Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim

 

Prezident Farmoni haqida hokim va senatorlar qanday fikrda?

Demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash bir qator omillarga bog‘liq. Buning uchun, avvalo, hokimiyatlar vakolatlari bo‘linishi tamoyili, ijro va vakillik organlari o‘rtasida bir-birini tiyib turish mexanizmi ishlashi muhim. Busiz davlat, jamiyat, odamlar ham katta o‘zgarishlardan o‘tishi qiyin.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari degan muhim tamoyilni amalga oshirish bo‘yicha strategik vazifalar belgilangan.

Ushbu muhim vazifalarni bajarish, yangilangan Konstitutsiya normalarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilish bo‘yicha navbatdagi dadil qadamlar tashlanmoqda. Bu uzoq kutilgan qadamlar ekanini alohida ta’kidlash joiz.

«Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu Farmon butun mamlakatimizda tez ovoza bo‘ldi, ulkan qo‘llab-quvvatlashga erishdi.

Hujjatga ko‘ra, mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlarning vakolatlari bir-biridan ajratiladigan bo‘ldi. Bir necha yillardan buyon muhokama mavzusi bo‘lib kelayotgan ushbu amaliy va huquqiy o‘zgarishlar, yangilanishlar nihoyat amalga oshmoqda. Bu O‘zbekistondagi zamonaviy davlatchilikning katta, tarixiy yutuqlaridan biri ekani ta’kidlanmoqda.

 

2017 yildan boshlandi...

2017 yil. Esingizda bo‘lsa, shungacha Toshkent shahri tumanlarida Kengashlar yo‘q edi. Konstitutsiyaning 99-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Shu yilning o‘zida Toshkent shahar tuman Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi va tumanlarda ham Kengashlar ish boshladi. Aynan shu yildan ijro organlari rahbarlari, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, adliya, ichki ishlar organlari rahbarlari va prokurorlarning Kengashlar oldida hisobot va axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

2020 yil. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazildi.

2021 yil. 6 noyabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida davlatimiz rahbari shunday degan edi:

“Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat boshqaruv tizimi ayrim rahbarlarning subyektiv nuqtai nazariga, sodda qilib aytganda, ularning qosh-qovog‘iga qarab emas, aksincha, mustahkam huquqiy mezonlarga ega bo‘lgan institutlar faoliyati orqali amalga oshirilishi zarur. Bu borada oldimizda turgan yana bir muhim masala – xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish vaqti keldi, deb o‘ylayman”.

2022 yil. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasidagi ikkinchi hamda uchinchi maqsad ham aynan shu yo‘nalishga qaratilgan edi. Ya’ni, xalq deputatlari Kengashlarini hududlardagi muammolarni hal qilishda asosiy bo‘g‘inga aylantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish...

2024 yil. Joriy yilning 2 fevral kuni “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Ko‘rinib turibdiki, o‘tgan qisqa vaqt ichida katta islohotlar bosqichma-bosqich olib borildi. Eng muhimi, ushbu yangilanishlar muhit va kayfiyatni butunlay o‘zgartirishga asos bo‘lmoqda.

 

Hokimlar nima deydi?

Farhod UMAROV,

Vobkent tumani hokimi:

- Albatta, hozirgi o‘zgarishlar demokratik muhit rivojlanishi uchun xizmat qiladi.

Farmonga ko‘ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish bilan bog‘liq 33 ta vazifa, funksiya va vakolatlar mahalliy Kengashlarga o‘tkazilmoqda. Ya’ni, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida amaldagi tizimni isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi.

Hududlarda vakolatlar taqsimoti, manfaatlar muvozanati ta’minlanishining ijobiy tomonlari juda ko‘p. Bu, avvalo, mahalliy darajada demokratiyaning eng muhim talabi bo‘lgan hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini amalda ta’minlash, Kengashlarning ham, hokimlarning ham mas’uliyatini oshirishga zamin yaratadi. Buni har bir hudud rahbari to‘g‘ri qabul qilishi kerak, albatta.

Hokimning bir paytning o‘zida ham ijro organi, ham Kengash raisi vazifasini egallashi mahalliy darajada hokimiyatlarning bir-birini tiyib turish mexanizmining buzilishiga ham sabab bo‘lib kelmoqda. Oddiy misol bilan aytganda, qanday qilib hokim o‘zi raislik qilayotgan Kengashda “o‘zi-o‘ziga” hisobot beradi va “o‘zi-o‘ziga” baho beradi. Mahalliy Kengashga hisobdorlik muammolarga o‘z vaqtida yechim topish, ishga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.

Ushbu o‘zgarishlar hokimlar uchun tashabbuskor bo‘lib ishlashga qulaylik olib keladi, deb o‘ylayman. Muayyan hudud miqyosidagi barcha vakolatlarning bitta amaldor ixtiyorida bo‘lishidan samaradorlikka erishish qiyin. Chunki, bitta odam hamma masalaga ulgurishi imkonsiz. Hudud taraqqiyoti, rivoji hokimning yoki yana bir-ikkita amaldorning harakatiga, dunyoqarashi va xarakteriga bog‘lanib qolmasligi kerak.

Haqiqiy hayot, odamlarning kayfiyati kabinetda o‘tirib emas, joylarga chiqib, asl holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha oydinlashmaydi. Bir, ikki murojaat bilan muammolar haqida xulosa ham qilib bo‘lmaydi. Demokratik islohotlar natijasida joylarda ijro (hokim) va vakillik (Kengash) organlari o‘rtasida “bir-birini tiyib turish” mexanizmi ishlaydi.

So‘nggi yillarda olib borilayotgan ochiqlik siyosati hokimlarimizni ham bildirilgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilish va ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga o‘rgatdi. Bugungi kunda tanqidlardan xafa bo‘lib yoki tanqidchilarni ta’qib qiladigan zamonda emasmiz hozir. Aksincha, har bir vaziyatda xalqimiz manfaatlari nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri qarorni qabul qilish imkoniga ega bo‘linmoqda.

Mahalliy Kengashlar deputatlari o‘zlarining doimiy ishidan ajralmagan holda deputatlik faoliyatini olib boradi. Bu ularning to‘laqonli faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omil. Kengashlarda ham doimiy ishlovchi deputatlar korpusi shakllantirilishi haqida takliflar bildirilgan. Bu amalga oshsa, mahalliy Kengash deputatlari ish samaradorligi yanada ortadi, deb umid qilaman.

 

Gavhar ALIMOVA,

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator:

— Kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirish uchun mahalliy Kengashlarni kuchaytirishimiz kerak. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Mahalliy Kengashlar kuchaysa, islohotlar joylarda yanada natijador bo‘ladi.

Bundan buyon hududga aloqador ko‘plab masalalarni hal qilishda deputatlarning o‘rni hamda mavqei oshadi, Kengashlar joylardagi muammolarni hal qiladigan asosiy bo‘g‘inga aylanadi. Asosiy bo‘g‘in, deganda katta mazmun qamrab olinyapti.

Aytaylik, mahalliy Kengash majlis va sessiya o‘tkazsa, ijro hokimiyati organlari hisobotini eshitsa, undan real natija chiqishi kerak. Kamchiliklar soxta hisobotlar ortiga yashirinmasligi lozim. Bu masalada deputatlarning ham o‘ziga, ham hokimiyatga munosabati butunlay o‘zgarishi talab etiladi. Bu o‘zgarish ularning hokimiyat Kengashdan alohida organ va hisobdor ekanini his qilishdan boshlanadi.

Hududlarda uchrayotgan kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri deputatlarning ta’sir kuchi pastligida ko‘rinadi. Endilikda mahalliy Kengashlarning vakolat doirasi kengaytirilmoqda. Ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qator vakolatlar Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.

Mahalliy Kengashga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi. Bu yil – saylov yili. Qonunchiligimizga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tomonidan kutilayotgan vakolatlar ajratilishi masalasi amalga oshadi. Xususan, 2024 yilgi saylov yakunlari bo‘yicha dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, 2026 yildan esa tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishni boshlaydi. Demak, mahalliy Kengash deputatlari o‘z saylovchilarini qiynab turgan muammolar yuzasidan ijro organiga istihola qilmasdan murojaat qilish, so‘rash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Darhaqiqat, har qaysi mahalliy boshqaruv organlarining asosiy maqsadi mamlakatdagi islohotlar samarasining eng quyi pog‘onaga qadar yetib borishini ta’minlash sanaladi. Qolaversa, davlat taraqqiyotida o‘sish nuqtalarining qamrovi ham aynan mahalliy boshqaruvning nechog‘li samarali tashkil etilganiga bog‘liq.

Tizimda bo‘layotgan o‘zgarish va yangilanishlar vakolat va vazifalarning mahalliy vakillik organlari hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlanishiga asos bo‘ladi. Hisobdorlik va javobgarlik oshadi. Bu mas’uliyat, ishga yondashuv kuchayadi, degani.

 

Qayum SOBIROV,

Jomboy tumani hokimi:

— Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyamizda garchi hokimiyat qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tizimidan iborat, deya belgilangan bo‘lsa-da, bu tamoyil mahalliy darajada noto‘g‘ri ishladi. Ya’ni, bir shaxs ham birinchi, ham ikkinchi hokimiyatga rahbarlik qildi. Oqibat, aksariyat masalalarda Kengash tomonidan tashlanayotgan qadamlar bir kishining irodasiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Aslida bu demokratik prinsipning jiddiy buzilishi sanaladi. Kimgadir yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar, mahalliy Kengash o‘sha hududning eng yuqori organi bo‘lishi kerak. Uning oldida hokimlar ham hisobdor bo‘lishi shart.

Yana bir misol. Shu paytga qadar birorta korxonani tashkil etish uchun yer ajratish to‘g‘risida hokim qaror chiqargan. Lekin endi tartib bo‘yicha korxona va tashkilotlarni ochish uchun ajratiladigan yer maydonlari bevosita mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan muhokamaga qo‘yiladi va qaror qabul qilingandan keyin yer ajratiladi. Bu nima degani? Masalan, tumanda 30 nafar deputat bo‘ladigan bo‘lsa, 30 kishidan 30 xil fikr chiqadi. Muhokamalar jarayonida yer ajratilishi kerakmi yoki yo‘qmi, degan xulosaga kelinadi. Bu bir kishining xohish-irodasi emas, aholi ishonch bildirib saylaganlarning fikr-mulohazalari va qabul qilgan qarori bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy Kengashlardagi deputatlar yillar davomida ta’kidlab kelgan masala uzil-kesil hal bo‘ladi. Ijro organi vakillik organi bilan aralash tizimda faoliyat yuritmaydi. Ijro hokimiyati organi vakillik organiga hisobdor bo‘ladi va boshchilik qila olmaydi. Bu bizga nima beradi? Avvalo, demokratik tamoyillar asosida nazorat funksiyalarining rivojlanishiga olib keladi.

 

Boyovutda yaxshi tajriba bor

Esingizda bo‘lsa, bundan 2 yil oldin Boyovut tumanida bu masalada ham dadil, ham tarixiy qadam tashlangan edi. O‘shanda xalq deputatlari Kengashiga birinchi marta hokim rahbarlik qilmaydigan bo‘ldi. Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova xalq deputatlari Kengashi raisi maqomini deputatlarga topshirgandi. Bu mamlakatimiz tarixida xalq vakillari o‘tiradigan Kengashga hokim emas, deputat boshchilik qilayotgan birinchi holat edi. Tajriba nimani ko‘rsatdi? Tuman hokimi Dilfuza O‘rolova shu haqida bizga quyidagilarni gapirdi:

 

Dilfuza O‘ROLOVA

Boyovut tumani hokimi:

— Hozir tuman Kengashiga deputat Obloqul Isanov raislik qilyapti. Kengashga 2 ta xona ajratilgan. Ishlash uchun barcha sharoitlarni yaratib berganmiz. Zamonaviy kompyuter, texnikalar bilan ta’minlangan.

O‘tgan vaqt davomida men sessiyalarda tuman hokimi emas, deputat sifatida, xalq saylagan vakil sifatida ishtirok etdim. Birinchi sektor rahbari sifatida Kengash majlislarida sektorlar qatorida pastda o‘tirib, xolis hisobot topshiraman. Barcha deputatlar kabi o‘z fikr va mulohazalarimni, vaqti kelganda tanqidiy fikrlarimni aytayapman, kamchiliklarni ochiq-oydin tahlil qilyapmiz.

Chindan ham, o‘ylab qaralsa, hokim o‘zi hisobot beradigan organga rahbarlik qilishi biroz mantiqsizlik edi. Bu esa deputatlarning norma ijodkorligi, xalq vakilligi, deputat nazoratini amalga oshirishda tashqi bosimga uchrashiga olib kelishi mumkin edi. Shuningdek, ko‘p hollarda hokimlarning haqqoniy hisobot berishiga to‘sqinlik qilardi. Aytishimiz kerakki, bu deputatlarimizning jonlanishiga, o‘zini ko‘rsatib ishlashiga katta turtki bo‘ldi. Kamchiliklarimizni o‘z vaqtida bilib, ularni tuzatib borsak, xalqni ko‘proq rozi qilib ishlashimizga imkon bo‘ladi.

O‘shanda qabul qilgan bu tarixiy qarorimiz mas’uliyatimni, ishga yondashishni ikki hissa oshirishini chuqur his qilgan edim. Chunki oldimda mahalliy Kengashga hisob berishdek katta vazifa turibdi. Shunga yarasha harakat qilishim, deputatlarning barcha savollariga “mana natija”, deb javob berishim kerak edi-da. O‘tgan 2 yil davomida amaliy ishlarimiz salmog‘i ancha oshdi. Bu amaliyot yaxshi natija berayapti.

Tuman hokimi sifatida hisobot topshirganimda deputatlar ham, mahalliy Kengash raisi ham nazorat-tahlil natijalari bo‘yicha ko‘p savollar berishadi, muammolarni hamfikr bo‘lib, xolis ko‘rib chiqamiz, o‘tkir va asosli takliflar tayyorlaymiz.

Bizda sessiyalar bahs-munozara bilan o‘tadi, hech bir masala shunchaki, yuzaki muhokama etilmaydi. Chunki Kengash raisi juda qattiqqo‘l inson, muammoning ildiziga yetib borguncha qo‘ymaydi. Men hokim sifatida hisobot topshirganimda ham keskin savollar berishadi, shuni his qilib, har doim hisobotga yaxshiroq tayyorlanishga harakat qilaman, qishloq va mahallalardagi muammolarning ichiga kirib o‘rganamiz, ularni hal qilish choralarini ko‘ramiz.

 

Tolibjon MADUMAROV,

Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi:

— Davlat rahbarining tashabbusi bilan bosiqchma-bosqich xalqaro andozalarga mutlaq mos tizim yuzaga kelmoqda.

Vazifa va vakolatlar bo‘linishiga sabab ko‘p joylarda ko‘p narsalar eshitilmasdan, axboroti tahlil qilinmay qolib kelayotgan edi. Endi esa har bir hududdagi birinchi rahbarning shaxsan o‘zi Kengash oldida hisobdor bo‘ladi. Buning uchun mehnat, xohish, iroda va tashabbus kerak bo‘ladi.

Shu kungacha mahalliy Kengashlarga rahbarlik qilgan aksar hokimlar “men hokimman”, “men nazorat qilaman”, “bu mening ishim” degan qarash bilan ish olib borgan. Natijada ko‘plab masalalar hokimning “men javob beraman” degan vajlari bilan ko‘rilmasdan qolib ketardi. Ba’zi vaqtlarda “sen-menga” ham borilgan. Hokim Kengash rahbari bo‘lgani uchun ko‘p masalalar yashirib kelingan.

Mazkur holat davlat rahbarining e’tiboridan chetda qolmadi. Hokim Kengash raisligini qoyillatib qo‘ymayotgani, o‘zini ehtiyot qilayotgani va jazolantirmayotgani sababli mahalliy Kengash rahbari deputatlar orasidan saylanishi zarur degan qarash yuzaga keldi va joriy yil kuz oylarida ayni ushbu tizimga o‘tiladi. Ana shunda masalalar ochiq qolmaydi.

Ikkinchidan, mahalliy Kengashlarga mahalliy hokimliklar, hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hisobotlarini eshitishda mazmunan yaqin sohalarda o‘zaro takrorlanuvchi vazifalar yuklanganligi sababli ularni qayta ko‘rib chiqish, maqbullashtirish hamda tizimlashtirish zarurati mavjud edi.

Farmon bilan yillar davomida mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirilmoqda. Kengashlar oldida tegishli hududda faqatgina hokim, shuningdek, hududiy davlat organlarining birinchi rahbarlari hisobdorligi belgilanishi esa kelgusida ushbu rahbarlarning Kengash oldida ham siyosiy, ham professional mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yuqori palata raisi tashabbusi bilan yaxshi amaliyot yo‘lga qo‘yildi. Birinchisi, mahalliy Kengash deputatlaridan tashkil topgan doimiy komissiyalar Senatning yalpi majlislarida qatnashishiga ruxsat berildi.

Yaxshi tashabbuslarning yana biri endi har oyda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan seminar o‘tkazib berishga oid qo‘mitalarimiz o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Masalan, joylardagi sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy komissiyasi nimalarga e’tibor qaratishi, qanday ishlarni amalga oshirishi yuzasidan Senatdagi ayni qo‘mita bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Har oyda joylarga chiqilganida eshituvlarda, sessiyalarda ko‘tarilgan masalalar qanday hal bo‘lyapti, davlat dasturining ijrosi va yana qator yo‘nalishlardagi ijro intizomiga alohida e’tibor qaratiladi. Har chorakda esa Senat raisi doimiy komissiyalarning faoliyatiga oid axborotini eshitishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Yechilmay qolayotgan masalalarni Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritish amaliyoti tatbiq etilmoqda. Bu ham mahalliy Kengashlar rolini oshiradi.

Yana bir gap. Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi barcha Kengashlarni qamrab olishi imkonsiz. Shundan kelib chiqib, 14 hududdagi senatorlardan bir nafari komissiyaga biriktiriladi va navbati bilan Kengashlarga ko‘maklashadi. Ayni paytda doimiy ishlovchi va hududlardagi senatorlarning 17 nafari ushbu komissiya vazifasini bajaradi. Kotibiyatlar singari senatorning ham o‘z xonasi bor va u turli majlislar, qonunlarni qabul qilish jarayonlarida masofadan ishtirok etadi.

 

Gulnora MA’RUFOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi:

— To‘g‘risi, mahalliy Kengashlar va hokimiyatlarning vazifalari o‘rtasida bir-birini takrorlovchi jihatlari ko‘p edi. Bu esa joylardagi muammolarning vaqtida hal etilmasligi, yetarlicha e’tibor qaratilmasligiga olib kelardi. Bir odamning ikkita tizimga rahbarlik qilishi, birinchidan, apparat faoliyatini yuritishda qiyinchilik tug‘diradi, ikkinchidan, deputatlarning ishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Shu sababli, avvalo, hokimlik va mahalliy Kengashning qaysi biri nima ish qilishi bilan bog‘liq funksional vazifalarini aniqlab olish kerak. Menimcha, deputat xalqning holatini, talabini, ehtiyojini yaxshi bilishi zarur. Ana shu yuzasidan qayerdaki muammo bo‘lsa, uni doimiy komissiyada, sessiyada muhokama qilgan holda mahalliy hokimliklarga ijro uchun taqdim etadi.

Mana shu jihatdan deputatning qudratini qanday kuchaytirish kerak, degan savol turar edi. Davlat rahbari imzolagan farmonda esa ushbu masalalar ham qamrab olingan va aniq belgilab qo‘yilgan, ya’ni u jamoatchilikka tayanishi kerak.

Shu kungacha ijro organining hisobotini biror bir o‘rinbosari o‘qib eshittirar edi. Vaholanki, hokimning o‘zi hisobdor bo‘lishi deputatning mavqeini, hokimning esa professional malakasini oshiradi. Bundan tashqari, bu hisobdorlik deputatning xabardorligini ta’minlaydi. O‘rganish chog‘ida loyihalar yoki dasturlar nega bajarilmaganini aniqlash va uni bajarish choralarini ko‘rish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir masala. Prezident farmoni bilan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va manfaatdor vazirlik va idoralarga Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonunchilikdagi vakolatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Takliflarni ishlab chiqishda – jamiyat manfaatlariga bevosita daxl qiluvchi masalalarni hal etishga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning mas’ul ekanligi bilan birga, hokimliklarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi tashabbuskorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Kengashlarning o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi kafolatlanmoqda. Xususan, endilikda mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi ham qonunan mustahkamlanadi.

Odatda, davlat va jamiyat boshqaruvida biron yangilik joriy etilsa, uni qo‘llovchilar bilan birga, uncha xushlamaydiganlar ham topiladi. Lekin, hokimliklar va Kengashlar o‘rtasida vakolatlar muvozanatini yaratish, Kengashni kuchaytirish, hokimlarning tashabbuskorligini oshirish masalalari haqida so‘z ketganda, qo‘llovchilar juda ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Bu islohotlar o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani va muvaffaqiyat keltirishiga umidni oshirmoqda.

 

Qo‘sh sahifani “O‘zbekiston ovozi” muxbirlari

Zilola UBAYDULLAYEVA va

Laziza SHEROVA tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 14.02.2023, №6

 

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish