Sog‘liqni saqlash: Mas’ullar va mutasaddilar uyalishi kerak

 

Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi, deyishadi. Har bir inson kasal bo‘lishi, shifokor ko‘magiga ehtiyoj sezishi mumkin. Kunda bo‘lmasa-da, kunora tibbiyot muassasalariga murojaat qiladiganlar bor. Aholi hayotida katta o‘rin tutadigan sohalardan biri bu sog‘liqni saqlash tizimidir.

5 fevral kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Kamchiliklar ochiq tanqid qilindi, ayrim yo‘nalishlardagi real vaziyatdan mas’ullar va mutasaddilar uyalishi kerak.

Sog‘liqni saqlash tizimidan chiqqan deputatlar muammolar va belgilangan vazifalar ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

Tibbiyot aholiga yanada yaqinlashadi

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– O‘zbekistonda tibbiyot sohasini tubdan takomillashtirish vazifasi kun tartibidan tushmayapti, tizim faoliyatiga e’tibor yanada kuchayib boryapti. Chunki, eng katta boylik xalqimiz salomatligidir.

5 fevral kungi videoselektor yig‘ilishida ham davlatimiz rahbari g‘oyat zarur tashabbuslarni ilgari surdi. Yig‘ilishda belgilab berilgan aniq va qat’iy vazifalar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini zamon talablari darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari sohadagi bir qator vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Avvalo, birlamchi tibbiyot tizimida sifat va mutaxassislar yetishmasligi qayd etilar ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligiga sohadagi barcha bo‘sh joylar haqidagi ma’lumotlarni onlayn platformaga joylashtirib, kadrlarni ishga olish bo‘yicha shaffof tizim yaratish topshirildi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, avvalo, qishloqlar aholisiga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi. Ularni birlamchi bo‘g‘in bilan bog‘lash, ish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Demak, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini yanada rivojlanadi, tibbiyotda sharoit va kadrlar masalasiga e’tibor qaratiladi.

To‘g‘ri, yildan-yilga yurtimiz tibbiyotida ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar bo‘y ko‘rsatyapti. Yaqin yillargacha tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi sohadagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib kelgan. Ochig‘ini aytish kerak, o‘tgan yillar davomida yurtimizdagi o‘lim holatlari asosan ana shu bo‘g‘indagi kamchiliklar, masalan, yurak-qon tomir kasalliklariga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmaslik tufayli sodir bo‘lgan.

Shu bois tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini zamonga qarab, xalqimizning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, tashkil etish kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifadir. To‘g‘ri, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo saylovchilar bilan uchrashuvlarda ko‘p guvoh bo‘lamizki, aholining ko‘pchiligi tibbiy xizmat sifatidan rozi emas. Odamlarimiz eng ko‘p murojaat qiladigan tibbiyot tizimi ham ko‘p hollarda birlamchi tibbiy yordam muassasalari yuzasidan bo‘lmoqda. Agar bu tizimda ish to‘g‘ri tashkil etilsa, aholi e’tirozlariga o‘rin qolmaydi.

Ayniqsa, chekka hududlarda malakali shifokorlarga talab juda yuqori. Joylarda shifokorlardan aholi noroziligining oshib borayotgani, bemorlarning yaqinlari va shifokorlar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Chindan ham sohada kadrlar yetishmovchiligi, kam sonli shifokorlarga ish yuklamasining yillar davomida yuqori bo‘lib qolayotgani sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga xalaqit berib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan bu boradagi vazifalar sohadagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, birlamchi bo‘g‘inni zamon talablariga moslashtirish, tizim xodimlarini faol qo‘llab-quvvatlash va ularga sharoit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Endilikda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining birlamchi bo‘g‘in bilan bog‘lanishi, ish tizimining raqamlashtirilishi chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Ish tizimining raqamlashtirilishi bilan tibbiyotda kasallikni aniqlash, diagnoz qo‘yish, davolash bilan bog‘liq barcha jarayonlar yanada osonlashadi va kasallik bo‘yicha aniq tashxis qo‘yiladi.

Odatda, odamlar milliy tibbiyotning darajasiga birlamchi bo‘g‘inga qarab baho beradi. Chunki bu bo‘g‘in bevosita odamlar ichida ishlaydi, ularning kayfiyatiga yo yaxshi, yo yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Erta aniqlansa, davolash mumkin

G‘ofur SAIDOV,

Respublika onkologiya va radiologiyailmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali direktori, Buxoro viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:

– O‘sma kasalliklari butun dunyo miqyosida murakkab muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida onkologik kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichlari oshib boryapti. Shunga yarasha o‘lim ko‘rsatkichi ham. Demak, soha rivojiga jiddiy e’tibor qaratish, onkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlashning zamonaviy tizimlarini yaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.

To‘g‘ri, bugungi kunda onkologik kasalliklarning kelib chiqishi, uning oldini olish yuzasidan yurtimizda samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda xavf guruhiga mansub aholi orasida onkologik kasalliklarni erta aniqlashni 90 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalar ekan, xususan, onkologiya skrininglarini tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniq ko‘rsatib o‘tdi. O‘tgan yili onkologiya kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bermorlarning qariyb yarmida kasallik kech aniqlangani aytildi.

Aksariyat odamlarimiz «biror joyim bezovta qilmayapti-ku», «o‘zimni yaxshi his qilyapman-ku», degan qarash bilan yillar davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi. Kundalik turmush tashvishlaridan ortib, tekshiruvlardan o‘tish ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydi. Bu – eng katta xato. Kasalliklar qancha erta aniqlansa, davolash shuncha yaxshi natija beradi. Vaqtida aniqlangan har qanday kasallikka davo topsa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan o‘tkazish tizimi o‘zgartirilishini ta’kidladi. Xususan, skrining uchun bevosita respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari javob beradi. Ular bir haftada joylarda skrining tekshiruvlarini o‘tkazishni boshlaydi. Shuningdek, onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu esa onkologik kasalliklarni erta tashxislash va samarali davolashda yangi davrni boshlab beradi, deb o‘ylayman.

Hammamiz davlatimiz rahbarining o‘rinli tanqidlaridan to‘g‘ri xulosa qilishimiz kerak.

Yig‘ilishda, shuningdek, farmatsevtikadagi «o‘yinlar», dorilarning yashirin aylanmasiga yetarli chora ko‘rilmayotgani haqida ham gapirildi. Uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgani, lekin bu dorilar ayrim hollarda joylarga o‘z vaqtida, to‘liq yetkazib berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda ba’zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majburligi qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib o‘rnatish, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni «buyurtmachi – xaridor – yetkazib beruvchi – bemor» zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Chindan ham bu hayot-mamot masalasi. Ko‘p yillar davomida dori-darmon bozorida eng katta «o‘yinchi» bo‘lganlarning ishiga barham beriladi. Chunki bu minglab odamning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Yana bir jihati, dori-darmon ishlab chiqarish, olib kelish va tarqatish bo‘yicha yaratilgan shaffof tizim orqali normal ishlaydigan bozor mexanizmlari shakllanadi. Bu onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan qanchadan-qancha bemorlarimizni ishonchli dori-darmonlar bilan ta’minlash, ularning moddiy qiyinchiliklarini yengillashtirishga xizmat qiladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHЕROVA yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish