O‘zbekiston – tashqi siyosatda do‘stona munosabat o‘rnatgan davlat

 

O‘zbekistonimizning milliy manfaatlariga javob beradigan hamda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosiy yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha muayyan natijalarga erishildi.

Jumladan, 2023 yil tom ma’noda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si, ta’siri oshgan, qiyofasi yangilangan yil sifatida tarixga muxrlandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Yil davomida mamlakat rahbarining 20 dan ortiq davlatlarda rasmiy va amaliy tashriflarda bo‘lgani Shavkat Mirziyoyevni dunyodagi eng faol Prezidentlar qatoriga qo‘shdi. Bu albatta O‘zbekiston xalqiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Birgina tashqi siyosat emas bali ichki siyosatda ham yaxshi natijalar qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, xalq manfaati hamda xohish-istagini har tomonlama hisobga olishga asoslangan islohotlar jarayoni ochiq va shaffof tarzda amalga oshirilayotgai mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichiga xos alohida jihat hisoblanadi. Mamlakatimizda Prezident Xalq qabulxonalari amaliyoti joriy etilgani, boshqa mamlakat fuqarolarida qiziqish uyg‘otgani sizu bizga sir emas. Davlat va xalq o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilgani fuqarolar muammolarini hal etishda samarali natijalarni ko‘rsatdi, bu tizim albatta o‘zini oqladi.

Fikrimcha, mazkur amaliyot bundan buyog‘iga hukumat va jamiyat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muammolarga duch kelayotgan rivojlangan hamda rivojlanayotgan davlatlar uchun ijobiy tajriba sifatida qo‘llaniladi. Bugun fuqarolarda huquqiy ong sezilarli darajada o‘sdi. Ularning demokratik jarayonlardagi ijtimoiy-siyosiy ishtiroki faollashib, siyosiy partiyalar va parlamentlar faolligi ham tobora kuchaydi. Aholida o‘zgarishlarga aloqadorlik, daxldorlik va mas’ullik hissi oshmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, xususan, qo‘shni mamlakatlar bilan bir-birini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik asosidagi uyg‘un, do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga, yanada rivojlantirishga intilishi mazmunan mafkuraviy, g‘oyaviy va siyosiy jihatdan to‘g‘ri yo‘naltirilganligini ifodalaydi.

Birgina misol, o‘tgan yilda davlatimiz rahbarining qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Qirg‘izistonning do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Unda manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qayd etilib, birinchi navbatda, o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi belgilandi. Faxrlanadigan jihati shundaki, O‘zbekiston yetakchisi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tashkilotning oliy mukofoti MDH Faxriy nishoni bilan taqdirlandi.

O‘zgarishlar silsilasi shuni ko‘rsatib turibdiki, O‘zbekistonning ochiqlik, tenglik, o‘zaro hurmat va do‘slikka asoslangan faol tashqi siyosati xalqaro maydonda munosib o‘ringa ega bo‘lmoqda.

Muxtasar qilib atyganda, yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatida do‘stona va tinchliksevar davlat sifatida konstitutsiyaviy e’tirof etilishi uning diplomatik imidjini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda inson qadri birinchi o‘rinda turishi bugunning, davlat siyosatining poydevori hisoblanadi. Bunday qulayliklarning yaratilishi fuqarolar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan maqsadli va sifatli yordam ko‘rsatish xizmatini yanada kengaytiradi. Umuman olganda, ilgari surilayotgan bu kabi tashabbus va g‘oyalar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

O‘rol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish