Boshi bor, oxiri yo‘q

 

Xalq demokratik partiyasi faollari poytaxtimizning Chilonzor tumanida piyodalar o‘tish yo‘laklarining holatini o‘rgandi

Bugun Toshkent shahridagi piyodalar o‘tish joylari aholi uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qay darajada qulay? Xalq demokratik partiyasi jamoatchilik nazorati tartibida Toshkent shahri Chilonzor tumanining ayrim ko‘chalarida o‘rganish olib bordi. Xususan, “Chilonzor”, “Qatortol” ko‘chalari hamda Kichik halqa yo‘lidagi svetoforlar, chorrahalar o‘rganildi. Aholi vakillari fikrlarini bildirdi.

 

— Nabiram bilan aylanishga chiqqandik, yo‘llardagi harakatni ko‘rib, xavotirga tushdim, — deydi Nargiza Yo‘ldosheva. — Ayniqsa, bolalar aravachasida ko‘chada yurish juda qiyin. Yo‘ldan o‘tish uchun piyodalar uchun sharoitlar yetarli emas. Chunki piyodalar o‘tish joyi bor, lekin unga o‘tib olish imkonsiz. O‘rtada “lotok” yoki “bordyur”lar bor. Haydovchilarga halal berib, avtomobil yo‘lidan yurishimizga to‘g‘ri kelyapti. Piyodalar yo‘lagida ham yurish noqulay. Menimcha, yo‘llarni “kolyaska”dan foydalanmagan odamlar qurgan shekilli.

“Chilonzor” ko‘chasidagi “Rohat” mehmonxonasining qarshisida belgilangan piyodalar o‘tish joyi bor. U yerda ham ancha vaqt kuzatuv olib borildi. Haydovchilarning piyodalarga yo‘l berishi bir masala bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi yana bir masala. Ismini sir tutishni istagan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, emin-erkin harakatlanishga qiynaladi. Hamrohlarsiz kamdan-kam ko‘chaga chiqar ekan. Chunki nogironlik aravachasida yo‘llarni kesib o‘tish, umuman, ko‘chada mustaqil ravishda yurishda qiyinliklarga duch kelishini ta’kidladi.

Shu ko‘chada joylashgan ko‘plab piyodalar o‘tish joylarida ana shunday holatlarning guvohi bo‘ldik. Chilonzor savdo markazi yaqinidagi bekatning har ikki tomoniga chizilgan piyodalar o‘tish joyi esa odamlarga xavfsizlikdan ko‘ra, xatar berayotgandek. Chunki, bilamizki, piyodalar avtobuslarning old tomonidan harakatlanishi ularning hayotini xatarga qo‘yadi. Ayni manzilda mavjud yer osti o‘tish joyi esa faqatgina yoshlar va sog‘lom odamlar uchun mo‘ljallangan. Sababi pandus tik holatda bo‘lgani uchun qariyalar, bolalar aravachasi bilan yurgan onalar yoki nogironlik aravachasida shaxslarning harakatlanishi imkonsiz.

Qatortol ko‘chasi

 

Shu ko‘chada bolalar aravachasida amal-taqal qilib yo‘lni kesib o‘tgan ayol esa quyidagilarni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni biror bir yumush bilan yo‘lni kesib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Lekin haydovchilarga halal berib, ularda noroziliklarni keltirib chiqarishiga to‘g‘ri kelarkan. Chunki piyodalar o‘tish joyidan harakatlanib kelgan odam xavfsiz shaklda piyodalar yo‘lagiga o‘ta olmaydi. O‘rtadagi “lotok” bunga halaqit qiladi.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, piyodalar o‘tish joylarining ayrimlari svetoforlar bilan tartibga solingan. Bu borada o‘zgarishlar bor. Lekin ko‘chani kesib o‘tgan odam yo‘lini qay shaklda davom ettirishi kerak, degan savolga hamma joyda ham bosh qotirilmagan chog‘i. Aks holda, biroz mehnat va arzimagan mablag‘ evaziga hal etilishi mumkin bo‘lgan masala bugun odamlarga qiyinchilik tug‘dirmas, ularning noroziliklarni keltirib chiqarmas edi.

 

 

Oybek ISOQOV,

Nogironlar assotsiatsiyasi raisi:

— Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘ridagi qonunning 23-moddasida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda, loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish talablari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning, shu jumladan o‘rindiqli aravachalardan hamda yetaklovchi itlardan foydalanuvchi shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga (turar joylarga, jamoat va ishlab chiqarish binolariga, imoratlar va inshootlarga, sog‘liqni saqlash va sport obyektlariga, madaniy-tomosha muassasalariga hamda boshqa muassasalarga) moneliksiz kirishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.

Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, jamoat binolari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

Ayni qonunning 24-moddasida esa transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligiga oid me’yorlar o‘rin olgan. Jumladan, transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligi aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar (tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida amalga oshirilishi kerak.

Shuningdek, to‘xtash maydonchalarini shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda, jihozlash, jumladan ularga panduslar va tutqichlar o‘rnatish, transport vositasining kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda taktil qoplamalarini qo‘llash, shuningdek elektron axborot tablolarini o‘rnatish, piyodalar o‘tish joylari va chorrahalarini, ko‘chalar hamda umumiy foydalanishdagi yo‘llarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga muvofiq moslashtirish, chorrahalarda esa tovushli va vizual signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish zarurligi ham qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoit yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalariga oid huquqiy hujjat bor. Mazkur hujjatda qonun talablarini bajarishga oid har bir masala aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Oddiy misol, piyodalar o‘tish joylari ariq va lotoklar bilan tugashi mumkin emas. Ularning usti beton qoplamalar bilan yoki boshqa vositalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay shaklda berkitilishi lozim.

Buning o‘zigina emas. Qurilish vazirligi qoshida nodavlat nazorat inspeksiya hamda bino va obyektlarni qabul qilish davlat komissiyasi bor. Lekin negadir bugungi qurilish maydonida ularning ishtiroki u darajada sezilmayapti. Vaholanki, qurilish sohasining qay bir yo‘nalishi bo‘lishidan qat’i nazar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratilmasa, ular o‘zlarining boshqa qonuniy huquqlaridan ham foydalana olmaydi.

Qatortol va Taxtagul ko‘chalari kesishmasi

 

Yana bir jihati shundaki, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay bo‘lgan sharoit barcha uchun qulaydir. Buning aksi bo‘lsa, notenglik va huquqlarning cheklanishiga olib keladi.

Mana bu yil Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishi bilan bog‘liq bir yillik hisobot berildi. Unda ham mazkur masalalarga alohida o‘rin berilgan. Ya’ni, kamchiliklar bor va ularni bartaraf etish zarur.

Taklifimiz shundan iboratki, ushbu masala parlament nazoratiga olinsa va parlament darajasida muhokamaga qo‘yilsa. Chunki jamoatchilik nazorati bor. Nodavlat tashkilotlari, XDP faollari va boshqa aloqador tashkilotlar qator ishlarni amalga oshiryapti. Monitoring ham olib borilyapti. Biroq natija kutilgandek emas. Ya’ni, Qurilish vazirligi va ular orqali qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish uchun masala parlamentda ko‘rib chiqilishi kerak, deb hisoblaymiz. Chunki bu borada qonunchilik me’yorlari bor, qurilish talablari bor, hatto ma’muriy javobgarlikka, ya’ni jarimaga tortish bilan bog‘liq me’yor ham belgilab qo‘yilgan. Aybdor yoki javobgar kim degan savollarga javob topish uchun ham tegishli tashkilot va idoralar ishtirokida parlament muhokamasi amalga oshirilishi zarur, deb o‘ylayman.

Mayli, hamma narsani birdan o‘zgartirib yuborishning imkoni yo‘q. Buni tushunamiz. Lekin birinchi qadamni tashlash mumkinku. Misol uchun, birinchi bosqichda yo‘llar, bekatlar, svetoforlar, jamoat transportlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga uchun qulay holatga keltirish bo‘yicha doimiy nazorat olib borish lozim.

Chindan ham, piyodalar o‘tish joylari haydovchiga ham, piyodaga ham qulay shaklda tartibga solishini kerak. Biz esa guvohi bo‘ldikki, piyodalar o‘tish joylarining hammasi ham ushbu talabga javob bermaydi. Vaholanki, piyodalar yo‘lning bunday qismidan qo‘rqmasdan o‘tishi kerak. Aholi xavfsizligiga xizmat qilish uchun mo‘ljallangan yo‘l chiziqlari, aksincha, ularning hayotini xatarga qo‘ymoqda va qiyinchiliklarga sabab bo‘lyapti.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

«O‘zbekiston ovozi», 6.12.2023, №48

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish