Endi barcha mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishga tushiriladi

 

Bugungi kunda ijtimoiy xizmat sohasi zamonaviy fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos instituti sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ijtimoiy xizmatlar sohasining institutsionallashuvi masalasi xorijiy davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyalarida ham o‘z aksini topmoqda. Prezidentimiz boshchiligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham O‘zbekiston ijtimoiy davlat sari dadil odimlayotganining yana bir amaldagi ifodasi bo‘ldi. Yig‘ilishda ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmatlar mahallagacha tushirilishi ham belgilab olindi. Xususan eng quvonarli jihati shundaki, mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqiladi. Albatta bu elektron platformaning yaratilishi ham xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsad yo‘lidagi qadamdir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan “Muruvvat” uylari va Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida ijtimoiy xizmatlarni mobil va kunduzgi qatnov shaklida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.

Ezgu maqsadlarning yana bir zanjiri sifatida kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi bor shaxslarga qaraydiganlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi. Buning natijasida esa yana 60 ming ehtiyojmand aholi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi, ularga qarayotgan 3 ming kishi o‘qitiladi.

Bugungi kunda respublikamizda nafaqa olayotgan, lekin mehnat qilib, daromad olish istagida bo‘lgan 660 ming aholi uchun zarur sharoitlar yaratilishidek keng imkoniyatlar, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi yaxshilanishiga xizmat qiladi, albatta bu quvonarli holat. Birgina raqamlashtirish hisobiga, o‘rnidan tura olmaydigan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz 2 ming nafar kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu O‘zbekistonda “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash, eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yish maqsad qilinganining ijobiy samarasidir.

 

O‘rol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish