Aholi salomatligi muhofaza qilinmoqda

 

Ma’lumki, aholi sog‘lig‘ini saqlash va muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilg‘or rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasiga ham eng zamonaviy, yuksak texnologiyalarni joriy etilishi natijasida ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini nafaqat markaziy shaharlarimizda, balki, eng olis hududlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ko‘pchilik yurtdoshlarimizning shifo topayotganligi hayotiy haqiqatdir.

Eng muhimi, birlamchi tibbiy xizmatni aholi istiqomat qiladigan chekka hududlarga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi sa’yi-harakatlar natijasida zarur bo‘lgan tez tibbiy yordamni o‘z vaqtida olish imkoniyatlari yaratilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, bunday ezgu ishlarga kamarbasta bo‘lish, nafaqat sohaga mas’ul tashkilotlar, balki siyosiy partiyalar va ularning deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi.

Ushbu maqsadlarda O‘zXDP Jizzax shahar kengashi partiya Deputatlik guruhi tomonidan “Aholi salomatligini muhofaza qilish – doimiy e’tiborimizda” shiori ostida Olmazor MFYda yangi foydalanishga topshirilgan 6-son oilaviy poliklinikada tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Jarayonda malakali mutaxassislar tomonidan 120 nafar katta yoshdagi fuqarolar va 80 nafar bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani holda ularga zarur bo‘lgan muolajalar amalga oshirilib, tegishli tavsiya va yo‘llanmalar berildi. Shu kunning o‘zida patronaj xizmati hamshiralari tomonidan 396 nafar fuqarolar qatnov yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazildi.

Tadbir davomida partiya deputatlik guruhi a’zosi M.Imomov tomonidan ishtirokchilarga aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, unda belgilangan muhim vazifalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida mazkur tibbiyot muassasasida faoliyat olib boruvchi bir guruh xodimlarga partiya a’zolik guvohnomalari topshirildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish