O‘zA: XDPdan yangi tashabbus: dori tayinlashda farmatsevtika tashkilotlaridan rag‘bat olishga chek qo‘yiladi

 

Kundalik hayotimizda turli dori vositalarining reklamasini har kuni, har soatda kuzatishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki ularning reklamasi juda ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi ishchi guruhi yig‘ilishida dori vositalari reklamasi, shifokorlarning kasbiy mas’uliyati, dorixonalar faoliyati bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlarda yangi qonun tashabbusini ilgari surish masalasi muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish borasidagi ijobiy ishlarni qayd etgan holda dori vositalarining reklamasi, ularning savdosi va qo‘llanilishi borasida qonunchiligimizda ayrim bo‘shliqlar ko‘zga tashlanayotgani, yechimini kutayotgan muammolar kuzatilayotganini aytdi.

Jumladan, dori vositalari reklamasi turli ko‘rinishlarda avj olayotgani, ba’zi shifokorlar tomonidan bemorlarga asosan qimmat dori vositalari tavsiya qilinayotgani, dori vositalari narxlari sun’iy oshib ketayotgani, bunday salbiy holatlar barcha yurtdoshlarimizga ziyon yetkazayotgani, ayniqsa, kam daromadli oilalar qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Partiya fraksiyasi sohaga doir qonunlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil o‘rganib bormoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham qator murojaatlar tushmoqda.

Shulardan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

– Amaldagi qonunchiligimizda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini buzganlik, dori vositalarini shifokor retsepti bo‘lmagan hollarda chakana realizatsiya qilish, tibbiyot amaliyotida foydalanishni taqiqlash hamda dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun yetarli darajada javobgarlik belgilanmagan, – dedi M.Vorisova. – Dori vositalarining reklamasini tartibga solish bo‘yicha ta’sirli choralar ham mavjud emas. Shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlar olish qonunchiligimizda taqiqlanmagan. Bu esa  fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

O‘zXDP fraksiyasi tomonidan taklif etilayotgan qonunchilik tashabbusiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan holatlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibini buzganlik va dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasi bilan tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlarni olishga chek qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, dori vositalarining reklamasini cheklash taklif qilinmoqda.

Fraksiya a’zolari mazkur qonunchilik tashabbusi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishini, dori vositalari insonning dardiga shifo bo‘lishi kerakligi, ularning sog‘likka xavf tug‘dirishiga, g‘irrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA

 
 
 
 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish