Vatan himoyasi muqaddas burchimizdir

 

Tinch va osoyishta hayotimiz, yorug‘ va bexavotir kunlarimiz harbiylarning fidoyiligi, sadoqati, matonatiga bevosita bog‘liq albatta. Mardonavorlikni qalb amri deb bilgan xalqimiz o‘zining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq holda xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf bilan ado etayotgan zabardast farzandlari - bahodir va dovyurak harbiylarni mamnuniyat bilan e’tirof etadi. Mard o‘g‘lonlari bilan faxrlanadi.

32 yil tarix sahnida o‘ttiz ikki yil unchalik ko‘p vaqtni anglatmas, balki. Lekin uning ortida og‘ir va sinovli yillarda bir davlatning o‘z milliy armiyasi tashkil topishi, takomillashuvi va yurt sarhadlarini ishonchli himoya qilayotgan qudratli Qurolli Kuchlariga aylanishidek matonat va jasoratdan tarkib topgan ulkan dovon mujassam.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor. “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qilindi. Yanada aniqrog‘i, harbiy jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylandi.

Inchunun, Vatan himoyachilari bayramining qutlug‘ shukuhi kezib yurgan shu kunlarda ko‘plab soha fidoyilari uchun yangi turar joylar qurib, foydalanishga topshirilmoqda. Soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning oliy ta’lim olishi, ijtimoiy muhofazasi, har jihatdan rag‘bati borasida yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani ham e’tiborga molikdir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, armiya faqat qurol va aslaha bilan kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir.

Bugungi kunda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyatda, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh bo‘lishga chaqiradi va Qurolli kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etayotir. Shu bois inson qadriga ustuvor e’tibor qaratilayotgan taraqqiyotning yangi davrida harbiy sohani isloh etish, mazkur yo‘nalishdagi milliy qonunchilikni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilyapti. «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat» degan g‘oya harbiy sohadagi milliy qonunchiligimizga ham tobora singib bormoqda. Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan yangi Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi. Amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan jangovar kuchga aylanib bormoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham O‘zbekiston Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi mustahkamlab qo‘yildi. Shu bilan birga, «O‘zbekiston-2030» strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish masalalari ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy jang va harbiy mojarolar hamda xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida qo‘shinlarning jangovar shayligi va mahoratini rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Bugungi g‘oyat murakkab globallashuv zamoni tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro ahillik va totuvlik, boshimiz uzra musaffo osmonimiz - eng bebaho boyligimiz ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bu esa osoyishtaligimizni asrashda nainki harbiylar, o‘zini shu tabarruk diyor farzandi, deb bilgan barcha hamyurtimiz, ayniqsa, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlardan jonajon O‘zbekistonimizning taqdiriga, kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga, uning tuprog‘ini muqaddas bilishga va bu yo‘lda mas’uliyatni teran anglashga da’vat etadi. Zero, yurtimizning davlat suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, hududlarimiz yaxlitligi va osoyishtaligini saqlash barchamizning birdek Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish