Yaxshilikdan halovat topgan partiyadoshimiz xotirasiga

 

Tug‘ilish va o‘lim. Bu ikki eshik orasida o‘tadigan inson hayoti bir necha fasllarga bo‘linadi. Go‘daklik, bolalik, o‘smirlik, yoshlik, keksalik kabi uzun yo‘ldan o‘tgan umrni har kim o‘z bilganicha yashab o‘tadi. Kimdir yaxshiliklar, xayrli ishlari bilan yodga olinsa, yana birov odamlarga ko‘rsatgan mehri bilan xotirlanadi. Muhimi, kimgadir qisqa, kimgadir uzoq taqsimlangan hayotda yaxshi nom qoldirishdir.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani “Iskovot” qishlog‘ida yashab o‘tgan Sohiba Jumanova yaxshi nom qoldirishga intilgan insonlardan edi. Ular o‘zlaridan yaxshi farzandlar, ezgu amallar qoldirdi.

1986 yillarda Namangan qishloq xo‘jalik texnikumining agronom mutaxassisligini tamomlagan. Bir qiz uchun bu juda qat’iyatli qarorlardan biri edi. Chunki, u paytlarda qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilish, ayniqsa, qizlarga oson bo‘lmagan. Og‘ir mehnat sharoitlari, uncha katta bo‘lmagan maosh ham uning o‘z ishiga nisbatan mehrini kamaytira olmadi.

Jamoa xo‘jaligida boshlangan faoliyat tuman kasaba uyushma qo‘mitasida davom etdi. Mehnatkashligi, inson huquqlari himoyasiga befarq emasligi sabab uzoq yil ushbu tashkilotda faoliyat olib bordi. 1998 yilda esa, tuman “Sog‘lom avlod“ jamg‘armasi direktori, 2001 yildan Namangan viloyat “Ayol va salomatlik” uyushmasida ijrochi direktor lavozimida faoliyat yuritdi. Shu tariqa bir qancha tashkilotlarda rahbarlik vazifalarida faoliyatini davom ettirgan Sohiba Jumanova 2012 yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Yangiqo‘rg‘on tu man kengashi raisining o‘rinbosari sifatida siyosiy faoliyatga kirib keldi.

Sohiba Jumanovaning ezgu fazilatlari uning elda aziz bo‘lishining omili edi. 2013 yildan to umrining oxirgi kunlariga qadar Xalq demokratik partiyasining Yangiqo‘rg‘on tuman kengashi raisi sifatida faoliyat olib borib, ushbu tuman partiya kengashini Respublikadagi eng namunali tuman partiya kengashiga aylantirgan.

U islohotlarga ham, odamlarning tashvishiga ham befarq emasdi. Yurtimizdagi demokratik o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, amaliyotga joriy etish borasida muntazam faollik ko‘rsatib kelgan.

U bilan birga ishlagan odamlar bilan gaplashsangiz, faqat iliq gaplar, yuzda mamnunlik ifodasi bilan yodga olganining guvohi bo‘lasiz. Ayolni yaxshiroq bilganlar uning ishni to‘g‘ri tashkillashtirishi, ustuvor vazifalarni belgilashda katta tajribaga ega bo‘lganini ta’kidlaydi.

Marhumaning shogirdlaridan biri, ayni paytda Namangan viloyati partiya kengashining yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash sektori mudiri sifatida ishlab kelayotgan Sarvinoz Eshaliyeva ustozini quyidagicha xotirladi:

- Ustozim Sohiba aya partiyamizning maqsad va vazifalari, shuningdek, saylov qonunchiligini mukammal bilardi va qiziqarli tushuntira olardilar. Ular samarali faoliyat ko‘rsatib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarida o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan ajralib, alohida hurmat qozongandilar. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturini hayotga tatbiq qilishda doim faollik ko‘rsatardilar. Ustozimning irodasi, yaxshiliksevarligiga doim havas qilardim. Oilada ham namunali turmush o‘rtoq, mehribon ona, mehribon qaynona edilar...

Chindan ham, partiya g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan bir qatorda Sohiba Jumanova mahalliy Kengash sessiyalari kun tartibiga tumanda yechimini kutayotgan dolzarb masalalarni ham o‘z vaqtida kiritib, qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan. Ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, oilalarni yarashtirish hamda xotin-qizlarning o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar olishiga doimo bosh-qosh bo‘lgan. Opa-singillarimizning murojaatlarini hal etmaguncha tinim bilmagan.

Marhumaning partiyadoshlari uni siyosiy faol, qat’iy siyosiy pozitsiyaga ega rahbar, tuman kengash a’zolari va faollari ichida hurmatga, e’tiborga ega inson, deb ta’riflaydi.

Ko‘p yillik deputatlik faoliyati davomida davlat va jamiyat boshqaruvi, huquqiy hamda ijtimoiy himoya masalalarida hayotiy tajriba to‘plagan siyosatchi ayol ko‘pchilikka o‘rnak, motivatsiya bo‘lgani esa haqiqatdir.

Sohiba opa kechagina ham yoniga kelgan yurtdoshining murojaatini hal etish bilan band edi. U og‘ir sharoitdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan yaqindan ishlab, ularning qalblariga mehribon ona siymosida kirib borib, o‘ksik dillariga malham bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, Sohiba opa atrofdagilarning quvonchu tashvishini o‘ziniki bilib, qalban his qilgan, butun hayoti hamda faoliyatini boshqalarga ko‘maklashish asosiga qurgan, yaxshilik qilib halovat topadigan inson edi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ko‘p ming sonli a’zolari nomidan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Sohiba Jumanovadek fidoyi insonlar xotirasi qalblarimizda mangu qoladi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik

partiyasi faollari.

«O‘zbekiston ovozi», 10.01.2023, №1

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish