Mehr bersang – mehr topasan

 

Mamlakatimizda meh-oqibat, og‘ir kunlarda bir-biriga yordam ko‘rsatish, o‘ksik qalblarga mehr ulashish azaliy qadriyatlarimiz sanaladi. Mamlakatimizda inson qadri va sha’nini ulug‘lash, haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hatto u jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham barqaror hayotga qaytishi uchun imkoniyat berilmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining imzolagan farmoni ham yana bir insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan muhim hujjat desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar moddalarda o‘z aksini topganligi, Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 334 nafar shaxs afv etildi.

Avf etilgan shaxslarning 34 nafari jazodan to‘liq ozod qilinsa, 249 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinadi. 6 nafariga esa tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 196 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. 45 nafar shaxsga esa tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilmoqda.

Mazkur farmonga binoan nafaqat o‘zimizning fuqarolar afv etilmoqda, balki afv etilganlarning 18 nafari chet el fuqarolari, yoshi 60 yoshdan oshgan erkaklar, 23 nafari ayollar hamda 88 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslardir.

Bayram arafasida afv etilgan 334 nafar fuqaroning oilalarida quvonch. Afv tufayli ozodlikka chiqarilganlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, kechirimlilik, insonparvarlik siyosati olib borilayotgan yurtimizning qadriga yetish, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari lozimligi tushuntirildi. Bu insonlar kelgusida to‘g‘ri yo‘l va to‘g‘ri hayot yo‘lini boshlab olishi uchun bandligini ta’minlash, sog‘ligini tiklashni, ijtimoiy moslashuvini, jamiyatda munosib o‘rinni topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar ham berildi. Bu esa yana ularning o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik, yana jinoyat ko‘chasiga kirmaslikka xizmat qiladi.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish