IT sohasida band bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

 

Inson qadri uchun tamoyili asosida mamlakatimizda uzoq yillarga mo‘ljallangan taraqqiyotimizning asosiy maqsadlaridan biri aholining bandligini ta’minlash, sohalarning rivojlanishiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish orqali ishsizlikning oldini olishdan iborat. Bandlikni ta’minlash uchun qabul qilingan dasturlarni ro‘yobga chiqarish orqali esa mamlakat aholisi turmush darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda, ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan eng samarali usulda foydalanish, ularni sohalar kesimida tatbiq qilish orqali insonlarning hayotini qulaylashtirish, vaqti va mablag‘ini tejash, muhimi, jamiyatda shaffoflikni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan ushbu jihatlar qayd etildi. Ya’ni, IT sohasini rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali shaffof, korrupsiyadan xoli bo‘lgan tizimni yaratishni jadallashtirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab berdi.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari 2024 yildan boshlab hududlarda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishini e’lon qildi. Bunda:

– IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;

– iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;

– 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;

– eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Bu maqsadlarga kelgusi yilda 65 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho’ba korxonalarini ochadi.

Bu o‘z navbatida aholiga daromadlarini oshirish, eksport imkoniyatlarini rag‘batlantirish bilan bir qatorda shu soha mutaxassislari bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Shohista TURG‘UNOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish