Bugun zamonaviy hayotni ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etish qiyin. Hozir qay bir sohani olmang, uning rivoji uchun eng avvalo, ta’lim tizimi rivojlangan bo‘lishi kerak. Zero, inson kapitaliga, uning iqtidoriga e’tibor qaratmay turib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha kuch hamda imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.
Ma’rifatparvar olim Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan iborasi hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Bugun dunyo bilan bo‘ylashishimiz uchun yoshlarning bilim va tafakkuri muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, keyingi yillarda yurtimizning barcha hududlarida ko‘plab zamonaviy yangi maktablar qurildi. Uzluksiz ta’lim tizimida, xususan, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishlarida katta o‘zgarishlar yuz berdi.
Ana shunday islohotlarning natijasini Jizzax viloyati Baxmal tumanida ham ko‘rdik. Xususan, tumandagi 19 ta DMTT, 7 ta DXSH asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 131 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 11308 nafar 3–6 yoshli bolalar tarbiyalanmoqdalar. Ushbu maqsadli islohotlar natijasida maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 72,2 foizdan 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi turdagi ta’lim maskanlari, jumladan, ixtisoslashgan maktablar, Prezident maktablariga tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Baxmal tumanida bugungi kunda ta’lim muassasalarining umumiy soni 86 tani tashkil qiladi. Shundan 85 tasi umumta’lim maktablari bo‘lib, ularda 32531 nafar o‘quvchiga 3015 nafar oliy ma’lumotli pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda, Barkamol avlod bolalar maktabida esa 1261 nafar o‘quvchi to‘garaklarga jalb qilingan.
Birgina 2023 yilni oladigan bo‘lsak, 24- va 55- maktablarda zamon talablariga mos ravishda sport zallari qurib bitkazildi. 24 ta umumta’lim maktablariga 408 dona zamonaviy kompyuter uskunalari yetkazib berilgan.
“Tashabbusli budjet” doirasida 2023 yilning birinchi bosqichida tumandagi 41-, 47-, 66-, 74-maktablarning sinf xonalari kerakli o‘quv jihozlar bilan, ya’ni, kompyuter, elektron doska, stol-stullar, o‘quv partalar bilan jihozlandi. Umuman olganda, maktablardagi sharoitni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Bu, albatta, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Misol uchun, 2022-2023 o‘quv yili yakunida 34 nafar bitiruvchi oltin, 4 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, 2162 nafar bitiruvchining 32 foizi oliy ta’lim dargohlariga talabalikka qabul qilingan. Yaqin kelajakda ushbu natijani 40-50 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Qo‘lga kiritilgan yutuqlar bizni yanada ruhlantirishi kerak. Chunki globallashuv davrida jahonda ilm-fan, texnika va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Bu o‘z navbatida ta’lim, ilm-fan oldiga yangi marralarni qo‘ymoqda. Ta’lim tizimini muntazam isloh etish, o‘qitishning zamonaviy usul va vositalarini takomillashtirish, ta’lim mazmunini boyitib borish zamon bilan hamnafas bo‘lishning asosiy talabi bo‘lib qolaveradi.
Shu o‘rinda yurtimizdagi ta’lim tizimi xalqaro standartlarga to‘liq javob beradimi, degan tanqidiy savol bilan Baxmal tumanida mazkur sohada yechimini kutayotgan masalalarga nazar tashlaymiz.
O‘rganishlar natijasida tumandagi “Oqtosh” MFY Hamid Olimjon ko‘chasida joylashgan 640 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 5-umumta’lim maktabi jamoasi “Faollar zali” qurilishini intiqlik bilan kutmoqda. Shu bilan birga, muassasada ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo ham bor. Maktab binosi yo‘l yoqasida joylashgani uchun piyodalar o‘tish joyiga svetafor o‘rnatilishi xususida jamoa deputatlardan amaliy yordam so‘radi.
Yana bir masala. Tumanda joylashgan 59-umumta’lim maktabiga 120 nafar o‘quvchi 3 km masofadan qatnab o‘qiydi. Ularga qulaylik yaratish uchun maktab filialini qurish taklifini davlat das turiga kiritish bilan bog‘liq masala belgilab olindi.
Har bir mamlakat istiqbolli rejalar tuzar ekan, avvalo, ta’limga katta e’tibor qaratadi. Sababi, ta’lim har bir jamiyatning kelajagi, madaniyati va taraqqiyotini harakatlantiruvchi eng asosiy drayverlardan hisoblanadi. Demak, mazkur tizimni rivojlantirishga, yangilashga qaratilgan islohotlarning samarali ijrosini ta’minlash uchun doimiy ravishda jamoatchilik nazorati ham o‘rnatilishi kerak. Partiyamiz deputatlari bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda.
Nuriddin XOLMATOV,
O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 20.12.2023, №50