Har qanday davlatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
2024-yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar davomiyligining bir ko‘rinishidir. Bu yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirishga, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori oshirilishi, shuningdek, xotin-qizlar va nuroniylar, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi, yoshlarga oid olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘lib, yoshlarning ta’lim olishi, iste’dodlarini yuzaga chiqarishi, ularda tadbirkorlik, ishchanlik, mustaqil fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish, bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun sharoit yaratib berish, umuman yoshlar masalalari doimiy ravishda davlatimiz e’tiborida ekanligini bildiradi.
Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va ishonch har birimizga katta mas’uliyat yuklaydi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yoshlari ham bu kabi islohotlarni amalga oshirishda faol bo‘lishi, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yilida belgilangan imkoniyatlardan foydalangan holda, yoshlar bilan individual ishlashni jadallashtirish, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish, yigit-qizlarning muammolarini o‘rgangan holda, ularni hal etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borishimiz zarur.
Bugun qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, har birimiz yoshlar masalasidagi belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish orqali islohotlar samaradorligi natijasini har bir yoshning hayotida ko‘rsatishimiz mumkin bo‘ladi. Bu bilan yoshlar davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rliklarni his qilishi va faol hayotga kirib borishiga erishamiz.
Muxsiddin Nizomiddinov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi Yoshlar sektori rahbari,
Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari,
Toshkent viloyati Parkent tuman Kengashi deputati.