Dunyoda saylovlar yili

 

2024 yil xalqaro maydonda, aytish mumkin bo‘lsa, saylovlar yiliga aylanadi. Sababi, yer yuzidagi 60 dan ortiq davlatda bu yil saylovlar o‘tishi rejalashtirilgan. Qonunga muvofiq joriy yilda yurtimizda parlament va mahalliy Kengashlarga saylov bo‘lishi kutilmoqda. Dunyo aholisining taxminan 4,2 milliardi joriy yilda saylovlarda ishtirok etishi kutilmoqda.

Saylov – mustaqil shaxslarni ma’lum bir g‘oya va maqsad atrofida birlashtiruvchi, ularning xohish-istaklarini ifodalovchi vositadir. Shu ma’noda yer sharidagi 60 dan ortiq mamlakatda saylov jarayonlarining bo‘lib o‘tishi xalqaro hamjamiyat uchun katta ahamiyatga ega.

Saylovlar xalqaro va mintaqaviy kuch markazlaridagi hokimiyatlarning almashishiga olib kelishi mumkin. Ma’lumki, yangi kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishi ko‘p hollarda mamlakatning ichki va tashqi siyosatida yangi tendensiyalarni boshlab beradi. Zanjir reaksiyasi tarzida kechadigan bunday jarayonlar xalqaro maydonning amaldagi tartiboti va muvozanatiga ta’sir etmay qolmaydi. Shu sababdan xalqaro maydondagi har bir voqelikdan xabardor bo‘lib borish muhimdir.

 

Osiyo qit’asida

Ozarbayjonda 7 fevral kuni Prezi dentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 2018 yilda yetti yillik muddatga saylangan Ilhom Aliyev navbatdagi Prezidentlik saylovini 2025 yilda emas, balki 2024 yilda o‘tkazish to‘g‘risida farmon chiqardi.

Bu yil Gruziyada Prezidentlik va parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tishi belgilangan. Gruziyada Prezident 5 yil muddatga, 150 nafar a’zodan iborat parlamentning 30 nafar vakili to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 120 nafari esa proporsional tizim orqali 4 yil muddatga saylanadi.

Joriy yilning aprel-may oylarida Hindiston parlamentining quyi palatasi, ya’ni Lok Sabhaga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Quyi palata 543 deputatdan iborat bo‘lib, ular 5 yil muddatga saylanadi.

Pokistonda 8 fevral kuni Milliy Assambleyaga saylovlar bo‘lib o‘tishi belgilangan. E’tiborlisi, Quyi palatada musulmon bo‘lmaganlar va ayollar uchun alohida o‘rinlar ajratiladi. A’zolar 5 yil muddatga saylanadi. Shu ningdek, 9 mart sanasidan kechiktirilmasdan Prezidentlik saylovi ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Pokistonda Prezident ham 5 yil muddatga saylanadi.

Shu yil mart oyida Turkiyada mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Odatda Turkiya mahalliy saylovlarida shahar va tuman hokimlari, viloyat va shahar kengashlari a’zolari, mahalla posbonlari kabi mansabdorlar saylanadi.

 

Yevropa qit’asida

6-9 iyun kunlari Yevroparlamentga saylovlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Yevroparlamentga saylovlar 1979 yilda boshlangan va bu yil 10-bo‘ladi. Uning a’zolari soni 705 nafar deputatdan iborat.

Rossiya Federatsiyasida 17 mart kuni Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu saylov Federatsiya tashkil qilinganidan beri sakkizinchi Prezidentlik saylovi hisoblanadi. Prezidentlikka nomzodlar 35 yoshga to‘lgan, 25 yil Rossiya hududida yashagan bo‘lishi kerakligi kabi talablarga mos bo‘lishi kerak. Prezidentning vakolat muddati 6 yil.

Buyuk Britaniyada 2 may kuni mahalliy saylovlar bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yilgi mahalliy saylovlarda Angliyada kengash va merlar, shuningdek, Uyels va Angliyada politsiya va jinoyat komissarlari saylanadi.

Finlandiyada 28 yanvar kuni Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Agar shu kuni nomzodlarning birortasi 50+ ovoz yig‘sa, 11 fevralga belgilangan ikkinchi bosqich saylovi bo‘lmaydi. Finlandiyada Prezident 6 yil muddatga saylanadi.

Noyabr oyida Ruminiyada Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ruminiya qonunchiligiga ko‘ra, Prezident olti yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs ikki muddatdan ortiq bu lavozimda qolishi mumkin emas.

 

Amerika qit’asida

AQShda 5 noyabr kuni mamlakat Prezidenti va Kongressning ikkala palatasi uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi. Unda Qo‘shma Shtatlar fuqarolari keyingi 4 yillik muddatdagi o‘zlarining 47-prezidentlarini, olti yillik muddatga Senatorlarni va ikki yillik muddatga Vakillar palatasining a’zolarini saylashadi. Saylangan senator va deputatlar AQSH tarixidagi 119- Kongress tarkibiga kiradi.

2 iyun kuni Meksikada umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylovchilar 6 yil muddatga yangi Prezidentni, Deputatlar palatasining barcha 500 nafarini uch yil muddatga va Senatning 128 nafar a’zolarini 6 yil muddatga saylashadi. Meksika saylov qonunchiligiga ko‘ra, Deputatlar palatasining 300 nafar deputati to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qolgan 200 nafari proporsional usulda saylanadi. Senatning 96 nafar senatori to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 32 nafari esa proporsional tartibda saylanadi.

Joriy yilning 27 oktabr kuni Urugvayda umumiy saylovlar bo‘lishi rejalashtirilgan. Unda saylovchilar mamlakat Prezidenti va parlamentining ikkala palatasi nomzodlari uchun ovoz berishadi. Urugvay saylov qonunchiligiga ko‘ra, Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri, parlamentning ikkala palatasining a’zolari esa proporsional saylov tizimi asosida saylanadi.

Venesuela qonunchiligiga ko‘ra, 2025 yil 10 yanvar kuni yangi Prezident lavozimga kirishishi lozim. Shuning uchun 2024 yil yakuniga qadar mamlakatda Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Venesuelada Prezident bir bosqichli saylov yo‘li bilan 6 yil muddatga saylanadi.

Braziliyada munitsipal saylovlarning birinchi bosqichi 6 oktabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda saylovchilar mamlakat hududidagi barcha shaharlarning hokimi va o‘rinbosarlarini, shuningdek, shahar kengashlarining a’zolarini saylashadi. Aholi soni 200 mingdan oshiq bo‘lgan shaharlarda esa saylov ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.

 

Afrika qit’asida

2024 yilda Tunisda Prezidentlik saylovi rejalashtirilgan. Prezident davlat boshlig‘i hisoblansa-da, hukumat boshlig‘i bo‘lgan Bosh vazir ham keng vakolatlarga ega. Mamlakat Konstitutsiyasida har bir islom diniga e’tiqod qiluvchi 35 yoshga to‘lgan fuqaro Prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkinligi belgilangan.

Bu yil Janubiy Afrika Respublikasida yangi Milliy Assambleya (parlament)ni, shuningdek, har bir provinsiyada qonun chiqaruvchi organini saylash uchun umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, amaldagi parlament vakolati tugatganidan so‘ng 90 kun ichida saylov kunini Prezident belgilaydi.

Gana fuqarolari 7 dekabr kuni mamlakat Prezidenti va parlamentining 275 a’zosini saylaydi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, ayni bir shaxs ikki muddatdan ortiq Prezidentlik lavozimiga kirisha olmaydi. Prezident ikki mandatli okruglardan 4 yil muddatga, parlament a’zolari esa bir mandatli okruglardan 4 yil muddatga saylanadi. Parlamentga nomzodlar 18 yoshga to‘lgan, o‘z nomzodini qo‘yayotgan saylov okrugida kamida 5 yil yashagan bo‘lishi kerak.

Shu yil dekabr oyida Jazoirda Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Jazoir qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat Prezidenti 5 yil muddatga ikki bosqichli tizim orqali saylanadi. Agar nomzodlarning hech biri mutloq ko‘p ovoz yig‘olmasa, unda eng ko‘p ovoz yig‘gan ikki nomzod ikkinchi bosqichda kurash olib boradi.

Mavritaniyada ham 22 iyun kuni Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 2006 yilgi Konstitutsiyaviy referundumga ko‘ra, Prezident 5 yil muddatga saylanib, nomzodlarning yoshi 40 dan 75 gacha qilib qat’iy chegaralangan. Shuningdek, nomzod albatta musulmon bo‘lishi va ayni bir shaxs ikki martadan ortiq bu lavozimga kirisha olmasligi ham belgilab qo‘yilgan.

Yuqorida keltirilganlardan tashqari, Eron va Janubiy Koreyada qonun chiqaruvchi organlar uchun saylovlar, Tayvandek qaynoq nuqtada ham Prezidentlik va qonun chiqaruvchi organlar uchun saylovlar bo‘lishi qayd etilgan. Dunyo sahnidagi yirik kuch markazlari qutblashayotgan, siyosiy motivlar orqali konfliktlar chuqurlashayotgan davrda saylovlar dunyo ahli uchun katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lishini qayd etish joiz.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 10.01.2023, №1

 

 

 

Teglar

Xorij xabarlari Oliy Majlis Saylov
← Roʻyxatga qaytish