Bugun hududlarimizda yangiliklar ko‘p, o‘zgarishlar katta. Ammo odamlarimizni o‘ylantirayotgan, yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Yutuqlarda ham, to‘g‘risini aytganda, kamchiliklarda ham mahalliy Kengashlar deputatlarining ozmi-ko‘pmi hissasi bo‘lyapti.
Mahalliy Kengashlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 1500 nafarga yaqin deputat faoliyat yuritadi. Partiya Saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy harakat dasturi qabul qilingan edi. Unga binoan o‘tgan yili Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP deputatlari tomonidan sessiyalar kun tartibiga 879 ta masala olib chiqildi.
Maqtovlar ham, tanqidlar ham bor...
O‘tgan yili mahalliy Kengashlardagi Xalq demokratik partiyasi deputatlari tomonidan qariyb bir yarim mingga yaqin masala yuzasidan nazorat-tahlil ishlari olib borilgan. Monitoring natijalaridan kelib chiqib, 1101 ta masala partiya guruhlarida ko‘rilgan bo‘lsa, 940 ta masala doimiy komisiyalar muhokamasiga olib chiqilgan.
Shuningdek, deputatlarimiz tomonidan hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 5 679 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi. Shundan 4 163 tasidan ijobiy javob xatlari olindi. Bundan tashqari, joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning 729 marotaba hisobot va axborotlari eshitildi.
Buni mintaqalar kesimida tahlil etadigan bo‘lsak, Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro, Toshkent viloyati, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston respublikasidagi deputatlarimiz masalani o‘rganish va sessiya muhokamasiga kiritishda faollik ko‘rsatishdi.
Tahlillarga e’tibor qaratsak, bugun deputatlarimiz ancha uyg‘oq ekaniga guvoh bo‘lamiz. Atrofga, jamiyatga, saylovchilar hayotiga daxldorlik bor ularda. Buni kelayotgan murojaatlarda, o‘rganilayotgan masalalarda ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, o‘tgan yili aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish borasida 238 ta masala partiya guruhlarida, 184 ta masala doimiy komissiyalarda, 177 tasi sessiyalarda ko‘rib chiqildi. Sog‘liqni saqlash, poliklinikalarni zamonaviy tibbiyot va diagnostika asbob uskunalari bilan jihozlash, qishloq joylarida QVPlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, dori vositalari va farmatsevtik faoliyati bo‘yicha 246 ta masala o‘rganildi.
Ta’lim tizimi bilan bog‘liq 100 dan ortiq masala sessiyalar muhokamasiga kiritildi.
Biror-bir masalani o‘rganib, uni doimiy komissiya va sessiya muhokamasiga olib chiqish oson jarayon emas, aslida. Ishchi guruhlar hududlardagi aholini o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganadi, ijtimoiy masalalarni tahlil qiladi, ma’lumotlar va takliflarni sessiyalarga taqdim etadi. Bir so‘z bilan aytganda, hududlardagi masalalar ko‘p jihatdan ularning faoliyatiga bog‘liq. Qachonki, har bir hudud va sohadagi real manzara, asl holat o‘rganilib, muammo yuzaga chiqsagina mutasaddi tashkilotlarning mas’uliyati, hisobdorligi ham oshadi.
Tahlillarga e’tibor qaratsak, Andijon viloyatining Andijon tumani, Buxoro viloyatining Jondor tumani, Navoiy viloyatining G‘azg‘on shahar, Samarqand viloyatining Urgut tumani, Surxondaryo viloyatining Angor tumani, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Bekobod tumanlari, Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz shahar, Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahar, Quva va Yozyovon tumanlarida birorta ham masala sessiya kun tartibiga kiritilmagan. Ushbu hududlarda aholini o‘ylantirayotgan muammolar yo‘qmi?
80 dan ortiq muammo o‘rganildi
Ilhom ATABAYEV,
O‘zXDP Namangan viloyat kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat kengashidagi partiya guruhi rahbari:
– Deputatlik guruhlarimiz sessiyaga masala kiritishdan oldin avval muammo bo‘yicha nazorat-tahlil ishlarini olib borishadi. Masala joyiga chiqib o‘rganiladi, shu bo‘yicha qanday murojaatlar bo‘lgani ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, monitoring davomida hududlarda ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oilaga kirib boriladi, saylovchilarning e’tirozlari, takliflari eshitiladi.
Hozir yaxshi bir tajribaga tayanib ish ko‘ryapmiz. «Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal» deyishadi-ku. Shu ma’noda joylardagi muammolar haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmayapmiz. O‘zimiz odamlar orasiga, xalq ichiga kirib boryapmiz. Ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish ko‘zlangan bosh maqsad hisoblanadi.
Aytish kerakki, bevosita muloqot, yuzma-yuz uchrashuvlarning ta’sir kuchi yanada ko‘proq bo‘lyapti, sezilarli natijalar ko‘zga tashlanyapti. Chunki jonli suhbatlar davomida murojaatga, qog‘ozlarga sig‘may qolgan tafsilotlar oydinlashmoqda. Masalalar bo‘yicha yangi va qo‘shimcha ma’lumotlar yuzaga chiqmoqda.
Bugungi kunda xalq deputatlari viloyat Kengashida 17 nafar, shahar va tuman Kengashlarida esa 118 nafar deputatimiz bor. O‘tgan yili partiya guruhlarimiz tomonidan 57 ta masala partiya guruhlarida, 63 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida va 81 ta masala sessiyalar kun tartibiga kiritilib, muhokama etildi.
Sessiyalarda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish, biznesni rivojlantirish sohalaridagi muammolar muhokama etildi. Ijro hokimiyati organlariga 287 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi, shundan 169 tasi o‘z ijobiy yechimini topdi. Ijro hokimiyati vakillari hisobotlari 48 marotaba eshitildi.
118 ta deputatlik so‘roviga javob yo‘qmi?
– Qolgan 118 ta deputatlik so‘rovi ijroda turibdi. Masalan, aytaylik, biz qandaydir muammo yuzasidan ijro hokimyati organlariga so‘rov jo‘natdik. Biz ko‘targan masala 2024 yil dasturga kiritilish arafasida turibdi. Yoki shunday masalalar borki, uning yechimi bir necha tashkilotga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham ijro biroz cho‘zilishi mumkin. Ammo har bir deputatlik so‘rovi, uning ijrosi doimiy, qat’iy nazoratimizda turadi. Biz har hafta deputatlarimiz bilan bularni muhokama qilamiz, - dedi I.Atabayev.
Sog‘liqni saqlash tizimi: Qibrayda holat qanday?
Akmal UMARALIYEV,
O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi:
– Kengashlarda bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda, yaxshi takliflar bildirilmoqda. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo bo‘lyapti. Ammo faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi.
2023 yil davomida Toshkent viloyatidagi deputatlik guruhlarida 137 ta masala, doimiy komissiya yig‘ilishlarida 134 ta hamda sessiyalar kun tartibiga 126 ta masala ko‘rib chiqildi. O‘tkir takliflar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Masalan, o‘tgan yilning noyabr oyida xalq deputatlari Qibray tuman Kengashi sessiyasida deputatlarimiz tashabbusi bilan «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror ijrosi muhokama etildi.
Nazorat-tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida qator e’tiborga molik ishlar qilingan. Xususan, tumandagi tug‘uruq majmuasiga chaqaloqlar uchun 2 ta sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi apparati, 2 ta SRAR apparati, 1 ta kuvez, 1 ta kardiomonitor kabi tibbiy uskunalar olib kelingan. Hozirgi kunda bo‘limda 62 nafar shifokor, 110 nafar feldsher va 5 nafar kichik tibbiy xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Hayotiy zarur 62 xil dori-darmon vositalari mavjud. Shunga qaramay, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham bor. Sessiya qarorida bular e’tiborga olindi.
Jumladan, olis hududlarda joylashgan shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, tumandagi barcha oilaviy shifokorlik punktlarini EKG, UTT, stomatologik uskunalar bilan ta’minlash holatlarini o‘rganib chiqib, eskirgan tibbiy asbob-uskunalarni yangilash bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Hozir sessiya qarori nazoratimizda turibdi.
Asosiysi, sessiyaga masala tayyorlash davomida deputatlar joylardagi real vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, odamlar bilan yuzlashmoqda. Shuning uchun ular mahalliy Kengashlarda ko‘rilayotgan masalaning ipidan ignasigacha biladi, qog‘ozdagi ma’lumot bilan uni aldab ham bo‘lmaydi. Saylovchilarga quloq tutish, ular bilan yelkama-yelka turishda gap ko‘p.
«Deputatga hisob berish shart(mi?)...»
Erkin ERGASHЕV,
xalq deputatlari Angren shahar kengashidagi O‘zXDP deputati:
– Har bir sessiyada qatnashaman. Ularda tashkilot rahbarlarining hisobotlari eshitiladi. Savollar beriladi. Deputatlar hududlardagi kamchiliklar bartaraf etilishi, odamlarning tashvishlari yengil bo‘lishi uchun kurashadi. Men ham deputat sifatida odamlarga nafim tegsa quvonaman.
O‘tgan yili deputatlik guruhimiz bir qator masalalarda deputatlik nazoratini olib bordi va uni sessiyalar muhokamasiga olib chiqdi. Albatta, natijalarimiz ham yomon emas. Masalan, shaharda faoliyat yuritayotgan sport maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash masalasini sessiyada ko‘rib chiqdik va buning uchun mablag‘ ajratildi. Shuningdek, open budjet mablag‘larining to‘g‘ri taqimlanishi va ishlatilishi, oziq-ovqat mahsulotlarining to‘g‘ri saqlanishi, narx-navoning barqarorligi, sog‘liqni saqlash muassasalarining dori-darmonlar bilan ta’minlanishi, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning samarasi, Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini o‘rgandik. Shahar obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasidagi o‘rganishlarimiz ham natija ko‘rsatdi.
Lekin yana bir masala bor. Doimiy komissiya va sessiyalarda ko‘rilgan masalalarning ijrosi nazoratga olinganmi, yechimi bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilganmi-yo‘qmi, degan savollarning javobiga qarab natijani baholash kerak. Bu esa bevosita mahalliy hokimiyat vakillik organlari mas’uliyati va vijdoniga ham bog‘liq.
To‘g‘ri, hozir ijro hokimiyati organlari rahbarlari, vakillari deputat hisob so‘rasa, buni to‘g‘ri qabul qilyapti. Ammo yosh kadrlar, ya’ni ijro hokimiyati organlarining yosh rahbarlari hali deputat kimligini, uning vaolati va maqomini to‘liq tushunib yetgani yo‘q. «Biz nimaga hisob beramiz?», «Bu masalada deputatga javob berish shartmi?», degan savollar ko‘p bo‘ladi. O‘ylashimcha, ijro hokimiyati organlari vakillari uchun ham deputatlik maqomi, deputatlik nazorati haqida ma’lumot beruvchi seminarlar tashkil etish kerak. Maqsad ma’lumot taqdim etish yoki hisobdorlikda ham emas, aslida, gap qonunlar va ularning ijrosida, aholi muammolarini hal etishda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari deputat savoliga nega javob bermaydi?
Husan ABDUNIYAZOV,
xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:
– Ochig‘ini aytish kerak, deputat so‘roviga har doim ham mas’ul rahbarlarning o‘z vaqtida yoki umuman javob bermasligi holatlari uchrab turadi. Bu esa hududlarda aholi ko‘targan masalalarning yechilmay qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Misol uchun, men saylangan «16-Do‘stlik» saylov okrugi hududida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng muhim masalalardan biridir. Deputatlik faoliyatim davrida juda ko‘p marotaba mahalliy hokimlik va viloyat «Suv ta’minoti» korxonasi mas’ul rahbarlariga ushbu masalada deputatlik so‘rovlari jo‘natdim. Ammo deputatlik so‘rovga bir betlik javob xati yoki umuman javob bermaslik holatlari bo‘ldi. Jumladan, 2023 yil 28 iyulda Jizzax viloyat «Jizzax suv ta’minoti» MCHJ rahbari M.Yusupovga yuborilgan deputatlik so‘rovi javobsiz qoldirilgan.
«2022-2026 yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish maqsadida 470,3 km uzunlikdagi yo‘llarni ta’mirlash, mavjud 545,6 km uzunlikdagi ta’mirtalab ko‘priklarni joriy to‘la ta’mirlash va rekonstruksiya qilish belgilangan. Shuningdek, 2022 yil dekabr oyiga qadar 230 km ichki xo‘jalik yo‘llari va ko‘priklarni ta’mirlash ishlarini yakunlash qayd etilgan edi. Ushbu vazifalar qay darajada bajarilganligi to‘g‘risida axborot berishni so‘rab viloyat hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nazarovga deputatlik so‘rovi bilan chiqdim. Ammo bunga javob berilmadi.
Odamlar yana nechchi yil kutishi kerak? Dasturga kiritilishini kutadi, keyin uning ijrosini... Ungacha toza ichimlik suvi muammosidan qiynalib yurishi kerakmi? Yomg‘ir, qor yog‘sa loy ko‘chalarga botib, mashinada past-baland bo‘lib o‘yilib yotgan asfalt yo‘llarda qoqilib yurishi kerakmi?... Mansabdorlar, amaldorlar nazariga ilmayotgan, javob qaytarishni o‘zlariga ep ko‘rmayotgan deputatlik so‘rovi ortida aslida oddiy odamlarni o‘ylantirayotgan, qiynayotgan ana shunday muammolar bor...
Shunday vaziyatlarda hafsalamiz pir bo‘ladi. Deputatga umid bog‘lagan saylovchiga nima deb javob qaytarishga qiynaladi kishi.
Haqiqatan ham avvalo, aholi, deputat va hokimliklar o‘rtasida demokratik muloqot muhiti yuzaga kelishi kerak. Qaysi hududda shunday muhit bo‘lsa, muammoli masalalar ko‘paymaganiga amin bo‘lish mumkin. Shunday ekan, hokimliklar, mutasaddilar va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining siyosiy pozitsiyasi va demokratik xarakterini mustahkamlash bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan talabidir.
Hokimlik vakillari xafa bo‘lishmasinu, yuragida o‘ti bor deputatning og‘zini yopish emas, aksincha, muammolarni hal etishda ularning tajribasidan to‘g‘ri foydalanish lozim, deb o‘ylaymiz. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar muhokama, munozara, haqqoniy bahs maydoniga aylansa, shunda o‘sish, o‘zgarish bo‘ladi.
Laziza SHЕROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 24.01.2023, №3