Sog‘lom xalq katta ishlarga qodir bo‘ladi

 

Inson kapitalini rivojlantirish, albatta, aholi salomatligi ko‘rsatkichlari yaxshilanishi bilan chambarchas bog‘liq. Salomatlik insonning turmush tarzi, hayot darajasi va sifati ko‘rsatkichidir. Sog‘lom jamiyat davlatning strategik maqsadi, milliy xavfsizlikning muhim sharti sanaladi.

Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda olish huquqi, davlatning sog‘liqni saqlash, tibbiy sug‘urtani rivojlantirish, sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi kafolat va majburiyatlari mustahkamlandi. Fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekani belgilandi.

Bu borada “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham muhim vazifalar qo‘yilgan. Ushbu chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida tibbiyotdagi islohotlar inson manfaati yo‘lida izchil davom etmoqda. Xususan, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Unga ko‘ra, oilaviy shifokorlik punktlarida 68 turdagi nozologiya, 15 turdagi laboratoriya (amalda 5 turdagi), 15 turdagi instrumental tekshiruvlar (amalda 10 turdagi), 78 turdagi dori-darmon bo‘lishi kerak.

Oilaviy poliklinikalarda 85 turdagi nozologiya, 15 turdagi laboratoriya (amalda 10 turdagi), 23 turdagi instrumental tekshiruvlar (amalda 15 turda), 90 turdagi dori-darmon, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada esa 110 turdagi nozologiya, 22 turdagi laboratoriya, 28 turdagi instrumental tekshiruvlar, 137 turdagi dori-darmon bo‘lishi belgilandi.

Tuman, shahar markaziy shifoxonalarida 257 turdagi nozologiya, 46 turdagi laboratoriya, 28 turdagi instrumental tekshiruvlar, 234 turdagi dori-darmon bo‘lishi nazarda tutildi. Buning uchun sog‘liqni saqlash sohasiga 2023 yilda davlat budjetidan 20,3 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 5,5 trillion so‘mi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga to‘g‘ri keladi yoki umumiy ajratilgan mablag‘ga nisbatan 27 foizni tashkil etadi.

 

Mablag‘ shifoxonaga emas, bemorga ajratilmoqda

Sog‘liqni saqlash sohasida hududlar tibbiyot muassasalariga davlat budjetidan jami 17 trillion 944 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ 2016 yildagidan 5 barobar ko‘p. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash uchun mablag‘ 12 barobar ko‘paytirildi. Eng muhimi, mablag‘ shifoxonaga emas, bemorga ajratilmoqda.

Birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirishga kirishildi. O‘tgan yildan har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan 17 ming 400 ta tibbiy brigadasi tashkil etildi, aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimi uchun shtat ajratildi. Qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy UTT va EKG apparatlari bilan ta’minlandi, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.

 

Sifatli tibbiy xizmat mahallaga tushirildi

Tibbiy xizmatlarni mahallagacha tushirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. 2023 yilda 1251 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1082 ta oilaviy poliklinika, 209 ta KTMP faoliyati ta’minlandi. Respublikada mavjud mahalla fuqarolar yig‘ini aholisiga “bir qadam” tamoyili asosida tibbiy xizmatlar yaqinlashtirildi. Jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarigacha 3 kilometr masofada joylashgan mahallalar 62 foizga yetkazildi (5 806 ta mahalla), 3-5 kilometrgacha 23 foiz (2 151 ta mahalla)ni tashkil etadi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har 2000 aholiga 1 ta, respublika bo‘yicha jami 17 ming 400 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, oilaviy shifokorga yordam beradigan umumiy amaliyot hamshirasi, patronaj hamshiralari, patronaj doyalar jamlandi. Amaliyotda kam samara bergan aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklari o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha davriy profilaktik ko‘riklar va tibbiy skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bu, o‘z navbatida, onalar va go‘daklar o‘limi kamayishi, noinfeksion — yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning erta aniqlanishi, asoratlari kamayishiga olib kelmoqda.

Tizimda elektron raqamlashtirish bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. “Elektron poliklinika” tizimida 2500 dan ortiq birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi (BTSYOM) ishlamoqda. 2023 yil 1 oktyabr holatiga 32 milliondan ortiq aholi elektron axborot tizimi orqali BTSYOMlarga biriktirildi. Tizimda oilaviy shifokorlardan tor doiradagi mutaxassislarga, tor doiradagi mutaxassislardan oilaviy shifokorlarga yo‘naltirish amaliyoti yaratilmoqda.

Ushbu tizim orqali aholini oilaviy shifokorlarga biriktirish, shu bilan birga, bemorni ambulator tibbiyot muassasasidan statsionar tibbiyot muassasasiga elektron yo‘naltirish amaliyoti sinovdan o‘tkazilmoqda.

 

Murakkab tibbiy amaliyotlar o‘zimizda o‘tkazilyapti

Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilmoqda. Bugungi kunda tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda.

Birgina misol — qisqa davrda buyrak, jigar va o‘zak hujayralarda 1000 dan ortiq murakkab operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Aholiga yuqori texnologiyali tibbiy yordamni yaqinlashtirish maqsadida barcha viloyatlarda ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlar filiallari tashkil etilib, avval faqat xorijda yoki poytaxtda qilingan operatsiyalar bugun barcha viloyatlarda va ba’zi tumanlarda ham bajarilmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasini O‘zbekistonga olib kirish, mutaxassislarning chet elda malaka oshirishini ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda shifoxonalar komplekslarini tashkil etish bir paytlar orzu bo‘lgan, bugun amalga oshayotgan voqelikdir.

Maktabgacha ta’lim va o‘rta ta’lim tizimida sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish bilan kasalliklarni erta aniqlashni 70 foizga yetkazish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan nogironlik va erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri, deb o‘ylaymiz.

To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida aholining yoshi, jinsi va mavjud kasalliklaridan kelib chiqib, ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, har bir mahallada volontyorlik jamiyatlarini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha individual maslahatlar berish, mahallalarda ertalabki badantarbiya va kechki sayrlarni tashkillashtirishga e’tiborni kuchaytirish kerak. Buning natijasida ortiqcha vazn hamda semizlik, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar asoratlari, nogironlik va erta o‘limning kamayishiga erishish mumkin.

Tibbiyot akademiyasi, ixtisoslashgan ilmiy markazlar, hududlarda institutlar bor. Ularni hududlarga biriktirish yo‘li bilan sog‘lom tibbiy-ijtimoiy muhit yaratish zarur. Mas’ul mutaxassislarni o‘z mahallasida kasalliklar kamayishiga qarab rag‘batlantirish amaliyotini joriy etish mumkin.

Oldimizdagi vazifa va maqsadlar juda ulkan, kuchlarni birlashtirib, sobitqadamlik bilan harakat qilsak, albatta, muvaffaqiyatga erishamiz. Zotan, sifatli tibbiy xizmatga ehtiyoj hech qachon kamaymaydi. Eng katta boylik xalqimiz salomatligidir. Sog‘lom xalq katta ishlarga qodir bo‘ladi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 
 
 
 
 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish