Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun bu yil o‘zgacha, yangicha shukuhga ega. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq referendumi orqali bevosita xalqimiz tomonidan qabul qilindi.
Konstitutsiyamizning mamlakat butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi prinsipi juda dolzarb. Uning asosiy farqli, ustuvor jihatlaridan biri ham shunda. Ya’ni, davlat organlari huquqni qo‘llash amaliyotida, shu jumladan, sud, huquq-tartibot idoralari faoliyatida Bosh qomusimiz qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi kerak. Bu huquqiy davlatchilikning muhim va ustuvor shartlaridan biri hisoblanadi.
Milliy qonunchilikni yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya asosida takomillashtirish muhim vazifalardan biridir. Bu bevosita norma ijodkorligi jarayoni bilan bog‘liq murakkab va uzoq muddatli vazifalarni qamrab oladi.
Konstitutsiyamizda davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yilgan. Yana bir muhim yangilik yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilandi.
Bosh qomusimizda yoshlarga alohida e’tibor berilishi bejizga emas. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 9,5 milliondan ortiq. Bu jami aholining qariyb 27 foiziga teng, degani. Shunday ekan, yoshlarga munosib hayot sharoiti yaratish uchun barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Demak, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – O‘zbekistonning Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan.
Yangilangan Konstitutsiyani “xalq Konstitutsiyasi”, deb hisoblashimiz mumkin. Undagi har bir qoidaga amal qilish, kerak bo‘lsa, shuni talab qilish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 6.12.2023, №48