Ular 9,5 milliondan ko‘p

 

Bundan bir necha yillar avval jamiyatimizda qiynalgan, aldangan, e’tiborsiz qolganlar orasida yoshlar ko‘proq edi. Maktab va kollej davridagi bir necha oylik paxta, o‘qishning o‘lda-jo‘ldaligi, oliy ta’lim imkoniyatlarining haddan tashqari cheklangani, ishga joylashish haqidagi ma’lumotlarning soxtaligi va boshqa ko‘p muammolar qiynardi.

“Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar yoshlar toifasiga kiradi. Bugun ularning soni esa 9,5 milliondan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu mamlakatimiz umumiy aholisining deyarli 27 foizi yoshlardan iborat, degani.

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga e’tibor, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, qobiliyat va iste’dodlarini rivojlantirish kabi masalalar davlatimiz siyosatining doimiy kun tartibidan o‘rin oldi.

15 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishgani bunga yaqqol misoldir.

Xabarda aytilishicha, chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalishda amalga oshirilgan. Yurtimizdagi alohida e’tiborga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 ming nafarining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashilgan. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlangan, 56 mingi esa kasb-hunarlarga o‘qitilgan.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetib, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kungacha qisqartirilgan.

2023 yil davomida yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilgan. Xususan, yordam doirasida talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘langan, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berilgan va ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratilgan.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlangan.

Yaqin yillargacha bunday natijalarni tasavvur qilish qiyin edi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo‘nalishda –mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olingan. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida esa jami 623 ta sport maydonchasi barpo etilgan.

Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirilgan. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilingan.

Hisobotda Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan “To‘dako‘l” xalqaro shaxmat maktabi to‘g‘risida ham ma’lumot berilgan.

Zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o‘g‘il-qizni o‘qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo‘yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratilgan.

Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.

Yig‘ilishda bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirilgan. Mazkur tashkilot «Kamalak» bolalar tashkiloti negizida tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlarni 1,5 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

 

PARLAMENTDA YOSHLAR BILAN MULOQOT

18 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Qonunchilik palatasining rahbariyati, fraksiya rahbarlari, deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanoti” vakillari va talaba yoshlar ishtirok etdi. Shu bilan birga, barcha hududlarda tashkil etilgan studiyalar orqali faol va tashabbuskor yoshlar hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining hududlardan saylangan a’zolari ham qatnashishdi.

Ilk bor bunday keng ko‘lamli formatda tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritildi.

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘z so‘zida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yosh avlodning huquq va manfaatlari mustahkamlab qo‘yilgani yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berishini aytib o‘tdi.

Spiker yoshlarni parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ularning faolligini yanada kuchaytirish, yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, o‘tgan qisqa davrda yoshlarga oid 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish maqsadida yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan.

Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda ham yoshlarimizning alohida faollik ko‘rsatgani e’tirof etildi.

Bosh qomusimizda yoshlarning huquq va manfaatlari alohida moddalar bilan muhrlab qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish, qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyat olib bormoqda.

Uchrashuvda siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqib, bugungi kunda qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, fraksiyalar tomonidan yoshlar faolligini oshirish uchun ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar, yangi tashabbus va takliflar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari:

– Yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani hammamizga yaxshi ma’lum.

O‘tgan davr mobaynida partiyamiz tizimida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlarga ko‘mak”, “Yosh yetakchi”, “Qonunchilik yoshlar nigohida”, “Safimizdagi yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Imkoniyat siz uchun!”, “Biz bir safdamiz” kabi 10 ga yaqin loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Bu esa xayrixohlarimiz safining yanada kengayishida alohida ahamiyat kasb etadi. Partiyamiz tomonidan yoshlarning turli sohalarda intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchillik bilan davom ettiriladi.

Uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar ham ko‘plab taklif va tashabbuslar bildirishdi.

 

Dilshod MIRZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

– Men Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida siyosiy partiyalarning fraksiyalari faoliyatini doimiy kuzatib boraman. Menimcha, fraksiyalar saylovoldi dasturidan kelib chiqib bahs-munozaralar, debatlar o‘tkazib turishi kerak. Shuningdek, fraksiyalar tomonidan yalpi majlislarda qanday masalalar ko‘tarilgani yuzasidan brifinglar, sharhlar berib borish yo‘lga qo‘yilsa, juda foydali va samarali bo‘lar edi.

 

Berdax JIYYENBAYEV,

qoraqalpog‘istonlik faol yosh:

– Prezidentimiz shu yil 15 dekabrda yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Hisobotda taqdim etilgan ma’lumotlarni ko‘zdan kechirsak, yoshlarga qancha e’tibor berilayotgani va u qanchalik samara berayotganiga ishonch hosil qilamiz. Prezidentimiz tomonidan kelgusi yilda yoshlar siyosatidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Bu bolalar iste’dodini rivojlantirish, ularning qizishlari ortishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Farzona ISKANDAROVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi:

– Qonunchilik palatasida tashkil etilgan uchrashuv biz uchun juda foydali bo‘ldi. Chunki biz quyi palata faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, palata majlislarining onlayn uzatilayotgani biz, bo‘lajak yuristlar uchun foydali bo‘lmoqda. Sababi, qabul qilinayotgan qonunlar mazmuni, muhokamalar jarayoni, tortishuvlar, bahs-munozaralar bizda katta qiziqish uyg‘otyapti. Bundan tashqari, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qonun loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflardan ham xabardor bo‘lib turibmiz. Umuman olganda, bugungi ushrashuv bizda katta taassurot qoldirdi.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 20.12.2023, №50

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish