2019 yilgi Parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlardan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik korpusi orqali amalga oshirishni rejalashtirgan 12 qadamdan iborat asosiy dasturiy maqsadlarini belgilab olgan edi. Gazetamizning avvalgi sonida birinchi qadam (Yashash minimumini belgilash tartibini ishlab chiqish va hayotga joriy etish) haqida atroflicha ma’lumot berishga harakat qilgan edik. Bu sonda ikkinchi qadam haqida gaplashmoqchimiz.
Maqsad har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlanishiga erishish edi. Xususan, fuqarolarning ta’lim olish, ijtimoiy himoya, malakali yuridik xizmatdan foydalanish huquqlarini kafolatlash ko‘zlangan edi.
Ijtimoiy xizmatlar o‘zi nima?
Bugungi kunda ijtimoiy xizmatlar sohasi zamonaviy fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos ins tituti sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ijtimoiy xizmatlarning institutlashuvi masalasi xorijiy davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyalarida ham o‘z aksini topmoqda.
Davlat va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar keyinchalik professional xarakterga ega bo‘lgan ijtimoiy xizmatlarga aylanadi. Ijtimoiy xizmatlar deb asosan sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, madaniyat kabi sohalarda ko‘rsatiladigan xizmat turlariga aytiladi. Ular ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik tamoyillariga tayanadi.
Ijtimoiy xizmatlardan bepul, bemalol foydalanish imkoniyatini yaratish degani hamma narsa tekin bo‘lsin degan mazmundan, ojiz mafkuradan butunlay yiroq.
Bu o‘rinda asosiy masala fuqarolarning ijtimoiy holati, kelib chiqishi, iqtisodiy imkoniyatlaridan qat’i nazar, ularga Konstitutsiyadagi huquqlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratilishi bilan bog‘liqdir.
Masalan, bola qanday oilada tug‘ilmasin, boshlang‘ich va maktab ta’limini olishi zarur, buni davlat kafolatlaydi.
Inson bemor bo‘lib hayotiga xavf yuzaga kelganda, davlat sog‘liqni saqlash tizimi orqali uni himoyalash choralarini kafolatlashi muhim.
Inson sha’ni, qadr-qimmatini asrash, o‘zini himoya qilishga muhtoj bo‘lib qolganda, ijtimoiy, iqtisodiy holatidan qat’i nazar, uning ustuvor huquqlari himoyalanishi zarur.
Boshqachasiga aytganda, davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar davlat va jamiyatni o‘zaro ishonch, mas’uliyat bilan bog‘lab turuvchi muhim institutlardan biridir.
Xalq demokratik partiyasi ko‘zlagan maqsad huquqlar va imkoniyatlar tengligi degan hayotiy tamoyilga, xalqimizning tarixiy turmush tafakkuriga asoslangani yaqqol tushunarli.
Maqsad qanchalik amalga oshdi?
Ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 avgustda “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatga olingan oilalarga bepul yoki imtiyozli shartlarda qator ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan:
▪ davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish;
▪ maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash;
▪ umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish;
▪ umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;
▪ ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
▪ san’at maktablari, musiqa maktablari, «Barkamol avlod» markazlari va boshqa maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘qish xarajatlaridan ozod etish;
▪ kam ta’minlangan oilalarning nogironligi bo‘lgan a’zolarini protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash;
▪ ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma (order) olish kabi ijtimoiy xizmatlar belgilangan.
▪ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi nafaqat ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini oshirish imkoniyati, balki, har qanday murakkab sharoitda ham aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash, ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali vositasiga aylanib boryapti.
Ta’lim huquqi bo‘yicha
O‘zbekiston aholisining deyarli 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qilishidan mamlakatimiz ravnaqi uchun ta’limning ahamiyati nechog‘lik ekanini anglash qiyin emas. Demak, yurtimizda ta’limning uzviyligi, sifati, hamma uchun teng imkoniyat yaratilgani juda muhim.
Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi yangilangan Konstitutsiyasining 50-moddasida “Har kim ta’lim olish huquqiga ega” ekanligi, davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi belgilandi.
2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi. Faqat qonun emas, hayotda real natijalar o‘sib bormoqda.
Yaqinda Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda quvonarli raqamlar aytildi. 3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yilgi 27 foizdan 2023 yilda 72 foizga yetgan. Oliy ta’limdagi qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetgan.
O‘zbekistonlik millionlab bolalar 10 mingdan ortiq maktablarda bepul ta’lim olmoqda.
Tibbiyot sohasi bo‘yicha
Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 2024 yil 1 yanvar holati bo‘yicha 36 799 800 kishini tashkil etadi. Raqamlar mamlakatimizda inson resurslari shiddat bilan o‘sayotganini ko‘rsatmoqda.
Bosh Qomusimizning 48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021 yildan boshlab, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida aholini 66 turdagi, 2022 yilda esa 120 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.
Natijada hozirgi vaqtda birlamchi zarur dori-darmonlarni aholi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan olayotir.
Davlat tibbiy-sanitariya xizmatlarining kafolatlangan hajmi doirasida quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi:
▪ shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish;
▪ sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida va qator davlat davolash-profilaktika muassasalarida, avvalo, qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish;
▪ qator yuqumli kasalliklarga qarshi aholini immunlashtirish va vaksinatsiyalash;
▪ ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrinologik kasalliklarga chalingan bemorlar va kasb kasalliklariga chalingan shaxslar) bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam;
▪ bolalarni tekshiruvdan o‘tkazish va davolash (pulli shifoxonalardan tashqari);
▪ 15–17 yoshli o‘smirlar va chaqiruv komissiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha chaqiruv yoshidagi (18-27 yoshli) shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazish va davolash;
▪ tug‘ruq vaqtida yordam beradigan xizmatlarni ko‘rsatish (pulli muassasalardan tashqari);
▪ imtiyozli toifaga mansub bemorlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush faxriylari, to‘liq yetimlar)ni davlat davolash-profilaktika muassasalarida davolash kabi bepul tibbiy xizmatlar olish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilishi yo‘lga qo‘yildi. Sug‘urta tizimiga asosan mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.
Yuridik yordam bo‘yicha
2023 yil iyun oyida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonunning 9-moddasida quyidagi jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga egaligi belgilangan. Bular:
1) kam ta’minlangan shaxslar, agar ular:
fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar;
ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar;
ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar;
jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuning dek, mahkumlar bo‘lsa;
2) ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda;
3) o‘z huquqlari buzilgan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;
4) O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar davlat hisobidan bepul yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ldi.
Qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ham yuridik yordamdan foydalanish kafolatlari mustahkamlangan.
Asosli xulosalar
Birinchidan, e’tibor bersak, muhim ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi bilan bog‘liq hujjatlar keyingi 4-5 yil ichida qabul qilinib, hayotga joriy etilmoqda.
Ikkinchidan, muhtoj odamlar kerak paytda zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu davlatning nafaqat mas’uliyati, balki iqtisodiy kuch-qudrati ham xalqimiz ehtiyojlariga munosib darajada oshayotganini bildiradi.
Fakt va dalillar Xalq demokratik partiyasi dasturida belgilab olgan har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlanishi maqsadiga bosqichma-bosqich erishayotganini ko‘rsatmoqda. Hali oldinda vazifalar ko‘p, deputatlar, partiya faollari buni yaxshi tushunib, mas’uliyatini his etib turibdi, degan umiddamiz.
O‘ylab qaralsa, ijtimoiy xizmatlar kafolatlanayotgani uchun millionlab odamlar huquqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Og‘ir vaziyatlardan chiqmoqda, turmushi yaxshilanmoqda. Bu butun davlat va jamiyatimizning ham ulkan yutug‘idir.
Ahmad QURBONOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.