarda siyosiy tahlilchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasiga kollektiv g‘arbning qiziqishi ortishiga sabablardan biri sifatida o‘lkaning uran va uglevodorod zaxiralariga boyligi aytilmoqda. SPECA dasturi ishlab chiqilib, uning birinchi bosqichida ham mintaqaning uglevodorodlarini jahon bozorlariga olib chiqish reja qilinganiga guvoh bo‘lamiz. To‘g‘ri, oradan 25 yil vaqt o‘tdi, lekin rejalar hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Aynan shu sababdan 25 yildan keyin dastur doirasida birinchi sammit uyushtirish zarurati paydo bo‘lgandir.
Balki, kollektiv g‘arb Afrika qit’asida kechayotgan siyosiy beqarorlik tufayli siyosiy barqaror bo‘lgan Markaziy Osiyoni istiqbolli hamkor sifatida ko‘rayotgandir. Aslida bu ham ochiqlikka asoslangan diplomatiyamizning yutug‘i, deyilsa hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘z navbatida bir qancha ekspertlar hudud istiqboli Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining hamjihatligi, umummilliy mintaqa manfaatlari doirasida uyg‘un harakatni davom ettirishiga bog‘liq ekanini ham ta’kidlashmoqda.
Ahmad QURBONOV,
siyosiy sharhlovchi.
«O‘zbekiston ovozi», 29.11.2023, №47