Ulug‘bek Inoyatov,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari:
— 2023 yil barchamiz uchun muhim siyosiy jarayonlarga boy yil bo‘ldi. Xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyatini namoyish qilib, katta bir uyushqoqlik va hamjihatlik bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qildi. Bu hujjat Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirgani, unda aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani bilan qadrlidir.
Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi qator ijtimoiy masalalarga Bosh qomusimizda keng o‘rin berildi. Maktabgacha ta’lim masalasi ilk marta Konstitutsiyadan joy oldi. O‘qituvchilarning maqomi, manfaatlari belgilandi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’lim olishi, mehnat qilishi uchun zarur sharoit yaratish, inklyuziv jamiyat barpo qilish bilan bog‘liq huquqlar o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilindi. Unda belgilangan vazifalarning katta qismi partiyamiz dasturiy g‘oya va maqsadlariga chambarchas bog‘liqligi muhim ahamiyat kasb etdi. Shu sababli partiyamiz strategiyani qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, uni amalga oshirishda barcha darajadagi tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faol ishtirokini ta’minlashga intilmoqda.
2024 yilgi reja va dasturlarimizni yangilangan Konstitutsiyani ro‘yobga chiqarish, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining maqsadlarini amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada takomillashtirmoqdamiz.
Tilagim – yangi yilda Vatanimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lsin, barcha ezgu niyatlar ro‘yobga chiqsin!
Munojot Yo‘lchiyeva,
O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni:
— Yurtimizdagi barcha yangilanish va o‘zgarishlarning barchasi san’at va madniyat sohasida yangiliklarga, ko‘rsatilayotgan e’tibor, ko‘mak, moddiy va ma’naviy rag‘bat yaxshi natijalarga asos bo‘lmoqda. San’at olamining vakili sifatida o‘zimizning amaliy ishlarimiz, ijodimiz bilan insonlar qalbiga ezgulik ulashishga, taraqqiyotga eltuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishga kamarbasta bo‘lishga hamisha tayyormiz.
Biz ta’lim berayotgan Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa va san’at institutida ko‘plab yoshlar maqom yo‘nalishida o‘zlarini kashf qilmoqda. Nafaqat kashf qilyapti, balki xalqaro nufuzli sahnalarda milliy san’atimizni namoyon etyapti, targ‘ib qilyapti. Bu ham davlatimiz rahbari e’tiborining hosili, deb o‘ylayman.
Yana bir jihati, san’at bugun ilmiy jihatdan ham boyib bormoqda. Biz bilan bir safda ishlab kelayotgan oddiy o‘qituvchilardan tortib, professorlargacha nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalarni chop etib, izlanishlarni amalga oshiryapti.
Masalan, shogirdlarimdan biri maqom yo‘nalishida PhD darajasini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, u yigit bakalavr bosqichini akademik xonandalik yo‘nalishida bitirgan. Magistrlik bosqichini esa an’anaviy xonandalik yo‘nalishida davom ettirdi. Bu ham sohadagi yangilik. Boshqa bir ayol shogirdim esa Zulfiya mukofoti sovrindori va ayni paytda monografiyalar yozmoqda. Yaqin kunlarda uning ham ana shunday unvonni qo‘lga kiritishiga ishonaman.
Yangi yilda yangi talantlarni kashf etish, turli ijodiy loyihalarni amaliyotga tatbiq qilish niyatimiz. Xalqimizga avvalo salomatlik yor bo‘lsin. Chunki keyingi yillar davomida xastaliklar tufayli katta yo‘qotishlar bo‘ldi. Shu sababli har bir yurtdoshimizga, butun dunyo ahliga sog‘lik, xotirjamlik, tinchlik-omonlik tilayman.
Odiljon Iminov,
Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi:
— Bu yil, umid qilamizki, yuz yillikning eng og‘ir talofatlaridan biri sanalgan koronavirusdan to‘liq xalos bo‘ldik. Pandemik vaziyat 2022 yilda ham davom etgan edi. Sog‘liqni saqlash sohasida, tez yordam, statsionar bilan ishlash borasida tajriba orttirdik. Qonunchiligimizga ham bu borada o‘zgartirishlar qilindi. Tizimga innovatsion texnologiyalar jalb qilindi.
Pedagoglarning maqomi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi ijtimoiy sohaga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirdi. Ishonamanki, bu jamiyatda o‘qituvchining obro‘-e’tiborini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bularning barchasi Konstitutsiyaning yangilangani sabab bo‘ldi. Avvallari bitta jumla bilan ifodalangan me’yorlar moddalar, boblar ko‘rinishida Bosh qonunimizdan joy oldi. Ana shu asosida me’yoriy hujjatlar o‘zgartirilyapti, yangilari qabul qilinmoqda.
Kelgusi yil bu yilgidan ham samaraliroq bo‘lishi zarur. Bu esa parlament vakillariga katta mas’uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, qator masalalarni ish rejamizga kiritganmiz. Misol uchun, organlar transplantatsiyasi bilan bog‘liq qonun tasdiqlangan. Ammo uning ijrosini ta’minlash uchun yechishimiz zarur bo‘lgan qator masalalar bor. Chunki bu yangi jarayon, yangi soha. Kadrlar malakasini oshirish, jarrohlik amaliyotini bajarish borasida tajriba almashish choralarini ko‘rish bo‘yicha nazorat olib borish kerak.
Ikkinchidan, 5 yarim yoshdan 6 yarim yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabga tayyorlash masalasi ham eng yirik muammolar sirasidan joy olgan. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham bu borada alohida vazifalar, xususan, har bir insonni barkamol shaxs sifatida shakllanishi uchun qonunchilik bazasini yaratish belgilangan. Kelgusi yilda har bir masala bo‘yicha o‘rganishlar olib borish, muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘ylaymanki, 2024 yilda ularning ijrosini ta’minlashda barchamiz kamarbasta bo‘lamiz.
2024 yil mamlakatimizda, mintaqamizda va albatta, butun dunyoda barqarorlik hukm sursin. insonlar yangiliklar yaratib, ilmiy izlanishlarini amalga oshiradigan, orzu-istaklari ro‘yobga chiqadigan yil bo‘lishiga tilakdoshman.
Shomansur Sa’dullayev,
Fanlar akademiyasi S.Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori, akademik, Senat a’zosi:
– O‘tib borayotgan yildan barchamiz minnatdormiz. Ta’lim va fandagi, ilmiy yo‘nalishdagi o‘zgarishlar, yutuqlar ham salmoqli.
Ayniqsa, dekabr oyi men va men kabi ko‘plab olimlar uchun quvonch olib keldi. 16 nafar ilm fidoyilari akademik unvoniga sazovor bo‘ldi va ular qatorida mening ismim borligidan bag‘oyatda shodman. Ro‘yxatni o‘qir ekanman, ism-sharifimni ko‘rib ko‘zlarimga quvonch yoshlari qalqidi. Umrimni ilm-fan, kimyo-texnologiya, tabiiy moddalar kimyosi, sintetik dori preparatlarni tayyorlash bo‘yicha ilmiy izlanishlarga bag‘ishlagan inson uchun bu unvon eng katta sovg‘a.
Faoliyatimga to‘xtaladigan bo‘lsam, 1974 yilda akademik Sobir Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutiga ishga kirganman. Ungacha esa ikki yil zavodda ishlaganman.
Nomzodlik dissertatsiyam paxta kunjarasidan fitin olish texnologiyasiga bag‘ishlangan bo‘lsa, doktorlik dissertatsiyamni «Parpi, omonqora, namatak dorivor o‘simliklari va paxta shrotini kompleks qayta ishlash texnologiyasi» mavzusida himoya qilganman.
Faol moddalarni dorivor o‘simliklardan ajratib olish, strukturasi, samaradorligi, xavfsizligi, uning faolligini aniqlash, amaliyotga tatbiq qilish uchun yangi texnologiyalarni yaratish masalalarida katta ilmiy ishlar qildim. Masalan, Allapinin dori vositasini ishlatish uchun Rossiya patentini olish va «Allapinin» tovar belgisini qayd etish, ushbu doriga respublikamiz talabini qondirish va uni eksport qilib, institut valuta mablag‘larini oshirishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shyapman. Bu ham menga ilhom beradi.
2016 yil 30 dekabrda davlatimiz rahbari «O‘zimizning olimlarni qo‘llab-quvvatlamasak, chet el olimlarini qo‘llashimizga to‘g‘ri keladi», degan edi. Haqiqatan ham 7 yil ichida juda ko‘p qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ilm-fanda katta o‘zgarishlar boshlandi. To‘g‘ri, bularning barchasi birdaniga natija bermasligi aniq. Ammo yo‘lga tushildi, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar ko‘paydi, yosh xodimlarning chet el ilmiy markazlariga borib malaka oshirish imkoniyatlari kengaydi. Bularning barchasi ertangi kun uchun, taraqqiyot uchun amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘rinadiki, olimlarning vazifasi yangi, fundamental bilimlarga asoslanib, fanda yangiliklar yaratish, mahsulotlar hajmi hamda sifatini oshirishdan iboratdir. Ana shunda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan iqtisodiyotimizni boyitishga hissa qo‘shamiz. O‘simliklar kimyosi ham murakkab, ham juda qiziqarli soha. Demak, hali yana ko‘plab yangiliklar yaratish niyatidamiz va izlanishdan to‘xtamaymiz.
Barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan qutlayman!
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Zilola Ubaydullayeva yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 27.12.2023, №51-52