Maqsadga erishish yangi maqsadni yaratadi

 

Hech kimga sir emas, uzoq yillar davomida ongimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan “muammo” sifatida, “mehnatga layoqatsiz” va achinish hissi bilan qarashdek noto‘g‘ri dunyoqarash shakllangan edi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari oxirgi Parlament saylovlaridan so‘ng deputatlik korpusi orqali amalga oshirishni rejalashtirgan 12 qadamdan iborat asosiy dasturiy maqsadlarida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi, milliy qonunchilikni BMTning nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha me’yoriy qoidalariga muvofiqlashtirilishini belgilab olgandi.

 

Nega BMT Konvensiyasi asos qilib olinishi kerak?

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini yer yuzidagi nogironligi bor shaxslar Konstitutsiyasi, deb atash mumkin.

Konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari to‘g‘risidagi birinchi shartnoma hisoblanadi. U BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilinib, 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan.

Unda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yillar davomida olib borgan izlanishlaridan kelib chiqqan holda nogironlarga munosabat va yondashuvlarni o‘zgartirish maqsadi yotadi. Ya’ni, nogironlarga xayriya, tibbiy yordam va ijtimoiy himoyaning “obyekti” sifatida qarashdan ko‘ra, huquqlarga ega bo‘lgan, o‘z hayoti uchun qaror qabul qilishga qodir bo‘lgan “subyekt” sifatida qarashga qaratilgan hujjatdir.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida «nogironlik — tana funksiyalari buzilgan insonlar va infratuzilma bilan bog‘liq to‘siqlar orasidagi o‘zaro aloqa natijasida vujudga keladigan holat» deb ta’kidlanadi. Soddaroq qilib aytganda bu nafaqat inson tanasining nuqsonlari, balki ular erkin harakatlanishi uchun atrof-muhitning yetarlicha qulay emasligi oqibatida yuzaga keladigan jarayondir.

Hujjatning maqsadi 1-moddada aniq bayon etilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan iboratdir. Konvensiya foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Unda:

– nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma’muriy-tashkiliy va boshqa choralarni ko‘rish;

– nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish;

– barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish, Konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish kabi aniq me’yorlar belgilab qo‘yilgan.

BMTga a’zo 180 dan ortiq davlat ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Qonunchiligini shunga moslashtirgan. Bir so‘z bilan aytganda, BMTning har bir hujjati dunyo davlatlari o‘z qonunchiligini, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasini takomillashtirishda foydalanadigan andozadir. Shu o‘rinda O‘zbekistonda ham ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi va milliy qonunchiligimizning unga moslashtirilishi barchaga xalqaro hamjamiyat bilan doimo birga ekanimizni anglatadi.

 

Maqsadning dolzarbligi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliarddan ortiq odamda nogironlik qayd etilgan. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini nogironligi bor shaxslar tashkil etadi, degani. O‘zbekistonda ham shu toifadagi odamlar soni qariyb 1 millionga yaqin. Bu jami O‘zbekiston aholisining taxminan 2,5 foizini tashkil qilishini anglatadi.

Hammaga ma’lumki, yurtimizda har yili nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat budjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Maqsad esa ularni jamiyatning faol qatlamiga aylantirish uchun imkoniyat yaratishdir.

Shuning uchun O‘zbekistonda amalda “to‘siqsiz muhit” yaratilishi lozim. Sababi, “to‘siqsiz muhit” nogironligi bo‘lgan fuqarolarning jamiyatga integratsiyasini tezlashtirib, ularning iqtisodiy faolligini oshiradi.

Xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan har qanday davlat nogironlik singari ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratadi. Zero, mamlakatlarning xalqaro jamoatchilik oldidagi qiyofasi uning bugunini ko‘rsatuvchi va ertasini belgilovchi muhim omil hisoblanadi.

 

Real natijalar

2020 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlandi.

2021 yilda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun imzolandi.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining xalqaro norma va standartlarga moslashishi, ularni ijtimoiy himoya qilish uchun xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayishini, mamlakatimizning xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

2023 yil 27 fevralda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Jumladan:

– nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish,

– «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlash,

– 2023 yil 1 sentabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilish kabi muhim huquqiy kafolatlar, bepul ijtimoiy yordam va ularni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qiluvchi masalalar ko‘zda tutilgan.

 

Eng asosiysi – hali oldinda

Keltirilgan faktlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, kafolatlash, ularga teng imkoniyat yaratish bo‘yicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari yaratilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat olganini anglatadi.

Shu bilan birga, Konvensiya, qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilish vaziyat birdaniga tubdan o‘zgarib ketadi degani emas, albatta. Huquqiy asoslarni mustahkamlash birlamchi muhim qadam edi.

Oldinda eng murakkab jarayon ularga amal qilish, kundalik turmush va faoliyatda natijalarni ko‘paytirish vazifasi turibdi.

Xalq demokratik partiyasi keyingi dasturiy hujjatlarini ishlab chiqishda, maqsad belgilashda mazkur prinsipial masalaga alohida e’tibor qaratadi, keyingi zarur qadamlarga hozirlik ko‘radi.

 

Birgina misol

Nogironligi bor shaxslarning statistik ma’lumotlarini yuritish maqsadida 2018 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni statistik hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Qarorda nogironlikning qaysi sohalari bo‘yicha qanday tartibda statistika yuritish kerakligi aniq belgilangan.

Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari bildirishicha, statistik ma’lumotlarni yig‘ish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar bor. Xolisona statistika bo‘lmasa, aniq reja ishlab chiqib davlat dasturiga kiritish ham qiyin kechadi.

Nogironlik bo‘yicha statistik ma’lumotlarning to‘g‘ri yuritilishi ularga yo‘naltiriladigan ijtimoiy yordamning manzilli bo‘lishi, kafolatlangan xizmatlarning samaraliligini ta’minlashga katta yo‘l ochadi.

Demak, parlament va deputatlik nazorati o‘tkazish joiz bo‘lgan aniq bir hujjat ma’lum. Bunday hujjatlar va masalalar oz emas.

 

Asosiy missiya

Yaqin-yaqingacha jamiyatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamoatchilikdan uzoqroq tutish, qo‘shmaslik, ularga achinish hissi bilan qarash ustunroq bo‘ldi. Aslida bu haqiqatdan ko‘z yumish, o‘zimizni aldash edi. Ular jamiyatning bir bo‘lagi, ajralmas a’zosi, shuni tushunuvchilar va talab qiluvchilar ko‘payganda inklyuziv jamiyat shakllanadi.

Bir maqsadga erishish har doim boshqa maqsadga yo‘l va imkoniyat ochadi.

 

Ahmad QURBONOV tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 21.02.2023, №7

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish