Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masalalarning ayrimlari bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Xususan, birinchi o‘qishda ko‘rilgan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasidagi ba’zi me’yorlar savollarni yuzaga keltirdi.
Loyiha amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni bir-biriga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Jumladan, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasi ikkinchi qismida Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi mazkur kengashni tuzgan, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan olimlardan iborat bo‘lishi shartligi belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi qaroriga muvofiq, ushbu normani chiqarib tashlash taklif qilinmoqda.
— Bugungi kunda ilmiy ta’lim muassasalari ko‘paymoqda. Lekin ularning ayrimlarida ilmiy salohiyat yetarli bo‘lmagani sababli ixtisoslashgan kengashlar tuzish imkoniyati cheklangan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov. – Taklif etilayotgan me’yorlar bilan chetdan yaxshi ilmiy darajaga ega bo‘lgan olimlarni jalb qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu – juda ham yaxshi. Biroq unutmasligimiz kerakki, amaldagi tajribaning ham yaxshi jihatlari yo‘q emasdi. Masalan, qaysidir oliygoh yoki ilmiy muassasa mana shunday kengashlar tashkil qilish uchun o‘zlarining salohiyatini oshirib borishga, yetakchi bo‘lishga harakat qilar edi. Mazkur o‘zgartirishlar bilan shu jihati bo‘shashib qolmaydimi? Masalaning ikkinchi tomoni, bu cheklovning olib tashlanishi salbiy holatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni yaratib bermaydimi?
Javob:
— Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi bor. Unda ilmiy daraja va salohiyatning sifatini oshirish bo‘yicha muayyan maqsad-vazifalar belgilangan. Bilamizki, oxirgi yillarda ilmiy ishlar soni ko‘paydi. Lekin ularda olamshumul yangiliklar, turli gipotezalar bormi, degan masala turibdi. Ilmiy ishlarning sifatini yuqori, deb baholash qiyin. Loyihadan maqsad sifatga e’tibor qilish.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari ta’kidlashicha, taklif etilayotgan me’yor sifatning yanada pasayib ketishiga olib borishi ehtimoli bor. Chunki hamma bir-birini takrorlovchi kengashlarni ochishni boshlaydi. Natijada ular o‘rtasida kim ko‘proq ilmiy daraja berishi bo‘yicha o‘ziga xos poyga boshlanishi, oqibatda sifat pasayishi mumkin, degan fikr bildirdi. Amalda talablarga ko‘ra, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan a’zolar kengashdan chiqarilgan, sifatsiz ishlarni ilgari surishda, ovoz berishda tiyib turish tamoyillari qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, ilmiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunning vakolatli organi, ya’ni Oliy attestatsiya komissiyasining loyiha yuzasidan xulosasi so‘raldi. Biroq xulosa taqdim etilmadi. Fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.
“O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi.
Qonun loyihasining maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirishi uchun huquqiy asoslar yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihada taklif etilayotgan me’yorlar bo‘yicha deputatlarning takliflari, fikr-mulohazalari keyingi o‘qishgacha inobatga olinishi ta’kidlandi. Shundan so‘ng fraksiya a’zolari qonun loyihasi konsepsiyasini ma’qulladi.