Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari, O‘zbekiston Milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchi va talabalari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tashrif buyuruvchilar qonunchilik palatasi bilan tanishtirildi. Xususan, katta majlislar zali, muzey va kutubxonaga kichik tur o‘tkazildi. Binoning me’morchiligi, o‘ziga xosliklari haqida mehmonlarga ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng partiya fraksiyasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamkorligida “Konstitutsiya – ijtimoiy davlatning huquqiy asosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiya va uning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida fikr yuritildi.
Ta’kidlandiki, yurtimizda keyingi yillarda qonun ustuvorligi, erkinlik va ochiqlikni ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimini yaratish hayotiy maqsadga aylandi. Bunda yangi tahrirda qabul qilingan Bosh qomusimiz mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, davlat organlarining xalq bilan bevosita muloqot asosida faoliyat yuritishini kafolatlashni hayotning o‘zi talab qilayotgan edi. Yangilangan Konstitutsiyada yurtdoshlarimiz tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar o‘z ifodasini topdi. E’tiborlisi, ularning aksariyati O‘zbekiston XDPning dasturiy maqsadlariga hamohangligi qayd etildi.
Shuningdek, partiyaning ko‘p yillik g‘oyalari bosh qomusimizda aks ettirilgani ko‘p sonli elektorat vakillari uchun muhim ahamiyat kasb etganiga urg‘u berildi.
Misol uchun, Konstitutsiyamizning 42-moddasida har kim mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekani kafolatlandi. 43-moddada esa davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoyalash, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi belgilandi. Bunday xalqchil konstitutsiyaviy asoslar esa ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami kengayishiga yo‘l ochishi shubhasizdir.
Tadbir davomida o‘qituvchi va talabalar ham mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.