DAVLAT XARAJATLARI O‘Z VAQTIDA AMALGA OSHIRILYAPTIMI?

 

XDP fraksiyasi yig‘ilishida budjet ijrosi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yil 9 oylik ijrosi yuzasidan hisobot tinglandi. 2023 yilning 9 oyligida yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi joriy narxlarda o‘sish sur’ati 5,8 foizni (yil boshidagi prognoz – 5,4%) tashkil etdi.

Bunda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri xizmatlar sohasi bo‘lib, uning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 6,5 foizni (o‘sishdagi hissasi – 2,5 foiz band) tashkil etdi. Shuningdek, sanoat 5,7 foizga, qurilish ishlari 5,6 foiz va qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga o‘sdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda hukumat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib ijtimoiy barqarorlik ta’minlanmoqda. Fraksiya a’zolari hisobot davrida budjet xarajatlarining asosiy qismi - Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari, ya’ni ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflanganligini e’tirof etishdi. Shuningdek, ayrim masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar.

 

Qizilgul Qosimova, XDP fraksiyasi a’zosi:

– Fraksiyamiz tomonidan nazorat-tahlil asosida statsionar-shifoxonalar o‘rganildi. Shifoxonalar allaqachon davlat tibbiy sug‘urtasi asosida ish boshlashi kerak edi. Davlat tomonidan 16,7 milliard so‘m mablag‘ aynan elektoratimiz vakillariga ajratilishi belgilangan. Ammo statsionarlar eski baza, eski kompyuterlar bilan ishlayapti. Ko‘pchiligi xodimlar tomonidan ta’mirlangan. Tizim yaxshi ishlamayapti. Integratsiya qilinmagan. Holbuki, allaqachon ishga tushishi kerak edi. Sizning hisobotingizda keltirilishicha, bu yo‘nalishda 4,4 milliard so‘m, ya’ni bor-yo‘g‘i 26 foizi o‘zlashtirilgan xolos. Nega vazifalar oxiriga yetkazilmagan? Nega xodimlarga qiyinchilik qo‘yilyapti? Yana biz ulardan sifatni talab qilyapmiz. Shuncha ehtiyoj bo‘la turib nega o‘zlashtirilmagan?

Otabek Fozilkarimov. Iqtisodiyot va moliya vazirligi vaziri o‘rinbosari.

– Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirmas ekanmiz, hech qanday tibbiy sug‘urta, islohot ham bo‘lmaydi. Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, uni joriy qilishni istayotganlar bilan birga istamayotganlar ham bor. O‘zim guvohi bo‘ldim. Xabaringiz bor, gemodializ oluvchi bemorlarni bepul filtrlar bilan ta’minlaymiz. Bu ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun barcha bemorlarni to‘liq raqamlashtirishga majbur bo‘ldik. Ishonasizmi, 40 foiz kasal chiqmayapti. Biz mana shuncha kasallar bor, deb hisobot yuritganmiz. Bu raqamlashtirishning bitta natijasidir.

XDP fraksiyasi a’zolari tomonidan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining joriy yil 9 oylik ijrosi partiya elektorati manfaatlari nuqtai-nazaridan tahlil qilinib, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishdagi keng qamrovli, mas’uliyatli faoliyat ijobiy baholandi va Hukumat hisoboti ma’qullandi.

Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish, bojxona va yuk operatsiyalarini amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalanishni kuchaytirish muhim vazifalardan biridir. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, globallashuv jarayonida respublikaning tashqi savdo aylanmasi hajmlari ortib borayotgani, transchegaraviy elektron savdoning rivojlanish omillari sohani to‘liq raqamlashtirishni taqozo etmoqda.

Fraksiya yig‘ilishida mazkur masalalarga bevosita aloqador, ya’ni “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona va Soliq kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, Bojxona kodeksiga to‘lanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan bojxona yig‘imlari bojxona organlari tomonidan tegishli harakatlar va tartib-taomillar bajarilishidan oldin to‘lanishi belgilanganligini inobatga olib, mazkur yig‘imlarni tegishli harakatlar va tartib-taomillar bajarilishidan keyin to‘lash imkoniyati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari chegara o‘tkazish punktlarida avtotransportlar harakatini yanada tartibli tashkil etish hamda nazopat tartibotlarini soddalashtirish, respublikaga kirib kelayotgan va tranzit o‘tayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni yengillashtirish muhimligini ta’kidladi. Avtotransport vositalaridan chegara postlarida yig‘imlarni undirish jarayoni ko‘shimcha vaqt talab etib, tirbandliklar va ortiqcha to‘siqlarga olib kelayotgani, ushbu qonun loyihasi mazkur masalalarga yechim bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish