Mahallalar uyushmasi insonni jamiyat bilan uyg‘un yashashga o‘rgatadigan tizimga aylansin
Mahalla - uzoq o‘tmishimiz, mahalla - bugunimiz, mahalla - shubhasiz kelajagimizdir. Aynan shu halqa hayotimiz davomiyligi asosini ta’minlab keladi. Ayniqsa, ming-ming yillardan buyon o‘z qadriyatlariga ega, milliyligi an’anaga aylangan bizning zaminda shundaydir.
Xabaringiz borki, Prezident “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga imzo chekdi. Albatta bunday sa’y-harakatlar inson qadri uchun, xalqimiz uchun uzoq yillar xizmat qiladi.
Xususan, tashkil etilayotgan O‘zbekiston mahallalari uyushmalarining asosiy vazifalari sifatida xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilma shakliga keltirish belgilangan. Shuningdek, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining ishtirokini ta’minlash kabi bir qator me’yorlar ham o‘rin olgan.
Shular ichida “mahalla yettiligi”ga to‘xtalib o‘tsam. Bu jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda fidoiyilik ko‘rsatadigan kuchlardir. Negaki, aholi orasiga kirib ulardagi muammolarni o‘z vaqtida va samarali yechilishida “mahalla yettiligi” vakillarining alohida o‘rni mavjud.
O‘zbekistondagi olimlar “mahalla insonni jamiyat bilan uyg‘un yashashga o‘rgatadigan, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik, do‘stlik, hamkorlik rishtalarini qaror toptirishga, inson kamoloti va jamiyat rivojini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim vosita sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q”, degan xulosada o‘z fikrlarini bildirmoqda. Ushbu firklarning qanchalar haqiqat ekanini esa hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yangi O‘zbekiston mahallalarining tashqi manzarasi ham, ichki shakl-tamoyili ham, odamlar dunyoqarashi ham tubdan o‘zgargan — farovonlik, obodlik, ulug‘vorlik kasb etgan. Yodingizda bo‘lsa bu yo‘ldagi chora-tadbirlar besh yil oldin 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida boshlangan edi.
O‘zgarishlar silsilasi shuni ko‘rsatadiki, xalq bilan samarali muloqot yo‘lga qo‘yildi. Odamlarning dardini eshitadigan yagona tizim yaratildi, murojaatlar tizimli tahlil qilinib, odamlar hayotda bugun yaxshi yashashi uchun katta islohotlar boshlandi. Qonunchilik, huquqiy asoslar tubdan qayta ishlab chiqildi, yangi farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning har birida fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlarida bildirilgan muammolarga yechim topish ko‘zda tutildi. Natijada, bugunga kelib Prezident qabulxonalariga mahalla tizimi yoki hayotdan norozi bo‘lib yo‘llangan murojaatlarni kam uchratasiz. Bunday shukronalikka arziydigan o‘zgarishlarni ko‘p va xo‘p yozishimiz mumkin, har qadamda yangilanishni uchratamiz. Buni inkor etolmaysiz.
Prezidentimizning o‘zi mahallalarga kirib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini o‘rganish, orzu-istaklarini eshitish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Ana shu tizim odamlarga katta kuch-g‘ayrat, bugungi islohotlar mazmundorligiga zo‘r ishonch bag‘ishlamoqda. Sababi, bu kabi dildan, samimiy, tayyorgarlik ko‘rilmagan suhbatlarda kutilmagan masalalar kun tartibiga chiqadi.
To‘kis hayot yo‘q — har joyda, har vaqt muammo bo‘lishi tabiiy. Shunday ekan, Prezidentimizning odamlar bilan uchrashganida bildirilgan fikrlar jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishi foydadan holi emas. Shuningdek, mahallalarga ma’naviyat qaytdi. mahallada kitobxon yoshlar soni ko‘paydi. Kitob — ezgulik manbai. Shu ma’noda, har bir mahallaga ma’naviyatning qaytishi yoshlarni turli illatlar ta’siridan asrashga xizmat qilib, kelajak avlodlarga o‘zligimizni yetkazishdek azaliy vazifa o‘rinlanmoqda, deyish mumkin.
O‘rol O‘RAZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.