Mehnat bozori va resurslari

 

Ishda unum, qalbdagi xotirjamlik – bu kishining uyida barqarorlik borligidan dalolat. Uyda, oilada “hammasi besh” bo‘lishi esa undagi katta-kichik tashvishlarning yechimiga bog‘liq. Bu zanjirning eng mustahkam qismi iqtisodiy barqarorlikni bildiradi. Bularning barchasi esa bandlik, ish joyi hamda daromad manbaiga ega bo‘lish masalasi bilan chambarchas bog‘liq. Shundan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida bandlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, bu borada muhim ustuvor vazifalar belgilagan. Partiya faollari va deputatlar ularning ijrosini ta’minlash, dasturiy maqsadlariga erishish uchun belni mahkam bog‘lashgan.

Bunda albatta, partiya faollari hamda deputatlar hamkorlikda vazifalar ijrosini ta’minlaydi. Partiyadan saylangan deputatlar o‘zlariga berilgan xalq vakili ta’rifini oqlashga harakat qilmoqda. Ular har kuni fuqarolarni qabul qiladi, deputatlarga oson bo‘lmagan sharoitda muammolarga mutasaddilar bilan birgalikda yechim topishga intiladi.

Aslida ham deputat mana shu yurtda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroning tashvishini o‘ziniki, deb qarashi lozim. Ya’ni, kim yoki qaysi hududda yashashidan qat’i nazar odamlarning murojaatiga quloq tutishi zarur. Ayrim deputatlar singari “Meni Siz saylamagansiz”, degan o‘ta kulguli bahona bilan kelganlarning ko‘ksidan itarish mutlaqo noto‘g‘ri. Shundan kelib chiqib, XDP deputatlari qaysi hududda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha joydagi aholining issiq-sovug‘idan xabar olish, dardiga quloq tutishga intiladi.

Bu borada o‘tgan yilda unday qilindi, bunday bo‘ldi, deb quruq gaplarni aytishdan ko‘ra biror bir hudud misolida masalaga nazar tashlasak.

 

Samarqandda bandlik holati

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida 1 million 600 mingdan ziyod aholi iqtisodiy faol bo‘lib, ularning 1,5 millionga yaqini ish bilan ta’minlangan. Buni qarangki, rasmiy sektorda ishlab, oila tebratayotganlar ularning qariyb uchdan birini, ya’ni 530 mingdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Qolgan qismi esa, norasmiy sektorda faoliyat olib boradi. Ishsizlar soni iqtisodiy faol aholiga nisbatan 8,6 foizni ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, band aholi orasida xorijga ishlash uchun ketganlar ham bo‘lib, ular 300 mingdan ziyod. Bu o‘tgan yilning yanvar holatiga ko‘ra olingan ma’lumotlar.

Ishsizlikni kamaytirish, odamlarni daromadli qilish maqsadida bir yil oldin, ya’ni 2023 yil 25 yanvar kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga asosan viloyatda 451,6 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash vazifasi belgilangandi. Bu vazifalar ijrosi qator sohalar kesimida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Masalan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 235,2, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohasida 194, investitsiyalar va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 22,4 ming aholi bandligini ta’minlash kerak edi.

Deputatlarning o‘rganishlari shuni ko‘rsatadiki, qo‘yilgan aniq maqsad, tuzilgan to‘g‘ri reja asosida bu ishlar deyarli 109 foizga bajarilgan. Xususan, doimiy ish o‘rinlarida 184,0 ming, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 225,8 ming hamda legallashtirish hisobiga 81,6 ming nafar aholini ish bilan ta’minlashga erishildi. Eng yuqori natijaga investitsiyalar va sanoatni rivojlantirish hisobidan erishildi. Demak, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish va yangi investorlarni kengroq jalb qilish talab etiladi.

Ammo masalaning yana bir tomoni borki, bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, iqtisodiy faol aholi soni ko‘pchilikni tashkil qilishi mumkin, biroq ularning hammasini yuqori daromadli, gipperfaollikni talab etuvchi ishlarga jalb qilish imkonsiz. Bu hayotiy haqiqatni hamma anglaydi. Ushbu holatda odamlar o‘zini-o‘zi band qilishi, shaxsiy biznesini ishga tushirishi, tomorqa va yerdan unumli foydalanishi zarur. Shundan kelib chiqib, bugun aholini tikuvchilik, sartaroshlik, oshpaz-qandolatchilik va axborot texnologiyalari kabi kasb-hunarga o‘qitish tashkil etilgan.

Samarqanddagi ana shunday markazlarda 40 dan ortiq kasblar bo‘yicha 13 ming 700 dan ortiq fuqaro o‘qitildi. Shundan, 8600 nafari xotin-qizlar, 5100 ming nafari esa yoshlardir. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar natijasida esa 967 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroning bandligiga ko‘maklashilgan.

Qilingan ijobiy ishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Asosiysi, ular to‘xtab qolmadi. Joriy yilda ham davom etadi. Lekin ba’zi yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas.

 

Ishga muhtojlar qancha?

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda bugun mehnat resurslari soni o‘rtacha 19 million 700 mingni tashkil qiladi. Iqtisodiy faol aholi soni esa 15 milliondan ko‘proq. So‘nggi ma’lumotlarga asosan iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar 14 millionga yaqinlashganini ko‘rish mumkin. Ishga muhtojlar esa 1 million 200 ming, deb xabar qilinmoqda. Demak, ishsizlik darajasi o‘rtacha 8,1 foizni tashkil etadi.

Aslida, bu juda katta raqam. Ishsizlikning yuqori darajasi shuni ko‘rsatadiki, mamlakat tabiiy resurslar, transport, ishlab chiqarish binolari va jihozlaridan kamroq foydalanadi. Shundan bo‘lsa kerak, chet elga ishlash uchun ketayotgan migrantlar soni ham ortib bormoqda. Tahlillar 2023 yil dekabr holatiga xorijdagi mehnat migrantlari soni o‘rtacha 2 million kishi ekanini ko‘rsatgan.

To‘g‘ri, migrantlarga imkoniyatlar yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, bo‘lajak mehnat migrantlarini kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 32 ta monomarkaz va uning filiallari, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi ishga tushgan. Shuningdek, 13 ta qurilish sohasida malakali mutaxassislarini tayyorlash markazlari hamda boshqa turli vazirlik va idoralar, nodavlat ta’lim muassasalari, 10 ta xorijiy hamkor bilan tashkil etilgan 50 ga o‘quv kurslari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Migrantlar huquqlarini ta’minlash borasida ham qonuniy asoslar takomillashtirilib, sezilarli o‘zgarishlarga erishildi. Chunki bu bevosita davlatning zimmasidagi burch sanaladi. Sababi, migrantlar ham o‘zini, ham oilasini boqish bilan birga mamlakatga valyuta kirib kelishini ta’minlaydi. Afsuski, payti kelganda migrantlarni ham soliqqa tortishdan tap tortmaydiganlarni ham ko‘rdik. Bir narsani aniq tushunib olish kerak: migrantlar yuborayotgan mablag‘lar soliqqa tortiladigan daromad emas. Vatani, yaqinlari, oilasidan uzoqda ishlash oson emas, aslida. Musofirchilikning ming bir mashaqqatini bo‘yniga olgan, vaqti kelganda har qanday og‘ir va qiyin sharoitlarda ham yashayotgan, ishlayotgan bu fuqarolarimizning oilasiga berayotgan ko‘magini, daromadini qanday soliqqa tortish mumkin?..

 

Migrantlar va ularning huquqlari

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Biz migrantlarni rasmiy, norasmiy toifaga ajratishga odatlanganmiz. Agar buni kengroq tahlil qilsak, qanday ta’riflash mumkin edi?

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning fikrlariga e’tibor qiling.

— Avvalo, rasmiy, yoki norasmiy va qonuniy yoki noqonuniy tushunchasi haqida. O‘zbekiston chegarsidan hech kim noqonuniy chiqib ketmaydi va yetib boradigan davlati chegarasini ham noqonuniy kesib kirmaydi. Yetib borgandan keyin xorijiy davlat migratsiya qonunlarini buzmasa, migrant qonuniy va rasmiy ishlaydi, deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Agar hujjatisiz, ya’ni patent, ishchi vizasi yoki ishlash huquqini beruvchi boshqa hujjatlarsiz ishlasa, bunday holatda noqonuniy deyish mumkin.

Shu sababli bu raqamlarni ajratish qiyin. Migratsiya agentligi uchun O‘zbekiston fuqarosi qanday yo‘l bilan bo‘lishidan qat’i nazar agar ishlash uchun xorijga ketgan bo‘lsa, uni himoya qilish vazifasi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning turli davlatlarida o‘zbekistonlik jami migrantlar soni 2 mlnga yaqin. Markaziy bank tomonidan transchegaraviy pul o‘tkazmalari haqida ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.

Masalan, 2023 yilning 6 oyida 5,2 mlrd AQSH dollari miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. 2023 yil yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar ham e’lon qilinib qolsa kerak.

 

Agentlikning vazifalari nimalardan iborat?

Xorijiy davlatlar mehnat bozorini monitoring qilish, ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan hamkorlik o‘rnatish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Shu bilan birga, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish. Bunda albatta, mamlakatimizdan migrant sifatida chet elga boradigan fuqaroning huquqlari qay darajada himoyalangani ham inobatga olinadi.

Masalan, 2023 yil davomida dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlaridan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 118 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. Ulardagi 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlanib, 60 mingdan ortiq o‘ringa talabnoma olindi.

Natijada 38 ming 401 nafar fuqaroning Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Yaponiya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi. 2022 yilda ularning 40 foizi rivojlangan va ish haqi yuqori bo‘lgan davlatlarga jalb qilingan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 62 foizga oshirildi. Ilk bor 2 mingga yaqin fuqaro Buyuk Britaniyaga, 500 ga yaqin fuqaro Germaniyaga yuborildi. Janubiy Koreyaga yuborilgan fuqarolar soni 1,5 baravarga ko‘paytirilib, 4900 nafarga yetkazildi.

Xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni ketishdan oldin chet tili va kasblarga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Yaponiyaning “Prometric” bilimni baholash tashkiloti, ingliz tili bo‘yicha bilimni baholovchi bir nechta tizim, Germaniyaning “ÖsD” bilimni baholash markazi, koreys tili va madaniyatini o‘rgatishga ixtisoslashgan “Qirol Sejong” o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Amaldagi subsidiya hisobiga mehnat migrantlariga taqdim etilayotgan sug‘urta polisi samaradorligini oshirish maqsadida sug‘urta hodisalari bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar 3 tadan 6 taga ko‘paytirildi. 227 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 1499 nafar yurtdoshimizga 79 ming 447 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan hamyurtlarimizni Vatanga qaytarish, mehnat haqini ololmayotganlarga esa ish beruvchilaridan oyliklarini undirib berish borasida ham samarali choralar ko‘rilgan.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 24.01.2023, №3

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish