Aniq taklif va amaliy tashabbuslar ilgari surildi

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish bugun kechiktirib bo‘lmas masalalardan biri hisoblanadi. Uning mavjudligi davlatga, jamiyatga, inson haq-huquqlariga va hayotimizning barcha jabhalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu illat mamlakatda demokratiya va inson huquqlari institutlarning mustahkamlanishiga ham jiddiy putur yetkazadi. Keng jamoatchilikda hokimiyatga bo‘lgan ishonchni so‘ndirib, jamiyatdagi tinchlik, osoyishtalik, adolat, qonun ustuvorligi kabi ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarning buzilishiga olib keladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, mamlakat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “Yo‘l xaritalari” va dasturlar tasdiqlandi hamda qator nodavlat notijorat tashkilotlari bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishi yurtimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni samarali amalga oshirilishini ta’minladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirilmoqda. Barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.

Shubhasiz, bu borada Milliy Strategiyaning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi orqali milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, mamlakatda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy tizim yaratiladi. Asosiysi, mamlakatning bu sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar bo‘yicha ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimining aynan bizning yurtimizda bo‘lib o‘tishi zamirida katta ma’no bor. Bu o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini va imidjini oshishiga katta hissa qo‘shadi.

Aytish joizki, mazkur tadbir O‘zbekiston ichki barqarorligi va izchil taraqqiyoti maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan ham juda muhim. Ayniqsa, Prezidentimiz nutqi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini va bu ortga qaytmas darajaga chiqqanini anglatadi.

Ushbu nufuzli tadbirda ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus keng qamrovliligi va muhimligi bilan alohida ahamiyatga ega. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish haqidagi taklif e’tiborga molikdir.

Shu nuqtai nazardan aytganda, mazkur anjuman O‘zbekistonning faol va pragmatik siyosatining navbatdagi amaliy natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, ushbu xalqaro tadbir mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishida qat’iy va dadil pozitsiyada ekanligini xalqaro hamjamiyatga namoyon etdi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish