Har bir inson farzandiga dunyodagi barcha yaxshiligu ezguliklarni tilaydi. O‘zimiz yetisha olmagan orzularimiz, rejalarimizga farzandlarimiz erishishini xohlaymiz. Yoki aksincha, xatolarimiz farzandlarimizda ham takrorlanishini istamaymiz. Imkon qadar ular hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashamiz. Sir emaski, bolalikda egallangan bilim inson xotirasida bir umr qoladi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 5 fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’lim tizimidagi ahvol tanqidiy tahlil qilinib, kelgusi rejalar belgilab berildi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida bugungi kunda yurtimizda maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetdi. 2016 yil bilan taqqoslasak, bu ko‘rsatkich o‘sha yili 27 foizni tashkil etgan.
Maktabgacha ta’lim bolaning hissiy rivojlanishi, shaxsiyatini shakllantirish va uning jamoadagi rolini anglashiga ko‘mak beradigan vositadir. Bolalar aynan bog‘chada intizom va mas’uliyatni o‘rganadi. Dunyoga boshqa nigoh bilan qaray boshlaydi. O‘z vaqtida ovqatlanish, inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan bir rejimga tushishni o‘zlashtiradi. Boshqalarni hurmat qilish va o‘zini jamoaning bir qismi deb bilishga odatlanadi. Ba’zan oila a’zolaridan uzoqlashish bolalarga mustaqillik va mas’uliyatni to‘liq namoyon qilish imkonini beradi. Bola o‘zi kiyinishni, ovqatlanish va hatto o‘ynashni boshlaydi. Dunyoni anglash, ongni rivojlantirish oson kechadi. Umuman, bolalar bog‘chasi o‘ziga xos parallel dunyo bo‘lib, bola tinglashni-eshitishni, qarashni-ko‘rishni, taqqoslashni, his qilish va sinab ko‘rishni o‘rganadi, hatto siz harakat qilsangiz ham uyda yaratib bera olmaydigan muhitda hayotga tayyor bo‘lib boradi.
Farzandning bog‘chaga borishi ota-onalar uchun o‘z maqsadlarini amalga oshirish, majburiyatini to‘kis bajarish imkoniyatini yaratadi.
Birinchidan, ota ham, ona ham mehnat qilib, ilm-hunar tutib, ijtimoiy-iqtisodiy faol insonlarga aylanadi.
Ikkinchidan, daromad topib, oilasining turmush sharoitini yaxshilash, bolalarini yaxshi boqish, rivojlantirish uchun qo‘shimcha jamg‘arma to‘play oladi.
Uchinchidan, ota-onalar ko‘proq vaqtga ega bo‘lib, o‘zini ham rivojlantiradi.
Bu omillar nafaqat oilalar, butun jamiyat yaxshilanishiga asos bo‘ladi. Shular haqida o‘ylasak, Prezidentimizning qat’iy irodasi va talabi bilan maktabgacha ta’lim qamrovi 74 foizga yetkazilgani naqadar muhim ekani yanada oydinlashadi. Albatta, bunday natijalarga osonlik bilan erishilayotgani yo‘q. Hali joylarda kamchiliklar, haqiqiy sifat bosqichiga o‘tish bo‘yicha katta vazifalar turibdi.
Yig‘ilishda bu yil davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshirilishi lozimligi, olis qishloq joylarda bog‘cha tashkil etish ishlarini kuchaytirish kerakligi ta’kidlanib, zarur topshiriqlar berildi.
Farzandlar yutug‘i bizning muvaffaqiyatimizdir
Bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirish haqida gap borar ekan, ularga ta’lim beruvchi tarbiyachilarning bilimini oshirishga e’tibor qaratish ham muhim masalalardan biridir. Afsuski, har yili bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha bor-yo‘g‘i 9 foizi malaka oshirishga intilmoqda.
Har bir oilaning farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga borishi uchun intilayotgan ekanmiz, ularning qimmatli vaqti zoye ketmasligiga ham mas’ulmiz. Bog‘chada bolalar qiziqarli o‘yinlar, belgilangan dasturlar asosida bilimga ega bo‘lib borishi, vaqtini chog‘ o‘tkazishi zarur.
Yurtimizdagi 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emasligi o‘rinli tanqid qilindi. Bog‘cha bolalar ishtiyoq bilan boradigan, intiladigan sevimli maskanga aylanishi muhim. Agar bog‘chalardagi qamrovni oshirib, u yerdagi tarbiyachilar malakasiga e’tibor qaratmas ekanmiz, bu islohotlar zanjiridagi uzilishga olib keladi.
Shuni inobatga olgan holda, 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi. Bog‘chalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Bog‘chalar bolalarga tarbiya, ta’lim berish vazifasini astoydil, zamon talablari darajasida bajarishi kerak. Bunga intilmagan bog‘chalar, tarbiyachilar ota-onalarning, asosiysi, bolalarning ishonchi, mehrini qozonishi qiyin. Shuning uchun har bir maktabgacha ta’lim tashkiloti endi o‘zini rivojlantirish haqida qayg‘urishi lozim. Davlatimiz rahbari belgilagan vazifalar zamirida mana shunday chaqiriq ham bor, albatta.
Pedagog maqomi qonun bilan himoyalandi
Maktab imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘quvchi qaysi mashg‘ulot maroqliligini, qanday qobiliyati borligini ajratib, anglab olishi bilan bir qatorda, kelajakda qaysi kasbni tanlashini ham maktab davrida hal qiladi.
Bugungi kunda maktabda aksariyat o‘qituvchilarning kasbiga munosabati o‘zgargan, mehri oshgan. O‘z ustida ishlab, bilimini oshirib borayotgan, o‘ziga xos metodika asosida yutuqqa erishayotgan o‘qituvchilar e’tirof etilmoqda, qadr topmoqda.
O‘qituvchilar hurmatga eng loyiq inson ekanini hayotning o‘zi anglatib qo‘ydi. Endi eski qarashlar yo‘q. O‘qituvchilarni bir yilda bir marotaba bayramda e’zozlash emas, har kuni va har lahza qadrlash lozimligi hayotiy e’tiqodga aylanmoqda.
Mamlakatimizda joriy yil 1 fevraldan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun bilan pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yildi.
Pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, unga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilish taqiqlandi.
Natija e’tiborga mos bo‘lishi kerak
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, joriy yilda maktabgacha va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Biroq o‘quvchining bilimi rejadagi ko‘rsatkichga yetmagani tanqid qilindi. Ya’ni 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarning yarmi ham “B1” darajaga ega bo‘la olmayapti. Shuningdek, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko‘rinmayapti.
Shundan kelib chiqib, maktab ta’limidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi. Maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash, o‘quvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan o‘quv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, maktablarda tarbiya va ma’naviyat og‘riqli masalalardan biri ekani ta’kidlandi. O‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi. So‘rov maktab direktoridan bo‘lyapti, lekin Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga mas’ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmayapti, dedi davlatimiz rahbari.
Maktab insonni fikrlashga, tahlilga, muammolarni mustaqil hal qilishga va o‘zini o‘zi tarbiyalashga o‘rgatadi. Maktabga nafaqat bilim olish, balki shaxs sifatida yetishish uchun boriladi.
Joriy yilda Prezident maktablari ta’lim dasturi yana mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar esa ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas’ul qilib qo‘yildi.
Bugungi kunda maktablar mutlaqo yangicha formatda bunyod etilmoqda, qo‘shimcha binolar qurilmoqda, qayta ta’mirlanmoqda. Har bir maktabni zamon talablari asosida jihozlash, moddiy-texnik bazasini ilg‘or davlatlardagi singari yangilash talabi qo‘yilmoqda. Zamonaviy o‘quv va badiiy adabiyotlar xarid qilinmoqda. Lekin ta’lim mazmunini, dasturlari va darslarini kuchaytirish, ilg‘or davlatlardagi tajriba bilan uyg‘unlashtirish soha fidoyilarining zimmasida bo‘lib qolaveradi.
Shu ma’noda, keyingi yillarda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilarning malakasini yanada oshirish masalasiga o‘zgacha nuqtai nazardan yondashilmoqda. Xalqaro tajriba o‘rganilib, eng samarali deb topilgan usullar ta’lim tizimiga olib kirilmoqda. Dasturlar, me’yor va standartlar o‘zgarsa, albatta, bolalarning ta’lim, tarbiya darajasi ham shunga mos bo‘lishni boshlaydi. Hududlardagi Prezident maktablari o‘quvchilari katta natijalarga erishayotgani, har tomonlama o‘zlarini ko‘rsatayotgani boshqa o‘quvchilar, ota-onalarning ham ushbu maktablar dasturiga qiziqishini oshirganini alohida ta’kidlash kerak.
Ta’lim sohasidagi yutuqlarimizdan biri maktablarda 500 nafar “til egalari” ish boshlagani o‘z samarasini berayotganidir. Dunyo tillarini puxta bilmay turib, dunyoviy bilimlarni egallab bo‘lmaydi. Farzandlarimizni bolalikdanoq bir nechta tilda so‘zlasha olishga o‘rgatish ularning kelgusida ham o‘qish, bilim olish, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini rag‘batlantiradi.
Kasb-hunar egallash muhim
Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi.
Chindan ham yoshlarning kasb-hunarli bo‘lishi muhimdir. Ota-bobolarimiz kasb-hunarli bo‘lish masalasini bejiz hayotiy e’tiqod darajasiga ko‘tarmagan. Bu yoshlarning o‘zini anglashi, oilada, jamiyatda o‘z o‘rnini his etishi uchun ham zarur.
Maktab ta’limini tugatib, biror kasbni tanlay olmagan o‘spirinning bo‘sh qolishi, yo‘l-yo‘nalish topa olmasligi turli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kasbga o‘rgatish amaliyoti orqali yoshlarga kasb tanlashda yaqindan ko‘makchi bo‘lish ko‘zda tutilgan.
Maktabni bitirayotgan har bir o‘quvchi hech bo‘lmaganda bitta kasbning egasi bo‘lib chiqishiga erishish, sevgan kasbini topishga yordamlashish insonning o‘zi anglamagan iste’dodi, imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Ko‘ngilga yaqin kasbni topish mehr berib ishlash, degani hamdir. Jamiyatda o‘z ishini yaxshi ko‘rib bajaradigan odamlar, ayniqsa, yoshlar qancha ko‘paysa, umumiy kayfiyat va muhit ham yaxshilanadi.
“Maktab — ota-ona — mahalla” zanjiri
Davlatimiz rahbari ta’lim sohasidagi islohotlarni bosqichma-bosqich takomiliga yetkazishni belgilab berar ekan, qo‘yilayotgan har bir vazifa, topshiriq muhim va dolzarbligini anglaydi kishi.
Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ta’lim dasturlari, o‘quv metodikalarini yaxshilash ustida shuncha ish olib borilayotgan ekan, davomat masalasini nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu vazifalar, topshiriqlar, mehnatlar kim uchun? Albatta, o‘quvchilar uchun, ularning kelajagi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi uchun.
Modomiki, ota-onalar farzandlarining maktabga borishini nazorat qilmas, mahalla maktabdan uzoqlashar ekan, yangi natijalar bilan xursand bo‘la olmaymiz.
Har bir ota-ona farzandi uchun mas’ul bo‘lishi shart. Har bir mahalla maktabdagi davomat darajasini o‘rganib, maktabga bormayotgan o‘quvchilarning oilaviy sharoiti, muammolarini o‘rganishi, sababini aniqlashi, yechim topishda ko‘makdosh bo‘lishi muhim.
Katta mablag‘, kuch, mehnat sarf qilinib, ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni mas’ullar, o‘qituvchi-pedagoglar, mahalla, ota-onalar, umuman, barchamiz birdek tushunib, qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shunda farzandlariga eng yaxshisini tilaydigan xalq ekanimiz ta’lim, tarbiya sifatida ham yaqqol ko‘rinadi.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 13.02.2024, 31-son.