Jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy holati, kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir inson, ayniqsa, bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiya olishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim. Bu masalada huquqlar teng, imkoniyatlar tengligiga erishish ustuvor maqsaddir.
Inklyuziv ta’lim, mohiyatan, nogironligi bor bolalar ham sog‘lom bolalar bilan bitta maktabda, bitta sinfda o‘qishini anglatadi. Ya’ni, u barcha uchun mo‘ljallangan ta’lim. Bu maktabgacha, o‘rta va oliy ta’limni o‘zgartirish jarayoni bo‘lib, barcha nogironligi bor farzandlarimiz undan foydalanishi bo‘ladi. Inklyuziv ta’lim nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan har qanday kamsitishni istisno etadigan, barcha uchun teng muomalani ta’minlaydigan, maxsus ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun zarur sharoit yaratadigan mafkuraga asoslanadi.
Tahlillarga ko‘ra, agar maktablarda inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish uchun sharoit yaratilsa, nogironligi bor 16 yoshgacha bolalarning 80 foizidan ortig‘i bemalol maktabga bora oladi. Shunda nogironligi bor bola tengdoshlaridan o‘zini ayro his qilmaydi, ishonchi oshadi, intilishi kuchayadi.
Bolalarga teng munosabat bo‘lishi kerak!
Esingizda bo‘lsa, 2020 yilda Prezident «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi qonunni imzolagan edi. 2021 yil 7 iyun kuni esa “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida 2020 yil 13 oktyabr kuni Prezidentning “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», shuningdek, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar ta’limini 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlangan edi.
O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida 2021-2022 o‘quv yilidan inklyuziv ta’lim joriy etildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni alohida maktablarda o‘qitmasdan, oddiy maktablarda ham ularni qabul qilish mumkin bo‘lgan sinflar tashkil qilinmoqda.
Prezident qarori bilan 2025 yilgacha inklyuziv umumta’limni bosqichma-bosqich joriy etish masalasi qo‘yilgan. 2025 yilgacha alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning 40 foizi jalb qilinishi kutilmoqda.
2022-2023 o‘quv yilida 161 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola 88 ta maktabning 114 ta inklyuziv sinfiga qabul qilindi. Hozir inklyuziv maktablar soni 415 ta, o‘quvchilar soni esa 736 nafarni tashkil etyapti. 2023-2024 o‘quv yilida 219 ta inklyuziv maktab tashkil etildi, 336 nafar bolalar qabul qilindi.
Tushunish kerakki, avvallari inklyuziv ta’lim bo‘yicha uncha-muncha gap bor, lekin amaliy qadam, umid beradigan jo‘yali natija ham yo‘q edi. Qisqa muddatda avval huquqiy asos, sharoit yaratildi, nogironligi bor bolalar maktabga boradigan bo‘ldi.
Hozir maktablarda inklyuziv ta’lim bilan bog‘liq real vaziyat qanday? Holatni turli nuqtayi nazardan ko‘rsatishga harakat qildik.
“Ular ham bizning farzandimiz...”
Bahodir QURBONOV,
Nogironlar masalalari bo‘yicha ekspert-mutaxassis:
– Inklyuziv ta’lim uchun inklyuziv maktabni yaratish uchun biz avvalo, jamiyatda nogironligi bo‘lmagan bolalarning ota-onalari bilan ishlashimiz kerak. Bunday ota-onalarga nogironligi bo‘lgan bola ham jamiyatning a’zosi ekanligi, boshqa bolalar kabi teng huquqga egaligini tushuntirish kerak, deb o‘ylayman. Demak, ishni ong ni tubdan o‘zgartirishdan boshlash kerak. Xo‘sh, nimaga?
Amalda ko‘p guvohi bo‘ldik, sog‘lom bolalarning ota-onalari va umumiy maktab o‘qituvchilari nogironligi bo‘lgan bolalar barcha bolalar bilan birga o‘qishga rozi bo‘lmayapti. Shunday ota-onalar borki, nogironligi bo‘lgan o‘quvchi meni farzandim bilan bir partada o‘tirmasin, bir sinfda o‘qimasin, deb kelishadi. Ota-onada shunday qarash bo‘lgandan keyin shu oiladagi farzand ham shunday fikrlashi aniq. Bu nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarda o‘ziga ishonchni so‘ndirish, o‘zini davralardan olib qochish, tortinish kabi holatlarni keltirib chiqaradi. Bu qaysidir ma’noda ularning kamsitilishiga ham olib keladi.
Yana bir masala. Nogironligi bor bolaning qobiliyat va ko‘nikmalarini rivojlantirish, nimadir o‘rganishga, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqni rag‘batlantirishda oilasining ham o‘rni katta, deb o‘ylayman. Bolalarning ota-onalari avvalo o‘zlari farzandlarini jamiyatga qo‘shishga intilishlari kerak. Shunday ota-onalar borki, gap-so‘zlardan qochib, nogironligi bo‘lgan bolasidan uyaladi, o‘qishga, maktabga olib borish tugul, ko‘chaga olib chiqmaydi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan farzandlarini umumta’lim muassasalarida o‘qitishi mumkinligi haqida yetarli ma’lumotga ega emas.
Guvohi bo‘lganingizdek, har ikki holatda ham ota-onaning ham aybi bor. Shuning uchun alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning bilim olish huquqi, inklyuziv ta’lim tizimining mazmun-mohiyati haqida jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish ishlarini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish kerak. Mahallalarda targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanish talab etiladi.
Endi bevosita inklyuziv ta’limning ichiga kirsak, tizimda muammolar yo‘q emas. Avvalo, har bir nogironligi bo‘lgan bola uchun har tomonlama sharoit bo‘lishi kerak. Ming afsuski, ta’lim muassasalarida kar-soqovlar uchun darsliklarning yetishmasligi, ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun Brayl yozuvidagi darsliklarning to‘la-to‘kis emasligi ko‘zga tashlanadi.
Pedagog kadrlar tayyorgarligi, mutaxassislar yetishmasligi hamda umumta’lim maktablari binolarida kerakli sharoitlar yaratish juda zarur. Bu bo‘yicha huquqiy asos yaratilgan, vazifalar aniq belgilangan-ku.
Inklyuziv ta’limning ichida
Bektemir tumanidagi 290-sonli umumta’lim maktabidamiz. Ikkinchi soat darslari boshlangan. Inklyuziv sinflarga bormoqchi bo‘ldik, lekin dars mashg‘ulotlariga xalaqit bermaylik, deb avval umumta’lim maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining xonasi tomon odimladik. Muhayyo Tagayevaga maqsadimizni ayyon qilgach, tanaffus boshlanguncha shu masalada bizga hamsuhbat bo‘lishini aytdi:
– Hozir birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflarda nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarimiz bor, – deydi biz bilan suhbatda Muhayyo Tagayeva. – Maktabimizda dastlab tajriba tariqasida 2021 yilda bizning maktabda inklyuziv sinf tashkil etilgan edi. O‘sha yili qabul qilingan o‘quvchilarimiz hozir uchinchi sinfda o‘qiyapti.
Birinchi tashkil etilgan yilda Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyasi xulosasi va yo‘llanmasi bilan 6 nafar o‘quvchi jalb qilingan edi. Hozir birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflarimizda nogironligi bo‘lgan 8 nafar o‘quvchi o‘qitilmoqda.
Bolalarning darslarni o‘zlashtirishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular yaxshi o‘qishga harakat qilyapti. Eshitish qobiliyati zaif bolalarni zamonaviy eshitish moslamalari bilan ta’minlash orqali moslashtirilgan o‘quv tizimi joriy qilingan. O‘quv yili jarayonida aksariyat o‘quvchilar maktab sharoitiga moslashib, sog‘lom tengdoshlari bilan do‘stona munosabatga kirishyotganidan xursand bo‘lamiz.
To‘g‘ri, boshida haqiqatan ham qiyin bo‘lgan. Bunda pedagog, ota-ona va atrofdagi barcha o‘quvchilarning birgalikdagi harakati muhim. Biz nogironligi bo‘lgan bolalarga sinfdoshlari yaqindan turib yordam berayotganini ko‘p kuzatdik. Masalan, qo‘li yaxshi ishlamaydigan o‘quvchiga tengdoshlari texnologiya darsida qog‘ozlarni kesib berishadi, uning yonida bo‘lib har bir harakatda yordam berishadi.
Hozir nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarimiz boshlang‘ich sinflarda o‘qiydi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari birinchi qavatda o‘qigani uchun hozir bu borada muammo yo‘q. Ammo ular 5-sinf bo‘lgandan keyin yuqori qavatlarga tushib-chiqishida qiyinchilik tug‘iladi.
To‘g‘risi, maktablarimizning aksariyati 70-80 yillarda, ya’ni inklyuziv ta’lim yaratilmasdan oldin qurilgani uchun nogironligi bo‘lgan bolalar bemalol harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilmagan. Ammo hozir qurilayotgan maktablarda bular hisobga olinyapti. Bizning maktabda ham nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar emin-erkin harakat qilishi, bir qavatdan boshqasiga qiynalmay o‘tishi uchun lift nihoyatda zarurligi bo‘yicha o‘z takliflarimizni berganmiz.
Qo‘ng‘iroq chalindi, qisqa tanaffus boshlandi. Paytdan foydalanib, inklyuziv sinflar tomon yo‘l oldik. 2-V sinfga kirib borganimizda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shohida G‘ofurovaga duch keldik. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu inklyuziv sinfda 2 nafar nogironligi bo‘lgan o‘quvchi bor. Ularning biri tanaffusdan foydalanib tashqariga chiqqan, ikkinchisi esa sinfda ekan.
Ismoilbek Ibragimovga yuzlandik, har har zamonda bolajon bizga kulib qarab qo‘yadi. Jajjigina barmoqchalari bilan nimanidir hisoblayotgandek tuyuldi bizga. Savol bersak, negadir javob bergisi kelmadi. Ustozining aytishicha, ko‘zlarida mehr limmo-lim to‘la bu bolajon oiladagi nosog‘lom muhit sababli aqli zaifroq bo‘lgan. Lekin yaxshi tushunadi, yozadi, she’rlarni yodlaydi, og‘zaki nutqi ham ancha shakllandi. Chet tillarni ham o‘zlashtiryapti. Bu bolada o‘zgarish, intilish juda yaxshi.
– Inklyuziv ta’limda ikkinchi yil ishlashim. Birinchi yildagi o‘qituvchilarimiz bilan bamaslahat ish ko‘rdik, - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shohida G‘ofurova. – Natijalarimiz yomon emas, bolalarimizda o‘zgarish katta. Masalan, Mustafo Qodirjonov, degan o‘quvchimiz bor. Nutqida nuqsoni bor. Kecha diktant olganimizda qo‘lidan ushlab yozdirsam, o‘zi yozdi. Quvonib ketdim. Oldin umuman gapirmas edi, hozir ancha gaplarni o‘rganib oldi. Sinfga kirishi bilan salom beradi, nimanidir o‘rgatsam yoki sinfdoshlari yordam bersa, “rahmat” deydi. Ularning har bir yutug‘idan quvonaman. Eng muhimi, ularda harakat bor. Atrofidagi tengdoshlariga qarab intiladi, ular bilan tengmateng bo‘lishga ishtiyoq kuchli.
Inklyuziv ta’limda nogironligi bo‘lgan o‘quvchi maktab hududida emin-erkin harakatlana olishi kerak. Buning uchun, albatta, qulay hojatxonalarni qurish, liftlarni o‘rnatish kerak, deb o‘ylayman.
Xolis o‘qituvchi sifatida yana shuni aytamanki, inklyuziv sinflarda elektron doskaga ham ehtiyoj bor. Nogironligi bo‘lgan bola qachonki katta ekranda ko‘rsagina, ma’lumot bo‘yicha taassuroti kengayadi. Shuningdek, o‘quvchilarga eng keraklisi, tizimga o‘quv dastur kiritilishi lozim.
Shuni ham ta’kidlashim kerakki, inklyuziv sinfimdagi nogironligi bo‘lgan bolalarimizning oilaviy sharoiti ham og‘irroq. Shuning uchun ular o‘quv qurollari, mavsumga mos kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi muhim, deb hisoblayman.
Yaqinda bir bola keldi. Oyog‘ida yurolmaydi, defektolog uning nutqida ham nuqsoni borligini aytdi. Onasiga bu haqida aytsak, maktabga kelishiga qarshidek tuyuldi. Bu bola ham o‘qishga, o‘rganishga haqliligini, boshqa bolalarga qo‘shilishi kerakligini aytdik. Onasi uydagilari bilan maslahatlashib ko‘rishini aytdi. Muntazam ravishda ota-onalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini ham olib boryapmiz. Dars o‘tayotgan paytimiz nogironligi bor bolalar butun vujudi bilan, mehr bilan bizni tinglashadi, ularda atrofni o‘rganishga qiziqish kuchli.
Keyingi manzilimiz tumandagi 289-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bo‘ldi.
Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aysuluv Matazizova bilan mavzu yuzasidan uzoq gaplashdik.
– Bizning maktabda birinchi sinfda 1 ta inklyuziv sinf bor. Bu sinfda 2 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – dedi u. – Ammo ikkalasining tashxisi ikki xil. Ularning biri aqli zaifroq, ikkinchisining eshitish darajasi pastroq. Hozir operatsiya va tibbiy davolash sababli eshitish darajasi pastroq bo‘lgan bolaning eshitish darajasi sog‘lom bolalar darajasiga yetkazilgan, faqat ilgari yaxshi eshitmagani uchun nutqi rivojlanishdan orqada qolgan.
Ularning ikkalasiga ham o‘qitish uchun alohida reja tuziladi. Dars vaqtida ham, darsdan keyin ham shu reja asosida ishlanadi.
Yaqinda inklyuziv ta’lim uchun maktab direktori ham, o‘rinbosari ham, psixolog va inklyuziv sinf rahbari 144 soatlik onlayn o‘quv kursida o‘qidik.
Bir narsani ko‘p kuzatyapmiz, sog‘lom bola nosog‘lom bolaga o‘rgatyapti. Ko‘ziga qarab turadi, nimani bilmayapti, shuni o‘rgatishim kerak, deb. Masalan, nutqida ortda qolgan qizimizga sinfdoshlari gapirishni o‘rgatyapti. Avval ismini aytishni, gaplarni to‘liq gapirishi uchun u bilan tengma-teng harakat qilishyapti.
Qanday muammolar bor?
– Bizda maxsus pedagog yo‘q, - deydi Aysuluv Matazizova. – Biz uni alohida shtat orqali qabul qilishimiz kerak. Yaqinda bizga bu bo‘yicha xat kelib tushdi. Ya’ni, endi shtat ochildi. Ammo endi maxsus pedagog topish muammo bo‘lyapti. Nimaga desangiz, inklyuziv sinfimizdagi 2 nafar o‘quvchida ikki xil tashxis bor. Ya’ni, pedagog aqli zaifroq bola bilan ham, surdo bilan ham shug‘ullanishi kerak. Buning uchun bizga defektolog kerak.
Inklyuziv maktablarda asosan difektolog, surdo pedagogga ehtiyoj katta. Ammo oliy ta’lim dargohlarini aynan shu bo‘yicha bitirayotganlar maktablarda ishlamayapti. Ular asosan xususiy ta’lim dargohlarida hamda poliklinikalarda ishlayapti.
Maktabimiz katta massivda joylashgan. Ammo atrofimizda ta’lim berish qobiliyatiga ega surdo pedagog yo‘q. O‘quvchimiz qo‘shimcha darsga professorga Chirchiqqa qatnayapti. Balki ishlayman degan bitiruvchilar bilmasligi uchunmi yoki targ‘ibotning yetarli emasligi uchunmi vakant joylar ko‘p.
Maktabning mikrohududida qanday tashxis bo‘lishidan qat’i nazar, inklyuziv bola kelsa olish belgilangan. Masalan, maktabimizda tayanch harakat sistemasida nuqsoni bor bola keladigan bo‘lsa, bunday bola uchun maktabimiz tayyor emas. Nogironlik aravachasi chiqadigan maxsus joy bor, ammo qolgani yo‘q. Nogironlik aravachasiga mo‘ljallangan parta ham, boshqa kerakli o‘quv jihozlari ham hozircha yo‘q. Bu borada bizga 13 turdagi metodik qo‘llanmalar kirib kelgan. Buning ham 3 tasi bizga mos emas, qolganidan foydalanyapmiz.
Oybek ISOQOV,
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi:
– Ochig‘ini aytish kerak, bizda imkoniyati cheklangan bolalarning boshqa sog‘lom bolalar bilan teng sharoitda o‘qiyotgani haqida maqtanib bo‘lmaydi.
Inklyuziv ta’lim tushunchasini o‘zi ko‘pchilik bilmaydi. Masalan, hozir 42 ta inklyuziv maktab tashkil etilgani haqida aytilyapti. Lekin real olib qarasa, ular inklyuziv maktab talablariga javob bermaydi. Keling, izohlaymiz.
Maktablarning aksariyatida birinchi qavatda bitta sinfda nogironligi bo‘lgan bolalarni yig‘ishyapti, o‘qituvchilar dars berishyapti. Maktabdagi boshqa o‘quvchilar esa ularni nega alohida xonaga qo‘yishganiga qiziqishmoqda. Endi tasavvur qiling, bu nogironligi bo‘lgan bolaning psixologiyasiga qanday ta’sir qiladi?
Aslida inklyuziv ta’lim degani nogironligi bor bolalarning nogironligi yo‘q o‘quvchilar bilan birgalikda o‘qishidir. Lekin maktablarda ularni alohida sinf qilib qo‘yishyapti. “Alohida sinf” bu inklyuziv emas. Bu inklyuziv ta’limga to‘g‘ri kelmaydigan tajriba. Biz buning sababini so‘raganimizda, maktab ma’muriyati buni nogironligi bor bolalarning 3-4 qavatlarga chiqolmasligi bilan izohlashdi. Xo‘sh, unda nega inklyuziv maktab deyishadi? Nogironligi bor bola bemalol harakatlana olmasa, buni ro‘kach qilib, ularning hammasini bir sinfga yig‘ishsa, unda inklyuziv maktab, deb boshqalarni chalg‘itishdan kimga naf?
O‘rganganimizda ushbu maktablarda to‘siqsiz muhit yaratilmaganiga amin bo‘ldik. Nogironligi bor bolalarni qanday o‘qitish kerakligini o‘qituvchilarning o‘zi ham bilmaydi. Chunki bu bo‘yicha metodikalar yetishmaydi. Pedagogika yo‘nalishidagi OTMlar o‘quv dasturlariga inklyuziv ta’lim berish metodikasiga oid fanlar kiritilmagan. Shuning uchun aksariyat o‘qituvchilarimiz inklyuziv ta’lim nimaligini bilmaydi. O‘ylashadiki, maktabga nogironligi bor bolalar kelsa, shu maktab inklyuziv maktab bo‘ladi. Yo‘q, unday emas. Aslida uni o‘qitish metodikasi bor.
Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalsam. Paysalga solib kelinayotgan, hukumatning nazaridan chetda qolib ketayotgan kamchiliklardan biri bu yo‘nalishga budjetdan alohida pul ajratilmasligida.
Pul bo‘lmasa, maktab direktori qanday qilib lift qo‘yadi? Qanday qilib sharoit yaratadi? Qanday to‘siqsiz muhit yaratadi? Buni o‘z hisobidan qilayotgan maktablar ham bor. Ammo bu tizimli o‘zgartirish emas. Tizimli bo‘lishi uchun respublika va mahalliy budjetlardan inklyuziv ta’lim uchun alohida mablag‘ ajratilishi kerak.
Yana bitta masalaga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylayman. Ya’ni, inklyuziv ta’lim bo‘yicha qonun ishlab chiqish lozim. Shunda tizimdagi barcha yo‘nalishlarning huquqiy asoslari mustahkamlanadi.
To‘g‘ri, nogironligi bor bolalar uchun alohida maktab-internatlari bor. Lekin ushbu internatlar, misol uchun, 120 mingta bola bo‘lsa, shundan ko‘pi bilan 40 mingini qamrab oladi. Qolganlar-chi? Uyda o‘qiydi, deyiladi. Uyda o‘qitish metodikasi ham katta masala.
Bir narsani unutmaylik, bolaning bilim olish qobiliyati ular uchun mos muhit yaratilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Deputat nima deydi?
Dilbar MAMADJANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Milliy qonunchiligimiz nogironligi bo‘lgan bolalarga ham o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishda teng huquq beradi. Konstitutsiyamizda ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Demak, nogironligi bo‘lgan bolalar ham boshqa tengdoshlari kabi maktabga borishga, darsga qatnashga, bilim olishga haqli.
Ushbu masalada o‘z saylov okrugimda nazorat-tahlil ishlarini olib bordim. Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona tumanida 5 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan. Ularda 8 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan. O‘rganishlar olib borganimizda ushbu maktablarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni boshqa (sog‘lom) bolalar bilan birga ta’lim olishi uchun sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik.
Xalq demokratik partiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini qat’iy himoya qilish tarafdori. Nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, ularga boshqalar kabi teng imkoniyatlarni ta’minlash kerak, deb hisoblaymiz. Mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birga inklyuziv ta’lim masalasini, Prezident qarorida belgilangan vazifalar qanday ijro etilayotganini manzilli o‘rganib, parlamentda mas’ul vazirlik-idoralar bilan birga muhokama qilishni rejalashtirganmiz.
* * *
Mavzuga umumiy yondashishga, asosiy masalalarni ko‘rsatishga harakat qildik. Inlyuziv ta’limni joriy qilish oson bo‘lmagan jarayon, bunga bosqichma-bosqich boriladi. Biz ham mavzuga shu bilan yakun yasamoqchi emasmiz. Yaqin kunlarda vazirliklar, mutasaddi tashkilotlar eshigini shu masalada yana taqillatamiz. Keyingi maqolalarda oliy ta’limdagi inklyuziv ta’limga to‘xtalamiz. Ushbu mavzuga, real jarayonga yanada chuqurroq kirishga, mas’ullar va tomonlarning fikrlari, taklif-mulohazalarini kengroq ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Har bir bola – bir dunyo. Nogironligi bor bolalar ham ko‘p narsaga erishishi mumkin. Shuni qancha keng va aniq tushunsak, albatta, inklyuziv ta’limni rivojlantirishga erishamiz.
Qo‘sh sahifani “O‘zbekiston ovozi”
muxbiri Laziza SHЕROVA tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5