Ijtimoiy sohaning asosini ta’lim tizimi tashkil etadi

 

Bugun Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida to‘lqinlanib so‘zlamaslikning iloji yo‘q. Bugungi kunda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida mamlakatimiz taraqqiyotini mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan muhim maqsad va vazifalar belgilangan. Bugun bo‘lib o‘tgan Prezidentimiz raisligidagi ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’lim, tibbiyot, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalaridagi islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar sanab o‘tildi.

Yig‘ilish jarayonida barcha sohalar qatori ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilgani quvonarli hol. Xususan, Prezident maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berganligi ayni muddao bo‘ldi. Albatta, shunday islohotlar natijasida maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 27 foiz edi. Bu yil davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshiriladi. Lekin ba’zi chekka qishloqlarda bog‘cha hali yo‘qligi sababli, hamma bolalar ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bog‘cha yetarli bo‘lishiga qaramay, qamrovi o‘tgan yilga nisbatan biroz kamayganligini ham e’tiborga olish kerak. Jumladan, xususiy bog‘chalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bog‘chalarida bu jarayon hali boshlanmagan. Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘chalarda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizim yaratish topshirilganligi ham diqqatga sazovor.

Joriy yilda maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Nazarda tutilayotgan vazifalar xalqimiz farovonligi yo‘lidagi maqsad va g‘oyalarga uyg‘un va hamohangligi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga mutasaddilarga “maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushirish topshirig‘i berilganligini qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Yuqorida aytilgan tashabbuslar amaliyotda yo‘lga qo‘yilsa, ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Biz deputatlar sohadagi islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

 

Urol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish