DAXLDORLIK ZANJIRI barcha mas’ullarni yurtparvarlik hissi ila bog‘lab turadi

 

Bugun yurtimiz ulkan qurilish maydoniga aylandi, o‘tgan qisqa davrda yurtimizda zamonaviy massivlar, binolar va uy-joy majmualari qad rostlamoqda, infrastruktura rivojlanmoqda. Hattoki, eng olis qishloqda ham shahardagidan qolishmaydigan zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilayotganini ko‘rib ko‘zingiz quvonadi.

Xalqimizning “Uyi borning tashvishi yo‘q, chunki uning boshpanasi bor” degan gapida chuqur ma’no bor. Topib aytilgan gap-a? Buni, ayniqsa, o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan, yillar davomida shu orzu bilan yashagan odamlar yaxshi his qiladi, bu gapning qanchalik ahamiyatli ekanini shu tashvishni boshidan o‘tkazganlar biladi. Bizning xalqimiz uchun uy-joy – bu Vatan ichra kichik vatandir. Insonning dunyoga kelishi, shaxs sifatida kamol topishi, farzandlarni voyaga yetkazish, milliy urf-odat va tarixiy an’analarni davom ettirish, to‘ylar qilish kabi ezgu an’analar aynan uy-joyda amalga oshiriladi. Saodatli yashamoqning mohiyati ham shu aslida.

Bugun mamlakatimiz aholisi soni 37 millionga tenglashib turibdi. Tabiiyki, aholi sonining ko‘payishi bilan uy-joyga bo‘lgan talab ham shunga mos ravishda oshib boradi. Lekin turar joylarga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasida muvozanat buzilishi mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham mazkur omilni hisobga olish va aholini uy-joy bilan ta’minlash siyosati davlatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning baxtli va farovon hayot kechirishi, ularni munosib yashash sharoiti va uy-joy bilan ta’minlash borasida juda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yosh oilalar va ijtimoiy ko‘makka muhtojlar uchun uy-joylar ajratilishi, birlamchi va ikkilamchi bozorda uy-joylar xaridi uchun imtiyozli kredit liniyalari yo‘lga qo‘yilishi, subsidiyalar berilishi, asosiysi, har bir hudud talabidan kelib chiqib zamonaviy uy-joylar qurilishi kabi chora-tadbirlar fikrimizga dalil bo‘la oladi. Zero “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan ezgu da’vatni o‘ziga shior qilib olgan yurtboshimiz bor ekan, har qanday muammoga yechim topiladi, hattoki uy-joy masalasida ham.

Bugungi shiddatli zamon barchamizdan izlanishni, yangicha fikrlashni, fidokorona ishlashni taqozo etmoqda. Bu masalada ham shaxsiy namuna ko‘rsatayotgan Prezidentimiz o‘z Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda, har bir sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazib, amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy ruhda chuqur tahlil qilib, sarhisob qilayotganliklari hamda galdagi vazifalarni qo‘yayotganliklari rahbarlarning xalq oldidagi mas’uliyatini kuchaytirmoqda, ularni “doimo uyg‘oq va sergak” bo‘lishga undamoqda.

Navbatdagi sarhisob yig‘ilishi Prezidentimiz boshchiligida uy-joy qurilishi, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazildi va unda sohadagi dolzarb muammolar tahlil qilindi, tanqidiy fikrlar bildirildi va istiqboldagi rejalar belgilandi.

Prezidentimiz aholini uy-joy va kommunal xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi islohotlarni izchil davom ettirishga harakat qilayotganligi, soha mutasaddilarini ham bu ishga katta mas’uliyat va kuyunchaklik bilan yondashishga undayotganligi zamirida har bir yurtdoshimizni ana shunday baxtli-saodatli ko‘rish istagi mujassam. Davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan “Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson o‘zining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega bo‘lsa, xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo‘ladi” degan ezgu istak yangilangan Konstitutsiyamizda ham o‘z aksini topdi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar taqdim etish, xususiy pudrat tashkilotlarini zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 90 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, yaqin 2-3 yilda bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.

Lekin nega uy-joy, kommunal sohasidan xalqimiz eng ko‘p norozi bo‘lmoqda?! Nima sababdan sohani tartib solish masalasida mas’ullar emas, davlat rahbari qayg‘urishi kerak, degan savollar kishini o‘ylashga majbur qiladi.

Albatta, uy-joyli bo‘lish oilaga xursandchilik olib keladi. Afsuski, loyiha, tender, qurilish va obyektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari hamda qurilishdagi “obnal” va “o‘g‘irlik”lar sababli, biz sifatsiz qurilgan uyning egasiga aylanamiz. Qurilishlarga ajratilgan budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatish, talon-taroj qilish holatlari qurilayotgan uy-joylarning sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Aytish kerak, sohadagi eng katta muammo loyiha tashkilotlarining obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilishidir. Chunki loyiha qancha qimmat bo‘lsa, loyihachi shuncha ko‘p pul olishi hech kimga sir emas.

Quruvchilar uchun moliyaviy resurs yo‘qligi sababli, ular aholi mablag‘larini poydevor quyish bosqichida jalb qilib, ulushdor sifatida rasmiylashtirmoqda, natijada ayrim nopok quruvchilar hisobiga odamlar himoyasiz qolmoqda. Bugungi kundagi amaliyotga muvofiq, kadastr hujjati yo‘q uyga ipoteka krediti berish mumkin emas. Ayrim nopok quruvchilar odamlarning ishonchiga kirib, ularga uy yoki binolarni qurib berishni va’da qilib, va’da qilingan uylarni qurib bermasdan yoki boshqasiga sotib yuborib, “chuv” tushirib ketmoqda. Mazkur muammoni bartaraf qilish uchun uy-joy qurilishiga aholining ulushdor bo‘lib kirishini huquqiy tartibga solish zarur.

Shu kabi holatlar uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini ham chetlab o‘tmagan. Ko‘p qavatli uylarni issiqlik va suv ta’minoti sohalarini o‘zgartirish uchun mas’ullarda vakolat, imkoniyat, sharoit bor, ammo izlanish, tashabbus yetishmaydi. Suv, elektr energiyasi, issiqlik energiyasini tejash haqida bong uramiz, lekin uni qay yo‘l bilan tejash mumkinligi haqida izlanmaymiz, “bugungi kunim o‘tsa bo‘ldi” qabilida kunimizni o‘tkazamiz.

Bir jihat borki, aholini qiynab kelayotgan uy-joyga ega bo‘lish, uni sotib olish va hujjatlashtirish, kadastr, suv, issiqlik, elektr, chiqindi, ijtimoiy infratuzilma, kommunikatsiya kabi biri biriga chambarchas sohalarni tartibga solishda, shunga monand, buning uchun mas’ul idora va tashkilotlar bir yoqadan bosh chiqarishi, “sen menga tegma” qabilida ish yuritishdan voz kechishi, mutasaddilar ongu shuurida yurtparvarlik, xalqparvarlik his-tuyg‘ulari jo‘sh urishi talab etiladi. Ana shu mas’uliyat ularni bir chiziqqa tushishiga imkon yaratadi. Bunda birinchi navbatda soha rahbarlari namuna ko‘rsatishlari zarur.

Parlamentimiz tomonidan uy-joy sohasidagi munosabatlarni tartibga soladigan qonunchilik hujjatlari “chig‘iriqdan o‘tkazilmoqda”. Xususan, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy, Shaharsozlik kodeksi, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”, “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunlar, sohaga oid ko‘plab qonunchilik hujjatlari takomillashtirilmoqda. Sohadagi muammo va kamchiliklarning oldini olish, bartaraf etish – bugungi kunning dolzarb vazifasi. Tizimni korrupsiyadan holi qilishning eng maqbul yo‘li – uni raqamlashtirish hamda turli platforma va loyihalarni yo‘lga qo‘yishdir.

Umuman olganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda inson qadrini ulug‘lash, insonlarga yengillik va qulayliklar yaratish oliy maqsad qilib olingan. Bu kabi ishlarni amalga oshirishda albatta siyosiy iroda, tashkilotchilik va uzoqni ko‘ra olish qobiliyati o‘z samarasini beradi. Ishonchimiz komilki, bu kabi islohotlar ichida javlon urib mehnat qilgan,, o‘z millatining dardiga darmon bo‘la olgan rahbargina o‘z xalqining qalbida mangu yashaydi.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish