Senat Raisi mamlakatimiz yoshlari bilan bevosita muloqot o‘tkazdi

 

Oliy Majlis Senatida Yoshlar forumi doirasida Senat Raisi bilan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.

Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, yosh deputatlar, turli sohalardagi tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar, davlat mukofoti sovrindorlari va stipendiatlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbir orqali onlayn va offlayn tarzida mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Muloqot davomida Senat Raisi T.Narbayeva yoshlarga oid davlat siyosati bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlar, islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ustuvor vazifalar hamda qonunchilikdagi yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi 6 yil mobaynida yoshlar siyosatiga doir 106 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, yoshlarning huquq va erkinliklari yana-da mustahkamlandi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asosi takomillashtirildi.

Ushbu islohotlar Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi tom ma’noda davlat siyosatiga aylanganidan dalolat berishi aytib o‘tildi.

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq bo‘lib, jami aholining 60 foizga yaqinni tashkil qiladi. Bu kabi ko‘rsatkich har qanday rivojlangan va rivojlanayotgan davlat uchun beqiyos boylik manbai hisoblanadi.

Prezident tashabbusi bilan barcha yo‘nalishlar, jumladan ta’lim, tadbirkorlik, ijtimoiy ko‘mak va boshqa sohalarda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi yangi darajaga olib chiqilgani e’tirof etildi.

Jumladan, oliy ta’lim qamrovi so‘nggi 6 yilda 4 barobarga oshdi (9 foizdan 38 foizga). 151 ming talabaga 1,7 trillion so‘mlik imtiyozli ta’lim kreditlari berildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim - “Yoshlar daftari” joriy etildi. Shu yilning o‘zida 282 ming yoshlarga 416 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Respublika bo‘yicha yoshlarning 124 mingi kasb-hunarlarga, 133,8 mingi esa tadbirkorlikka o‘qitildi.

Yoshlar tadbirkorligini kreditlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, bugunga qadar 253 ming 789 nafar o‘g‘il-qizga 6,2 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Ushbu amaliy ishlar natijasida oxirgi 6 yilda mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar 8 barobarga ko‘payib, ularning soni 750 mingdan oshdi.

Yoshlarimiz ham yaratilgan mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamiyatda o‘zini to‘la namoyon etmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iste’dodli, fidoyi yoshlarning 758 nafari turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi yoshlarning siyosiy-huquqiy ongi va savodxonligi, ijtimoiy faolligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonunchilik jarayonlariga yoshlarni jalb qilish borasida muhim ahamiyat kasb etayotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Senat Raisi muloqot davomida yoshlarning ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi lozimligiga to‘xtaldi.

Xususan, mahalliy Kengashlar va Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqilayotgan qonunlar bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, yoshlar o‘zlarining muhim masalalari yuzasidan fikrlari, g‘oyalari va takliflarini Yoshlar parlamentidagi vakillari orqali Senatga va uning qo‘mitalariga yetkazib borishlari, yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan aloqalar o‘rnatish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, parlamentda, mahalliy Kengashlarda yosh deputatlar salmog‘ini yigit-qizlar soniga mos ravishda oshirib borish shular jumlasidan.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Men OʻzXDPni tanladim Oliy Majlis Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish