Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Keyingi yillarda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida fuqarolarga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ularning ijtimoiy og‘irlik darajasidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish va jarima tarzidagi ma’muriy jazolarning miqdorini maqbullashtirish, ma’muriy ish ko‘rib chiqilishida aholining ovoragarchiligini, korrupsiya holatlarini hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini aniq belgilash va ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarga yengillik yaratishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi bilan ma’muriy jazolar miqdorini kamaytirish, ularni bir xil ko‘rinishga keltirish, ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqqan hamda aholiga yengilliklar yaratish lozimligini inobatga olgan holda belgilanishini ta’minlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17, 223, 2233, 225 va 248-moddalariga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Xususan, Kodeksning 223 va 2233-moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar uchun belgilanadigan jarimalar miqdori bir xil ko‘rinishga keltirilmoqda. Bu ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va elektron ish yurituv tizimidan unumli foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini aniq belgilash ijtimoiy adolat tamoyillariga mos kelishini hamda aholi orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar. Bundan tashqari, ortiqcha byurokratiya hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish ta’minlanadi.
Kiritilayotgan normalar yuzasidan fikr mulohazalar almashingach, Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.