Maqsad muhim, ijro undan ham

 

Donolar davlatni tirik organizmga qiyoslashadi. Davlatning har bir fuqaro manfaatlarini qamrab oluvchi umum maqsadi bo‘ladi.

Shu ma’noda, «O‘zbekiston–2030» strategiyasini maqsadga erishish yo‘lidagi katta maqsadga qiyoslash mumkin. Kuni kecha «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash» yili munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturini shu maqsad yo‘lida tashlanishi zarur bo‘lgan qadamga o‘xshatsak, mubolag‘asi yo‘q.

Keng jamoatchilik muhokamalarida sayqallangan Davlat dasturida qanday soha va yo‘nalishlar qamrab olindi?

 

Yoshlar ustuvorligi

Shu yil 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan «Yoshlar balansi» asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi belgilangan.

Bunda rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borishi ta’kidlangan.

Rahbarlarga o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablag‘larni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yo‘naltirishga ruxsat etilgan.

Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, 1 iyundan boshlab «Yosh tadbirkor» tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida «mahalla – tuman – viloyat – respublika» bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi.

Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratish, g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish kabi yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab maqsadlar dasturdan o‘rin olgan.

 

Insonni ulug‘lash

Dasturda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish yo‘nalishida ham bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, Sog‘liqni saqlash va Raqamli texnologiyalar vazirligi birgalikda 2024 yil 1 dekabrga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 17 tadan 24 taga yetkazish, buning doirasida fuqarolarning onkologik, kardiologik va endokrinologik skriningdan o‘tishi natijasi, ularni davolash uchun ajratiladigan pullar to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyatini yaratish yuklangan.

6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida yurak-qon tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash bo‘yicha profilaktik ko‘riklar tashkil etish yuklangan.

Joriy yil yakuniga qadar viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etish, 10 million nafar aholini ko‘plab sport turlari bo‘yicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish maqsad qilinmoqda.

 

Ta’lim bo‘yicha

Dasturda qo‘shimcha 1000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi joriy qilinib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida «Mening maktabim» loyihasi doirasida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5–11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanishi belgilangan.

 

Ijtimoiy himoya

Xalqaro maydondagi keskinlashgan siyosiy vaziyat, global iqlim o‘zgarishlari ijtimoiy himoya masalasini dunyo hamjamiyati kun tartibidagi dolzarb masalaga aylantirdi. Bu mazkur dasturda ham o‘z ifodasini topdi.

2024 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari bilan ta’minlashning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Shu yilning 1 sentabridan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning o‘zida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi pulni olish bilan bog‘liq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni belgilashda nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibini joriy etish ham ko‘zlangan.

Dasturda 2024 yil 1 dekabrdan boshlab, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, deyilgan.

 

Iqtisodiyot yo‘nalishi

Dasturning Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishida yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada bo‘lishi, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rilishi qayd etilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar bo‘lgan 309 ta yirik loyihani ishga tushirish, yillik inflatsiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha bo‘lishini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlariga 275 trillion so‘m kredit resurslarini yo‘naltirish, shu jumladan, 41 trillion so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan.

Diqqatni jamlab o‘ylab ko‘rsak, birgina yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada bo‘lishi ko‘zlangani marralar katta ekanidan dalolat.

Sababi, bugungi xalqaro maydondagi tang siyosiy va iqtisodiy vaziyatda ko‘plab davlatlarda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atini 5-6 foizga oshirish bir yoqda tursin, barqarorlikni saqlab qolish ham mushkul vazifa bo‘lib qolmoqda.

 

Ekologiyaga e’tibor asli himoyadir

Turli omillar ta’sirida ekologiya ayanchli holga kelmoqda. Tabiatni asrash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish har birimizning eng insoniy burchimizga aylanishi kerak.

Yurtimizda ekologiyani asrashga qaratilgan chora-tadbirlar yildan-yilga ko‘paymoqda. 2024 yilgi Davlat dasturida ham bu aks etmoqda.

Joriy yilda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo etish reja qilingan.

Qishloq xo‘jaligida ortiqcha suv sarfini kamaytirish uchun 2024 yil 1 martga qadar Davlat budjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500 milliard so‘m mablag‘lar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash belgilangan.

Bundan tashqari, o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etilmoqda.

Dasturda keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning takliflari ham hisobga olingan. Xususan, avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasini amalga oshirish mo‘ljallangan.

Keyingi yillarda mamlakat hayotiga daxldor muhim qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikri, xalq ishtirokini ta’minlash an’anaga aylanmoqda.

Davlat dasturi loyihasi shu yilning 1–15 fevral kunlari maxsus veb portallar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda xalq muhokamasidan o‘tkazildi. Keng jamoatchilik tomonidan loyiha bo‘yicha 30 mingdan ortiq taklif, fikr-mulohazalar bildirilgan.

Dastur bilan tanishib, unda joriy yil uchun ulkan marralar ko‘zlanganiga amin bo‘ldik. Maqsadlarning qanchalik amalga oshishi nafaqat davlat, jamoatchilikka ham bog‘liq. Dastur ishlab chiqilishida faol qatnashgan keng jamoatchilik endi uning ijrosini ham kuzatib, xabardor bo‘lib borishi muhim.

 

Ahmad QURBONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

«O‘zbekiston ovozi», 28.02.2023, №8

 

 

 

 

 

Teglar

Davlat dasturiga takliflar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish