Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenko Andijon tumani «Bobog‘ozi» oilaviy poliklinikasida bo‘ldi.
Deputat mazkur poliklinikaga 2022 yilning kuz faslida kelganida bino ta’mirtalab ahvolda bo‘lib, poliklinikada isitish tizimi ishlamas, xonalar davolash maskaniga munosib holda emas edi. Ye. Babenkoning mahalliy ijro hokimiyati, sog‘liqni saqlash idoralariga murojaatidan so‘ng ahvol keskin yaxshilangan.
Hozirgi kunda 3 ta MFYda istiqomat qiluvchi 10 000 dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bu dargoh zamonaviy usulda ta’mirlanib, sanitariya talablari asosida faoliyat yuritmoqda. Sovuq qish mavsumida ham issiq xonalarda 48 nafar shifokor va hamshiralar bemorlarga malakali xizmat ko‘rsatishmoqda.
Tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida Ye. Babenko tibbiyot sohasidagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berdi.