So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yanada mustahkamlanmoqda. Oldinda katta vazifalar bor. Toki, hududlardagi rahbarlar aholini rozi qilishni, ularga hisobdor bo‘lishni o‘rganmaguncha, ezgu maqsadlarga erishish oson bo‘lmaydi. Mahalliy Kengashlar ishi esa doimiy komissiyalarda faoliyat kuchayishi bilan chambarchas bog‘liq.
613 ta masala doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqildi
Doimiy komissiyalar ishi shu jihatdan muhimki, ijtimoiy masalalar dastlab ishchi guruhi tomonidan o‘rganiladi. Yig‘ilishlarda muhokama etilib, shular asosida deputatlik so‘rovlari yuboriladi, sessiyalarga olib chiqiladi. Doimiy komissiyada ish qancha pishiq bo‘lsa, sessiyalar shuncha samarali o‘tadi.
Mahalliy Kengashlardagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 1500 nafarga yaqin deputat faoliyat yuritadi. Partiya Saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi qabul qilingan. Unga binoan oktabr oyiga qadar 800 dan ortiq masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Amalda ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 10 oy davomida 757 ta masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida muhokama qilinib, shundan 613 tasi doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqilgan.
Tursunboy Soliev,
Xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari, Odob-axloq masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi:
– Yaqinda tuman Kengashidagi partiyamiz deputatlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining tumanda bajarilishini o‘rganib chiqdik. Bizga shu masala bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘ldi, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham shu masala ko‘p ko‘tarilardi. Shuning uchun biz bu masalani o‘rganishga kirishdik.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2023 yilda tumanimizdagi «Axshak», «Sadda» va «Toshloq» mahalla fuqarolar yig‘inlarida 6 ta 196 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Hozir ushbu ko‘p qavatli uyning bittasi foydalanishga topshirildi. Qolgani ham yaqin kunlarda bitkazilish arafasida.
Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha uy-joylarning hisoblangan qiymatining boshlang‘ich badalini to‘lab berish haqida fuqarolardan tushgan arizalar asosida 53 nafar fuqaroga 32.0 million so‘mdan subsidiya mablag‘lari olishi uchun maxsus sertifikatlar berilgan. Barcha arizalar «Xalqparvar» komissiyasi a’zolari tomonidan manzilli o‘rganib chiqilgan va tuman xolimligiga taqdim etilgan.
Vijdoni bor deputat o‘rganilgan masalaning taqdiriga befarq bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylayman. Loqayd, befarq xalq vakillari esa «sessiyaga masala kiritdim, ishimni zo‘r bajardim», degan xulosa bilan xotirjamlikka beriladi va xato qiladi. Chunki haqiqiy ish sessiyadan so‘ng boshlanadi. Biz ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash masalasini doimiy komissiyada, sessiyada ko‘rdik, takliflar bilan chiqdik. Hozir subsidiya olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarimiz bilan bog‘lanyapmiz. Ular ipoteka asosida uy oldimi, yo‘qmi shuni o‘rganib boryapmiz.
Shuningdek, yaqinda yana bir masalani o‘rganib chiqdik. Tumanimizdagi barcha umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarni yanada yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rgandik. To‘g‘ri, ijobiy, e’tiborga molik ishlar juda ko‘p. Lekin maktablarni axborot texnologiyalari bilan ta’minlash borasida amlga oshirish kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Masalan, 29 va 41-umumta’lim maktablarida kompyuter jamlanmasi yetarli emas. Internet tezligi ham yuqori emasligi ma’lum bo‘ldi. O‘quv dasturlarida raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni zamonning o‘zi talab qilyapti. Biz ushbu masaladagi takliflarimizni ham sessiya muhokamasiga kiritdik. Hozir sessiya qarori ijrosini deputatlik guruhi a’zolari bilan hamkorlikda o‘rganib boryapmiz.
Haqiqat shirin bo‘lmaydi
Sulton HAMRAYEV,
Kasbi tuman Kengashi deputati, Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari doimiy komissiya raisi:
– Bugun deputatlar ancha uyg‘oq. Atrofga, jamiyatga, saylovchilar hayotiga daxldorlik bor ularda. Buni kelayotgan murojaatlarda, o‘rganilayotgan masalalarda ko‘rishimiz mumkin. Doimiy komissiya yig‘ilishlari qizg‘in, bahsli o‘tadi. Tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitamiz, hududdagi muammoli masalalarni o‘rganamiz, ular asosida sessiyalarga masalalar taqdim etamiz.
Biz hayotimizda aholi bandligi, kambag‘allik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim va tibbiyot, uy-joy bilan bog‘liq masalalarda deputatlik nazoratini olib borib, ularni doimiy komissiyalar, sessiyalar muhokamasiga olib chiqyapmiz.
Lekin yana bir masala bor. Doimiy komissiya va sessiyalarda ko‘rilgan masalalarning ijrosi nazoratga olinganmi, yechimi bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilganmi-yo‘qmi, degan savollarning javobiga qarab natijani baholash kerak. Bu esa bevosita mahalliy hokimiyat vakillik organlari mas’uliyati va vijdoniga ham bog‘liq.
Masalan, xalq deputatlari Kasbi tuman Kengashida 8 ta doimiy komissiya mavjud. Har chorakda biz partiya guruhimizni takliflari bilan yoki joylarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammo va kamchiliklarni yechish yuzasidan amaliy tadbirlar olib boamiz. Masalani o‘rganib, doimiy komissiya qarori bilan sessiyada muhokama qilinayotganda sessiya qaroriga qo‘shimcha takliflar ham beramiz. Chunki biz masalani o‘rganganmiz, hududlardagi ahvolni joyiga chiqib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz, muammolarga bevosita guvoh bo‘lganmiz.
Ammo shunday holatlar bo‘ladiki, sessiya qaroriga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha taklif aytganimizda, bu inobatga olinmaydi. Vaholanki, biz bu takliflarni saylovchilar murojaatlari asosida yoki ko‘rib, o‘rgangan masalamizdan kelib chiqib aytayapmizku. Tortishib, bahslashib sessiya qaroriga kiritgan taqdirimizda ham masala o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu jamiyatda deputatning obro‘yini tushirmaydimi? 70-80 foiz holatlarda sessiya qarorlari ijro etilmasdan qolaversa, oqibat nima bo‘ladi?
Ayrim mansabdor shaxslar hisoboti yoki axboroti yuzasidan doimiy komissiyalar ishchi guruhlarini tuzamiz. Ular joylarga chiqib dolzarb masalalarni o‘rganadi, doimiy komissiyada ko‘rib chiqadi. Masalalarni tezkorlik bilan 1 oy muddatda yoki 3 oy muddatgacha muhokama qilamiz, asosli takliflar ishlab chiqishga harakat qilamiz. Lekin qarorlar ijrosi ham, bu takliflarimiz ham o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Shuningdek, ko‘p hollarda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining fikrlari ham hisobga olinmaydi.
Yaqinda sentabr oyida xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyada doimiy komissiya raisi sifatida hududimizdagi ijtimoiy masala yuzasidan taklif bildirdim. Kasbi tumanida Muruvvat yoki Saxovat uyini ochish taklifini bergandim. Sababi, Mirishkor tumani viloyat markazidan 70-80 km uzoqlikda, bizning tuman 50 km uzoqlikda, yana bir yonimizdagi tuman Muborak 100 km uzoqlikda joylashgan. Ana shu tumanlar aholisiga xizmat qiladigan Muruvvat yoki Saxovat uyi tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ushbu uchchala tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz, boquvchisi yo‘q qariyalarimiz ushbu uylarga joylashtirilishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki Yakkabog‘ tumani, Karshi shahridagi Muruvvat uylarida joylar yetishmasligi uchun navbat kutish muddati uzoqqa cho‘zilib ketayotgani bo‘yicha ko‘p murojaatlar bo‘lgan edi. Lekin bu taklifimga hech qanday javob ham, izoh ham yo‘q.
Bugun aholi salomatligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor berilyapti. Sog‘liqni saqlash sohasida katta islohotlar olib borilyapti. Buni hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Tumanimizda bu borada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha doimiy tarzda nazorat-tahlil ishlarini olib boryapmiz. Ushbu masalani ham bir necha marotaba doimiy komissiya yig‘ilishlarida, sessiyalarda muhokama qildik. Yaqinda tuman tibbiyot birlashmasidagi bolalar bo‘limi faoliyatini o‘rgandik. Ushbu muassasa 70 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda qo‘shni tumanlardan ham har kuni o‘nlab, hattoki yuzlab bemor bolalar kelyapti. Natijada 70 ta o‘ringa joyda 130-140 nafar bola davolanyapti. Bemorlar juda tiqilinch sharoitlarda yotibdi, joy, shifokorlar yetishmayapti. Ushbu masalada ham Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham taklif bilan chiqqan edik. Tumanimizda 2021 yilda asoslarsiz yopib yuborilgan bolalar shifoxonasi bor edi. Tabiati ham so‘lim bu bino hozir bo‘sh turibdi. Shu yerda tumanlararo bolalarni davolash markazini ochish bo‘yicha taklifini berdim. Lekin bu bo‘yicha ham munosabat bildirilmadi.
***
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar bugun muhokama, munozara maydoniga aylangani rost. Sessiyalar ham avvalgidan ko‘ra ancha jonli o‘tyapti, deputatlar faol. Lekin keng muhokama etilgan masala sessiyadan keyin yana o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, zamonga moslashib, faollashgan deputatning taklifi, fikri yerda qoldirilsa, doimiy komissiyaning, sessiya yig‘ilishi jamiyatga naf keltirishi qiyin. To‘g‘ri, deputatlar ko‘targa har bir masala zudlik bilan hal qilinishi shart, har bir taklifi amalga oshishi zarur, degan qoidalar yo‘q. Lekin taklifga, fikr-mulohazaga munosabat bildirilishi, savolga javob berilishi, asoslar ko‘rsatilishi kerak. Qonun shuni talab qiladi.
Xalq demokratik partiyasi deputatlari hukumat, joylardagi hokimiyatlardan sessiyalar qarorlari, deputatlar so‘rovlariga qonunda belgilangan darajada munosabatda bo‘linishini so‘rashmoqda. Bu masalada partiya alohida murojaat bilan chiqishi kutilmoqda.
Laziza Sherova,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 29.11.2023, №47